Parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi yalpi majlisida «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi va ma'qullandi.
Ma'lum qilinishicha, hujjat auditorlik faoliyatini tartibga solishning xalqaro me'yorlariga asoslanadi.
Xususan, qonunda:
- auditorlik faoliyatining litsenziyalanadigan faoliyat turlari tarkibidan chiqarilishi;
- auditorlik faoliyati faqat Auditning xalqaro standartlari asosida amalga oshirilishi;
- majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi zarur bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilishi;
- auditorlik tashkilotlarining ustav kapitali miqdoriga bo‘lgan talab bekor qilinishi hamda ulardagi auditorlarning eng kam soni kamida to‘rt nafar bo‘lishi;
- aynan bitta xo‘jalik yurituvchi sub'yektda auditorlik tekshiruvini ketma-ket yetti yilgacha o‘tkazishga ruxsat berilishi belgilandi.
Shuningdek, hujjatda «Tavakkalchilik-tahlili» asosida auditorlik tashkilotlari ishi sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazish va uning natijalarini vakolatli davlat organi va auditorlar respublika jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytida e'lon qilish nazarda tutilmoqda.
Ma'lumot uchun, «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan. 2000 yilda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, yangi tahriri tasdiqlangan.
Avvalroq, auditorlik faoliyatida qanday o‘zgarishlar kutilayotgani xabar qilingan edi.