Vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova, mamlakatda faoliyat yuritayotgan bolalar onkologiya va gematologiya sohasidagi mutaxassislar, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda onkologiya hamda gematologiya xizmati sohasi, bolalar salomatligi borasida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
O‘zbekistonda Rossiyaning Dmitriy Rogachev nomli Bolalar gematologiya, onkologiya va immunologiyasi milliy tibbiy tadqiqot markazi, Germaniyaning Sharite klinikasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan va bolalarda o‘tkir limfoblast leykoz kasalligini davolash bo‘yicha Moskva-Berlin protokoli tatbiq etilmoqda.
Hozirda bolalardagi o‘tkir leykozlarda xalqaro davolash protokollari nafaqat Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida, balki viloyatlardagi davolash muassasalarida ham amalga oshirilmoqda. Sohani yetuk kadrlar bilan ta'minlash maqsadida o‘nlab mutaxassislar nufuzli xalqaro klinikalarda malaka oshirib qaytdi. Natijada, o‘tkir limfoblast leykozlarda 5 yillik yashash davomiyligi 75 foiz, o‘tkir miyeloblast leykozlarda — 45 foizni tashkil etmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 27 avgustdagi tegishli qaroriga asosan Bolalar milliy tibbiyot markazida umumlashtirilgan bolalar gematologiya-onkologiya bo‘limi tashkil etilib, u o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.
Mamlakatda har yili bolalar orasida xavfli gematologik va onkologik kasalliklarning aniqlanishi o‘rtacha 1100-1200taga teng. Tadbirda bolalar onkologiya va gematologiya sohasining xalqaro standartlarga mos darajada bo‘lishini ta'minlash maqsadida yo‘l xaritasini shakllantirish uchun ishchi guruh tashkil etildi. Uning tarkibiga bolalar onkologiyasi va gematologiyasi borasida yetakchi milliy ekspertlar, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari, “Ezgu amal” jamoatchilik fondi hamda “Zamin” xalqaro jamoatchilik fondi vakillari kiritildi.
Guruh a'zolarining oldiga respublikaning barcha hududlarida joylarga chiqib, holatni o‘rganish vazifasi qo‘yildi.