Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev ayrim holatlarda «tez yordam» mashinasi murojaat kelib tushgan joyga kechikib borishi kuzatilishiga izoh berib, bunday holatlarga yo‘llarda «tez yordam» mashinasiga yo‘l berilmasligi, manzillar aniq ko‘rsatilmasligi, asossiz va yolg‘on chaqiriqlar uchrashini sabab sifatida keltirdi.
«Kutilmaganda ro‘y beradigan baxsiz hodisalar, favqulodda holatlar paytida yoki kasalliklar xuruj qilganda har qanday inson tez tibbiy yordamga muhtoj bo‘ladi. Mamlakatimizda bu yo‘nalishda shakllangan zamonaviy tibbiy yordam tizimi xalqimizga tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim omil bo‘lmoqda. Keyingi yillarda ushbu tizimning moddiy-texnik bazasi takomillashmoqda.
Shoshilinch va tez tibbiy yordamning tezkorligi, sifat va samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Biroq, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarga qaramay, sohada hali qator o‘ylantiradigan masalalar ham yo‘q emas. Masalan, ba'zi hollarda chaqiriq joyiga «tez yordam»ning kechikib borishi ana shunday masalalardan biridir.
Jumladan, 2020 yil davomida umumiy murojaatlarning 2,5 foizida chaqiriqqa kechikib kelish holatlari yuz bergan. Bu foiz o‘tgan yillardagi bu boradagi ko‘rsatkichlardan ancha past. Ammo shu o‘rinda, xo‘sh, «103» xizmati xodimlar va ixtisoslashgan avtotransport vositalari bilan to‘liq ta'minlangan bo‘lsa, unda nega ba'zi hollarda «tez yordam» kechikadi, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy.
Mutaxassislarning fikricha, bunga aksariyat holatlarda yo‘llarda «tez yordam» mashinasiga yo‘l berilmasligi, manzillar aniq ko‘rsatilmasligi, asossiz va yolg‘on chaqiriqlar bilan bog‘liq holatlar sabab bo‘lmoqda. Birgina 2020 yil davomida ushbu xizmatga 3 milliondan ortiq shoshilinch bo‘lmagan holatlardagi murojaatlar kelib tushgan.
Taraqqiy etgan xorijiy davlatlarda yo‘llarda «tez yordam» mashinalari uchun alohida yo‘laklar barpo etilgan. Bu yo‘llar doimo ochiq turadi. Shu bilan birga, «tez yordam»ga yo‘l bo‘shatib berish bo‘yicha haydovchilarda shaxsiy mas'uliyat juda yuqori.
Mamlakatimizda keyingi yillarda bunyodkorlik ishlari jarayonida bu masalalarga alohida e'tibor qaratilayotgani quvonarli hol, albatta. Ammo qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ham talaygina. Chunki, yo‘llarimizda «tez yordam» mashinasiga yo‘l bermaslik holatlari hali ham tez-tez uchramoqda. Qachonki, mashina chaqiruv signalini yoqsagina, yo‘l bo‘shatilishi mumkin.
Afsuski, chaqiruv signaliga parvo qilmaydiganlar ham yo‘q emas. Holbuki, bu hayotda hech bir inson tasodifiy baxsiz hodisalardan, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo yuz berishidan kafolatlanmagan.
Shunday ekan, o‘zining va o‘zgalarning sog‘lig‘i uchun hamisha e'tiborli va mas'uliyatli bo‘lish insoniylikning muhim qoidasidir», deydi Furqat Sanayev telegramdagi sahifasida.