«Eshitish katta ne'mat ekan» - eshitish qobiliyatini yo‘qotib, qayta topgan Ismoilning hikoyasi

O‘zbekiston 11:56 / 20.01.2021 12847

O‘zbekistonda hozirda 15 ming nafarga yaqin inson eshitish qobiliyatida tug‘ma yoki orttirilgan zaiflik bilan yashamoqda. Ular orasida bolalar ham anchagina.

«Zamin» fondi eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ta'limni rivojlantirish dasturini taqdim etdi. Loyiha doirasida jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan o‘quvchilarning eshitish qobiliyatini tiklash ustida ish olib boriladi. Har yili 30 nafar maktab yoshidagi bolaga implantatsiya uchun jarrohlik amaliyoti bepul o‘tkazib beriladi.

Ismoil Ravshanov

2020 yil iyun oyida boshlangan dastur hozirga qadar 36 nafar bolani tovushlar dunyosiga qaytardi – ularning eshitish qobiliyati tiklandi.

Maqolamiz qahramoni Ismoil Ravshanov ham shular sirasida. 6-sinfda o‘qiyotgan Ismoil 2020 yilning mart oyida zaharlanish oqibatida eshitish qobiliyatini yo‘qotgan edi.

Operatsiyadan oldin hech qanday tovushni eshitmasdim. Qulog‘im shig‘illab turaverardi. Bu juda ham og‘ir... Gapirishsa-yu, men eshitmay qolsam, juda ham xafa bo‘lardim. Bir o‘zim qolishni xohlardim. O‘zimga o‘zim savol berardim, endi qanday qilib o‘qiyman deb.

Keyin esa operatsiya qilishdi, qulog‘imga apparat qo‘yildi va men yana tovushlarni eshita boshladim. Shundan keyin juda ham xursand bo‘ldim. Endi hech qachon xafa bo‘lmayman, yig‘lamayman ham. Allohga hamd aytaman, alhamdulillah. Eshitish juda katta ne'mat ekan, men avval buning qadriga yetmagan ekanman. Hozir oldingi holatimga qaytdim, – deya o‘z xursandchiligini ifodalaydi Ismoil.

Ismoilning onasi Nozima Tojiboyeva o‘g‘lining operatsiyagacha va undan keyingi hayoti haqida gapirib berdi.

O‘tgan yilning 2 mart kuni o‘g‘limda zaharlanish kuzatildi. Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordik, lekin ular bu bizning kasal emas, deb qaytarib yuborishdi. Tahlillarni topshirgunimizga qadar holati yomonlasha boshladi. Boshqa kasalxonaga borguncha juda og‘ir ahvolda edi – yuragi to‘xtagan, qon bosimi tushib ketgandi. Avval reanimatsiyaga, keyin komaga tushib qoldi. Zahar qoniga o‘tib ketgan ekan. 8 kun komada yotdi. Oyoq-qo‘li ham ishlamasdi.

Komadan uyg‘ondi. Shifokorlar buni «Allohning mo‘jizasi, bemor uyg‘onadigan ahvoldamasdi», deyishdi. Allohga shukr, uyg‘onishi bilan aql-hushi joyida, oyoq qo‘li ishlab ketdi. Bo‘ynida traxeostomiyasi borligi hisobiga ovozi chiqmasdi. Gapirsam, yaxshi tushunmasdi, holsizligi tufayli yozib ham berolmasdi. 3–4 kundan keyin qo‘lidan ushlab yozdirdik – «eshitmayapman» deb yozib berdi. Hali ham vaziyatdan eng oson yo‘l bilan chiqdingizlar, deyishdi.

Karantin payti bo‘lgani uchun xorijdan shifokor olib kela olmadik, bitta bola uchun kelmas ekan. Qo‘limizdan hech narsa kelmasdi. Lekin zudlik bilan operatsiya qilish kerak edi. Keyin esa «Zamin» fondi eshitishida muammosi bo‘lganlar uchun implant o‘rnatib berishini, xorijdan shifokor kelishini aytishdi. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazdik. Amaliyotdan keyinoq o‘ziga ishonchi qayta boshladi. Men eshitarkanman, deb umid qila boshladi.

Ilgari esa uyga birov kelsa ham darrov ichkariga kirib ketardi. «Nega hamma eshityapsanmi, deyaveradi, eshitmayapman-ku baribir», deb xafa bo‘lardi. «Katta bo‘lganimda sizlarni boqishim kerak-ku, qanaqa qilib boqaman, opalarimdan xabar olishim kerak, nima bo‘ladi?», derdi. Sen faqat astoydil duo qilgin, hammamiz duo qilyapmiz, deb dalda berardik. Alloh farzandimni qaytarib berdi.

***

Ma'lumot uchun, eshitish qobiliyati yo‘qotilishining eng keng tarqalgan holati – ichki quloq chig‘anog‘ining shikastlanishidir. Hozirda bunday tashxis qo‘yilgan insonlarda reabilitatsiya va eshitish qobiliyatini tiklashning yagona usuli koxlear implantatsiya hisoblanadi.

Koxlear implant – eshitish qobiliyatini yo‘qotganlar uchun atrofdagi tovush va nutqni eshitish imkonini beruvchi elektron qurilmadir. U ikki qismdan iborat: ichki qism jarrohlik yo‘li bilan bemorning quloq ichiga o‘rnatiladi, protsessordan iborat tashqi qism esa bemorning qulog‘i yoki boshiga joylashtiriladi. Bu qurilma tovushni qabul qilib oladi va ularni bosh terisi orqali eshitish nerviga ta'sir etuvchi ichki qismga uzatadi.

Bundan tashqari, eshitish qobiliyatining konduktiv va aralash buzilishi holatida, ya'ni tovush tashqi quloqdan tabiiy ravishda ichki quloqqa o‘ta olmasa, suyak o‘tkazuvchanligini ta'minlab beruvchi implantlardan foydalaniladi.

«Zamin» fondi amalga oshirayotgan dastur doirasida eshitish qobiliyati zaif va kar bolalar ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari uchun koxlear va suyak o‘tkazuvchanligini ta'minlovchi implantlar o‘rnatish bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.

Davolash uch bosqichda bajariladi: bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib saralab olish, jarrohlik amaliyoti va amaliyotdan keyingi reabilitatsiya.

Ko‘proq yangiliklar: