2021 yilda soliq tizimida qator o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda

Iqtisodiyot 22:21 / 06.02.2021 27116

2021 yilgi davlat dasturida soliq tizimida bir qancha o‘zgarishlar bo‘lishi nazarda tutilgan.

Soliq tizimida kutilayotgan o‘zgarishlardan biri xalqaro standartlar asosida DSQning axborot komplekslari yagona elektron platformasini yaratish bo‘lib, unga 2,4 mln AQSh dollari ajratiladi. Platforma soliq tizimidagi barcha axborot komplekslarining yagona platformasi hisoblanadi.

Davlat dasturida haqiqatda qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini to‘lagan ishonchli soliq to‘lovchilarga tezlashtirilgan tartibda soliq summasini qaytarish ko‘zda tutilgan.

2021 yil 1 sentyabrgacha barcha xo‘jalik yuritish sub'yektlari to‘liq elektron hisobvaraq-fakturalariga o‘tadi, shu bilan birga onlayn nazorat kassa mashinalari bilan ta'minlanadi. Ushbu chora-tadbirlarga  2,4 mlrd. so‘m  ajratiladi.

Dasturda joriy yil 1 avgustgacha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik hamda jismoniy shaxslar to‘g‘risida yagona markazlashtirilgan axborot manbaini shakllantirish, “Soliq yuki kalkulyatori” interaktiv xizmat turini yaratish nazarda tutilgan. Loyihaga 1,5 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Soliq” mobil ilovasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun umumrespublika banklararo protsessing markazi (Uzcard) bilan hamkorlikda qo‘shimcha imkoniyat va xizmatlar yaratiladi.

Soliq ma'murchiligida yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblashda yangilik bo‘lishi kutilmoqda. 2021 yil 1 iyulgacha DSQ huzuridagi Kadastr agentligida markshreyderlik xizmati tashkil etiladi, noruda foydali qazilmalarni qazib oluvchidan iste'molchigacha bo‘lgan jarayonni monitoring qilib boruvchi dasturiy mahsulot (tizim) yaratiladi. Noruda qazilmalar hajmi to‘g‘risidagi ma'lumotlar soliq organlariga taqdim etiladi.

Yuqoridagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mablag‘lar Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armalaridan ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: