Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Yoqilg‘i-energiya resurslaridan yanada samarali va oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasi (ID-26429) jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazildi. Loyihaga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvargacha respublika hududlarida tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari hamda tabiiy gazdan foydalangan holda qurilish materiallari, jumladan, pishgan g‘isht, ohak va gips ishlab chiqarish korxonalari, issiqxona xo‘jaliklari qurilishiga yer uchastkalari ajratilishiga moratoriy e'lon qilinadi.
Savdo-sanoat palatasi xulosasiga ko‘ra, qaror loyihasidagi ushbu taklif yetkazib beriladigan tabiiy gaz resurslari cheklanganligi hamda aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obektlari va issiqlik ta'minoti korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish bilan asoslantirilgan bo‘lsa-da, aslida ushbu norma tabiiy gaz muammosiga yechim bo‘la olmaydi, aksincha, ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta'sir qiladi.
Shuningdek, SSP xulosasida «taklif etilayotgan tartib amalda avtotransport vositalari yoqilg‘isi, qurilish materiallari hamda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshib ketishiga, oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va qurilish materiallari eksporti pasayib ketishiga olib keladi. Shuningdek, aholi soni oshib borayotgan bir paytda bu normaning belgilanishi ishsizlik muammolarini keltirib chiqarish mumkinligi» aytilgan.
Ta'kidlanishicha, tadbirkorlik faoliyati uchun yer ajratish masalalari Yer kodeksi hamda prezident farmonlari bilan belgilangani bois, yuridik jihatdan quyi turuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan bunday cheklov joriy etilishi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga zid kelishi mumkin.
Savdo-sanoat palatasi issiqxona, qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar va avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari qurilishlari uchun yer ajratilishiga moratoriy e'lon qilinishini muammoga bir tomonlama o‘ylangan yechim, shu bilan birga, boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin deb hisoblamoqda.