Shavkat Mirziyoyev yo‘qolib borayotgan urf-odatlar va ajrimlar haqida gapirdi

O‘zbekiston 16:22 / 20.01.2021 18738

«Keksa avlod vakillari yoshlarni mehnatga, o‘z uyini, ko‘chalar, guzar va maydonlarni ozoda tutishga o‘rgatardi. Bizda bu urf-odat edi. Endi ayrim odamlar hovlisini bolasiga emas, mardikorga tozalattiryapti.

Ko‘p qavatli uylarda qo‘shni qo‘shnisini tanimaydi. Bu holda bolalar mehnatni, odobni, ma'naviyatni, mehr-oqibatni kimdan o‘rganadi?

Ma'naviyatimiz uchun eng katta xavf – aksariyat odamlarimizdagi loqaydlik va beparvolik kuchayib boryapti», – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bolalar tarbiyasida mahallaning o‘rni kamayib borayotganini qayd etdi.

«Ilgari bir bolaga yetti mahalla ota-ona degan maqolga amal qilib yashardik. O‘g‘il-qizlarimizning axloq-odobi, o‘qishi uchun nafaqat ularning ota-onalari, avvalo mahalladagi nuroniylar, kayvoni keksalar, ziyolilar ham o‘zini mas'ul va javobgar deb bilardi.

Shuning uchun ham mahallalarimizda urush-janjal, bezorilik, ichkilikbozlik qilib yuradigan yoshlar, oilaviy ajrimlar kam bo‘lar edi. Ajrim bizga yot edi. Shunday mahallalar bor ediki, nuroniyning bir og‘iz gapi bilan hamma narsa hal bo‘lar edi.

Lekin hozir yengil-yelpi hayotga o‘tib oldik. Mana, ajrimlarning statistikasini ko‘ringlar. Bu nima degan gap? Qayoqqa boryapmiz?» – ta'kidladi u.

Ko‘proq yangiliklar: