O‘zbekiston hududida alohida hollarda tovar, ish va xizmat narxlari chet el valutasida amalga oshirilishiga ruxsat berildi

Iqtisodiyot 19:48 / 06.02.2021 9295

2021 yil 22 yanvardagi davlat-xususiy sheriklikni takomillashtirishga doir qonun bilan «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasiga o‘zgartirish kiritildi.

Bu haqda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Zokir Bozorov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, valuta to‘g‘risidagi qonundagi 9-moddaning eski tahririda respublikada tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlari chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan edi. Kiritilgan o‘zgartirish bilan mazkur jarayonda alohida holatlar inobatga olinishi ko‘zda tutilgan.

«O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Alohida hollarda, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomalari doirasida jalb etiladigan chet el investitsiyalari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida yo‘l qo‘yiladi» deyiladi yangilangan me'yorda.

Avvalroq, «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritilayotgani xabar qilingandi. Bu bilan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasida o‘z ixtiyorlaridagi obektlarni, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan chet el investorlari ishtirokidagi loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash va mavjud muammolarni bartaraf hal etish bo‘yicha choralar ko‘rish vakolatlari berilishi qayd etilgan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining «Valutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonuni 1993 yil 7 mayda qabul qilingan. 2019 yil 22 oktyabrda qonunga ayrim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: