Bayden AQSh prezidenti sifatida ilk marta nutq so‘zladi

Jahon 23:20 / 20.01.2021 12542

Dastlab u AQSh Oliy sudi raisi Jon Robers guvohligida  qasamyod qilgan: «Men, Jozef Robinet Bayden, tantanali ravishda Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti vazifalarini sidqidildan bajarishga va Amerika Qo‘shma Shtatlari Konstitutsiyasini qo‘limdan kelganicha saqlashga va himoya qilishga qasamyod qilaman. Va Xudo menga yordam beradi».

«Bu Amerikaning kuni. Bu demokratiya kuni», — degan Bayden o‘z nutqi avvalida. U yanvar oyi boshida Kapitoliyga qilingan hujumni eslagan va bu hodisa amerikacha demokratiya ahamiyatini ko‘rsatganini ta'kidlagan. «Biz yana bir bora demokratiya qanchalik qadrli ekanini bilib oldik. Bu soatlarda, mening do‘stlarim, demokratiya tantana qilmoqda», — degan Bayden.

O‘z nutqi davomida Bayden AQSh aholisi oqlar ustunligiga qarshi turishi kerakligini ta'kidlagan — u inauguratsiya marosimi vaqtida bu mavzuni tilga olgan ilk prezident bo‘lgani aytilmoqda.

Shuningdek, Bayden Donald Trampning to‘rt yillik prezidentligidan keyin yana birlashish vaqti kelganini aytgan. «Birlik — bu oldinga yo‘ldir», — deya qayd etgan u. Baydenning aytishicha, uning birlashish haqidagi ba'zi so‘zlari bema'ni xayollardek tuyulishi mumkin, ammo amerikaliklarni ikkiga ajratgan kuchlar haqiqatan mavjud.

Bayden koronavirus pandemiyasi mavzusiga ham to‘xtalgan. U amerikaliklar murakkab, «sinov davri»ni boshdan kechirayotganini ta'kidlagan. Prezident AQSh aholisi birdam bo‘lib, pandemiyani yengib o‘ta olishiga ishonch bildirgan.

Bayden 21 daqiqa davomida so‘zlagan. Taqqoslash uchun: Donald Trampning 2017 yildagi nutqi 17 daqiqa, Obamaning 2009 va 2013 yillardagi nutqlari 19 daqiqadan davom etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: