Rossiyadagi xorijliklarni vaqtinchalik saqlash markazida ushlab turilgan o‘zbekistonliklar vatanga qaytarildi

Jamiyat 20:35 / 04.02.2021 5019

4 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi IIV Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazidan 7 nafar o‘zbekistonlik Moskva – Toshkent yo‘nalishidagi charter reys orqali O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, xorijiy mamlakatda murakkab vaziyatga tushib qolgan ushbu fuqarolar O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda olib kelingan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari Rossiyadan qaytarilgan shaxslar bilan profilaktik tadbirlarni o‘tkazgan hamda ularga moddiy yordam pullari berilib, doimiy yashash manzillariga kuzatib qo‘yilgan.

Avvalroq, 23 yanvar kuni Rossiyadagi vaqtinchalik saqlash markazidan 13 nafar o‘zbekistonlik vatanga olib kelingan edi.

2019 yilning birinchi yarim yilligida Rossiya Federatsiyasining Xorijliklarni vaqtinchalik saqlash markazlarida bo‘lgan, hujjat va mablag‘larsiz qiyin ahvolda qolgan jami 719 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 5 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etilgan bo‘lib, jamg‘armaning asosiy vazifalaridan biri xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davomida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘larsiz qolgan, og‘ir moddiy ahvolga uchragan fuqarolarga huquqiy va ijtimoiy himoya, shuningdek, moddiy yordam ko‘rsatish hisoblanadi.

Bugunga kelib Rossiyaning 78ta mintaqasida mavjud Xorij fuqarolarini vaqtinchalik saqlash markazlarida migratsiya qonunchiligini buzgan xorijliklar sud qarori bilan ushlab turiladi. Maxsus «priyomnik»larda saqlanaëtganlar orasida o‘zbekistonliklar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: