Xorijiy valutadagi kreditlar ulushi 50 foizdan 45 foizga pasaytiriladi

Iqtisodiyot 19:40 / 08.02.2021 10397

Davlat dasturining bank tizimini isloh qilish, sohada raqobat muhitini yaratishga doir bo‘limida iqtisodiyotning xorijiy valutaga bog‘liqlik darajasini bosqichma-bosqich kamaytirish choralari ko‘rilishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, hujjatda valuta kreditlari ulushini 50 foizdan 45 foizga pasaytirish, banklarning aktivlari va majburiyatlarida xorijiy valutaning ulushini kamaytirish uchun pul-kredit va prudensial instrumentlarni qo‘llash belgilandi.

Shuningdek, banklar tomonidan tashqi kreditlarni jalb etishda ehtiyotkor siyosatni yuritish bo‘yicha choralar ko‘rish nazarda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilgi Oliy Majlisga murojaatnomasida valuta siyosatini erkinlashtirish bo‘yicha bir qator vazifalarni ilgari surgan edi.

«Kelgusi yilda milliy valutada chiqariladigan xalqaro obligatsiyalar ulushini hozirgi 25 foizdan kamida 40 foizga oshirish zarur. Shu bilan birga, banklararo valuta bozori «onlayn» platformaga o‘tkaziladi va tadbirkorlarga valutani bevosita bankning o‘zidan sotib olish uchun imkoniyat yaratiladi. Natijada tadbirkorlar valutani hozirgidek 4 kunda emas, yarim soatda sotib olishi mumkin bo‘ladi»,  degan edi davlat rahbari murojaatnomada.

Shuningdek, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 2021 yilda tadbirkorlar uchun valuta xaridi yanada osonlashishi kutilayotganini ta'kidlagan.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilda valuta kreditlari ulushi 5 foizga tushirilishi, mazkur ulushning kamida 2 milliard dollarga pasayishiga olib keladi. Bu esa milliy valuta zaiflashuvining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.  

Ko‘proq yangiliklar: