Saytdagi ushbu bo‘limdan 2021 yil uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratilgan budjet mablag‘lari, ilmiy faoliyat, innovatsion ishlanmalar, amaliy tadqiqotlar, joriy yilda moliyalashtiriladigan ilmiy loyihalar va boshqalarga ajratiladigan mablag‘lar haqida ma'lumot olish mumkin.
Vazirlik matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzovaning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, «Budjet» sahifasi ochilishining sababi, avvalo, budjet xarajatlarining shaffofligini ta'minlash va jamoatchilikni bu borada xabardor qilish bo‘lsa, ikkinchi sababi - olimlar, tadqiqotchilar va ilmiy jamoatchilikni davlat dasturlari doirasida ilmiy loyihalar uchun grant mablag‘larining qanday taqsimlanayotganidan xabardor qilishdir.
Bildirilishicha, hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy loyihalarga mablag‘larni tanlov asosida ajratish amaliyotini yo‘lga qo‘ygan. Shu bois tanlovda kim g‘olib bo‘ldi, qaysi ilmiy jamoa qanday loyiha ustida ish olib bormoqda, degan savol tug‘iladi.
“Biz taqdim etgan ma'lumotlar aynan shu savollarga javob beradi. Shuningdek, mazkur hisobotlarimizdan muayyan ilmiy mavzuga qiziqqan, shu soha mutaxassisi bo‘lgan tadqiqotchilar o‘zlari qiziqqan mavzular bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarda ishtirok etish uchun kimga va qayerga murojaat qilishlari mumkinligi haqida ma'lumot oladilar”, - deydi u.