Avstriyada koronavirusning “Janubiy Afrika shtammi” yirik o‘chog‘i aniqlandi

Jahon 23:26 / 09.02.2021 5560

Avstriya hukumati Tirol regionida koronavirusning “Janubiy Afrika shtammi” yirik o‘chog‘i aniqlanganini ma'lum qildi. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.

 Avstriya kansleri Sebastyan Kursning so‘zlariga ko‘ra, Tirolda ushbu turdagi virusni yuqtirish bilan bog‘liq 293ta holat qayd etilgan. 

 Hukumat odamlar mazkur hududni faqatgina koronavirusga topshirgan testi manfiy bo‘lgan holatdagina tark etishi mumkinligini bildirdi. 

18 dekabrda Janubiy Afrikada koronavirusning yangi va o‘ta yuqumli shtammi aniqlangandi. Keyinroq AstraZeneca kompaniyasining vaksinasi bu virusga qarshi samarasiz ekanligi ma'lum qilindi.

Kurs bu jihatga alohida e'tibor qaratdi.

 “Eng katta muammo shundaki, biz oladigan vaksinaning 50 foizga yaqini AstraZeneca kompaniyasi vaksinasi hisoblanadi. Shu sababli mazkur virus tarqalishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, eng kamida uning tarqalishini sekinlashtirishimiz lozim”, dedi u.

 Tirol Germaniya, Italiya va Shveytsariya bilan chegarada joylashgan ommabop tog‘-chang‘i turizmi hududi hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: