O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi PQ-4913-sonli «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining 4-bandi bilan milliy haydovchilik guvohnomasini berish sohasida 2021 yil 1 apreldan boshlab nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqining berilishi, buning uchun litsenziya talab va shartlari sifatida tadbirkorlik sub'yektlari zamonaviy avtodromlar tashkil qilib, ularni avtomatlashtirgan transport vositalari bilan jihozlash choralarini ko‘rishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi TRANSKASB korxonalar uyushmasi yirik jamoat tashkiloti bo‘lib, respublikaning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan 130 ga yaqin ta'lim muassasalarini o‘z tizimiga birlashtirgan. Uyushma faoliyati tizimdagi ta'lim muassasalariga o‘quv-metodik, huquqiy va boshqa ko‘rinishdagi yordamlarni berish va ularni himoya qilish uchun tashkil qilingan. TRANSKASB korxonalar uyushmasi tarkibida o‘quv-metodik kengash muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Kengash tomonidan ishlab chiqarilgan «Barcha toifadagi avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash», «Haydovchilarning malakasini oshirish», «Test savollari to‘plami» kabi elektron o‘quv qo‘llanmalaridan nafaqat Uyushma tizimidagi, qolaversa respublikada faoliyat yuritayotgan boshqa ta'lim muassasalarida haydovchilarni tayyorlash va ularning mahoratini oshirishda samarali foydalanilmoqda.
Lekin, haydovchilarni tayyorlashdagi shu kunning dolzarb masalalaridan biri – boshlang‘ich amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun zamonaviy avtodrom va yopiq maydonlarning yetishmasligi. Ma'lumki, avtomobilni boshqarishni endi boshlayotgan o‘quvchi umumfoydalanishdagi yo‘llarga chiqishdan oldin yopiq maydonda boshqarishning dastlabki ko‘nikmalarini egallagan bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir ta'lim muassasasi avtodromga (yopiq maydon) ega bo‘lishi yoki undan ijara asosida foydalanishi kerak. Zamonaviy avtodromlarning yetishmasligi, borlarining esa yetarlicha jihozlanmaganligi haydovchilarni tayyorlash tizimiga salbiy ta'sir o‘tkazmay qolmaydi. Zamonaviy avtodrom deganda – yetarlicha maydonga ega, qattiq qoplama to‘shalgan, yo‘l belgilari va chiziqlari bilan jihozlangan, temir yo‘l kesishmalari va piyodalar o‘tish joyi tashkil qilingan, turli xildagi mashqlarni bajarish elementlari mavjud bo‘lgan, bir vaqtda bir nechta transport vositalari harakatlanishi mumkin bo‘lgan yopiq maydon tushuniladi. Afsuski, hozirda barcha talablarga javob beradigan avtodromlar sanoqli darajada. Avtomatlashtirilgan avtodromlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
TRANSKASB korxonalar uyushmasi tizimida Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan «BUXORO USTOZ HAYDOVCHI» mas'uliyati cheklangan jamiyatining inoq va tashabbuskor mehnat jamoasi yer maydoni olish, atrofini o‘rash, yerni tekislash, asfaltlash, yo‘l belgilari va svetoforlarni o‘rnatish, turli elementlar bilan jihozlash kabi mashaqqatli vazifani uddaladi. Eng muhimi, respublikada birinchilardan bo‘lib avtodromda bajariladigan amaliy mashg‘ulotlarni avtomatlashtirilgan tizim asosida olib borish yo‘lga qo‘yildi. Endilikda, amaliy boshqaruv instruktori ko‘magida ma'lum ko‘nikmalarni egallagan o‘quvchi, oraliq va yakuniy nazorat mashqlarini birovning yordamisiz, mustaqil ravishda bajara oladi.
O‘quvchining bajarayotgan mashqlarini, yo‘l qo‘ygan xatolarini avtomatlashtirilgan tizim nazorat qiladi. Agar, o‘quvchi mashqlarni noto‘g‘ri bajarsa, har bir xatolik uchun jarima ballari yozib boriladi va umumiy natija chiqariladi. Masalan, o‘quvchi avtomobilni joyidan qo‘zg‘atishda dvigatelni o‘chirib qo‘ysa kichik xato (1 ball), notekis qo‘zg‘alsa o‘rtacha xato (3 ball), xavfsizlik kamarini taqmasdan harakatlanishni boshlasa yoki burilish chirog‘ini yoqmasa jiddiy xatoga (5 ball) yo‘l qo‘ygan hisoblanadi. Aksincha, mashqlarni bajarishda xatoga yo‘l qo‘ymasa, nazorat mashqlarini ijobiy bajargan hisoblanadi. Qayd etish joizki, bu jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, mashg‘ulot inson omilisiz amalga oshiriladi, tashqaridan kimningdir aralashuvi cheklanadi. Bu esa o‘z navbatida, haydovchilikka nomzodda avtomobilni birovning ko‘rsatmalari orqali emas, mustaqil ravishda boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirishda ulkan imkoniyat yaratadi.
Ayni vaqtda TRANSKASB korxonalar uyushmasi va «BUXORO USTOZ HAYDOVCHI» MChJ tomonidan mazkur avtomatlashtirilgan avtodromni takomillashtirish, uni tizimdagi boshqa ta'lim muassasalarida ham tashkil etish va respublikaning boshqa ta'lim muassasalarida targ‘ib qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bilimdon va mahoratli haydovchilarni tayyorlash oxir-oqibat respublikamiz yo‘llarida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashda albatta o‘zining ijobiy natijalarini beradi.
P.S. Avtomatlashtirilgan (aqlli) avtodromlar Rossiya Federatsiyasi, qo‘shni davlatlar bo‘lmish – Qozog‘iston, Tojikiston respublikalarida allaqachon qurilib, ulardan samarali foydalanib kelinmoqda. Eng qizig‘i, qo‘shni Tojikistonda 5 ta avtomatlashtirilgan avtodrom mavjud bo‘lib, hozirda samarali faoliyat yuritmoqda.
Reklama huquqi asosida