O‘zbekistonda iqtisodiy faollik va ishbilarmonlik kayfiyati indekslari ko‘tarilmoqda

O‘zbekiston 12:20 / 19.01.2021 3186

2020 yil dekabr oyida iqtisodiy faollik indeksi (IFI) 52,7ni tashkil etib, noyabr oyiga (51) nisbatan 1,7 birlikka, ishbilarmonlik kayfiyati indeksi (IKI) esa 60,1ni tashkil etib, (noyabr oyida 57,4) 2,7 birlikka oshgan. Bu haqda Markaziy bank tomonidan 2020 yil dekabr uchun e'lon qilingan Iqtisodiy faollik ko‘rsatkichi hisobotida ma'lumot berilgan.

«Iqtisodiy faollik indeksining oshishi, xizmatlar hamda savdo sohalarida tarmoq iqtisodiy faollik indekslarining noyabr oyiga nisbatan mos ravishda 4,7 (51,4dan dekabr oyida 56,1gacha) va 5,3 birlikka (52,9dan 58,2gacha) oshishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, dekabr oyi uchun o‘tkazilgan so‘rov natijalari sanoat va qurilish sohalarida iqtisodiy faollik birmuncha sustlashganligini ko‘rsatmoqda. Xususan, sanoat sohasida iqtisodiy faollik indeksi 0,8 birlikka va qurilish sohasida 1 birlikka pasaygan», – deyiladi hisobotda.

Shuningdek, tarmoqlar kesimida ishbilarmonlik kayfiyati indeksi qurilish sohasida birmuncha pasaygan bo‘lsa, sanoat, xizmatlar va savdo sohalarida oshgan. Bunda, dekabr oyida ishbilarmonlik kayfiyati indeksi noyabr oyiga nisbatan qurilish sohasida 1,6 birlikka pasaygan bo‘lsa, sanoat sohasida 2,3 birlikka, xizmatlar sohasida 5 birlikka, savdo sohasida 0,7 birlikka oshgan.

Sanoat sohasida Iqtisodiy faollik indeksi joriy yilning dekabr oyida 49,7ni tashkil etib, noyabr oyiga (50,5) nisbatan 0,8 birlikka pasaygan.

Bunda, mazkur indeks tarkibidagi ishlab chiqarish hajmi hamda ish o‘rinlari sonining o‘zgarishi bo‘yicha hisoblangan indekslar noyabr oyiga nisbatan mos ravishda 2,8 va 3,5 birlikka pasaygan bo‘lsa, mahsulotlarga buyurtmalar hamda xomashyo zaxiralari indekslari 0,6 va 2,4 birlikka oshgan. Sanoat tarmoqlari kesimida, iqtisodiy faollik indeksi oziq-ovqat sanoatida oshgan bo‘lsa, qurilish materiallari, tekstil, yog‘och, mebel, qog‘oz va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish sanoatlarida pasaygan. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining oshishi dekabr oyida ushbu tarmoq mahsulotlariga mavsumiy talabning oshishi bilan bog‘liq bo‘lsa, qurilish materiallari, tekstil, mebel va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish mavsumiy pasayishi bilan izohlanishi mumkin. Shu bilan birga, dekabr oyida ishlab chiqarish hajmlari kamayganligini qayd etgan respondentlarning 32 foizi talabning nisbatan pastligini, 24 foizi aylanma mablag‘lar tanqisligini, 14 foizi tabiiy gaz, 15 foizi elektr energiyasi va xomashyo ta'minoti bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ma'lum qilgan.

Shuningdek, dekabr oyi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalari sohadagi korxonalarning moliyaviy holati hamda aylanma mablag‘lar bilan ta'minlanganlik darajasi ham yaxshilanganligini ko‘rsatdi. Xususan, dekabr oyida korxonalarning moliyaviy holati hamda aylanma mablag‘lar bilan ta'minlanganlik holati indekslarining mos ravishda 0,9 va 0,8 birlikka oshishi kuzatildi.

Dekabr oyida qurilish ishlari sohasidagi iqtisodiy faollik indeksi noyabr oyiga (50,4) nisbatan birmuncha pasaygan bo‘lib, 49,4ni tashkil qildi.

Mazkur holat, dekabr oyida qurilish ishlari hajmining mavsumiy sekinlashishi natijasida buyurtmalar indeksining 47dan 41,7gacha kamaygani bilan izohlanishi mumkin.

Xizmatlar sohasida iqtisodiy faollik indeksining oshishi transport va umumiy ovqatlanish xizmatlari sohalarida indeksning mos ravishda 13,1 va 8 birlikka oshishi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, dekabr oyida xizmatlar sohasida ishbilarmonlik kayfiyati indeksi noyabr oyidagi 62,5dan 67,5gacha oshgan bo‘lib, indeks tarkibidagi xizmat ko‘rsatish hajmi indeksi 5,6 birlikka, ish o‘rinlari soni indeksi 3,8 birlikka va xizmatlarga talab indeksi 5,9 birlikka oshganligi kuzatildi.

Joriy yilning dekabr oyida savdo sohasida iqtisodiy faollik indeksining 52,9dan 58,2gacha yoki 5,3 birlikka oshishi kuzatildi.

Bunda, mahsulotlar sotuv hajmi indeksi 7,5 birlikka (54,7dan 62,2gacha) ish o‘rinlari soni indeksi 3,1 birlikka (51,2dan 54,3gacha) yaxshilangan bo‘lib, mazkur holat dekabr oyida savdo sohasining mavsumiy jadallashishi bilan izohlanadi.

Ko‘rsatkichni aniqlash uchun so‘rov Xalqaro iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) real sektor korxonalari bilan so‘rovlar o‘tkazish bo‘yicha metodologik tavsiyalariga asosan iqtisodiyotning sanoat, xizmat ko‘rsatish, qurilish ishlari hamda savdo sohasi korxonalari bilan o‘tkazilgan.

2020 yilning dekabr oyi uchun o‘tkazilgan so‘rovda respublikaning barcha hududlaridan 696ta korxona va tashkilotlar ishtirok etgan bo‘lib, ularning 359tasi (51,6 foizi) sanoat sohasida, 177tasi (25,4 foizi) xizmatlar sohasida, 82tasi (11,8 foizi) savdo sohasida hamda 78tasi (11,2 foizi) qurilish ishlari sohasida faoliyat yuritadi.

Ko‘proq yangiliklar: