Ekologik to‘lov - kimlardan qancha undiriladi? Mutaxassis izoh berdi

O‘zbekiston 17:42 / 16.01.2021 14578

Vazirlar Mahkamasining “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida iqtisodiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Unda qayd etilishicha, hozirgi kunda qattiq maishiy chiqindilar sohasini tartibga solishda bir qator kamchilik va muammoli masalalar, xususan, maishiy chiqindilarni dastlabki saralash (alohida saralab yig‘ish), ularni utilizatsiya qilish, qayta ishlash, zararsizlantirish va takror foydalanish, shuningdek, mazkur tadbirlarni moliyalashtirish kabi masalalar yuzaga kelgan.

Qaror asosida maishiy chiqindilar uchun ekologik yig‘im undirish amaliyoti joriy etiladi. Mazkur ekologik to‘lov aynan qaysi tovarlar uchun amal qiladi, kimlar uning to‘lovchilari hisoblanadi va qay tartibda yig‘iladi, o‘zi bu to‘lov uchun zarurat bormi kabi savollar bo‘lishi tabiiy. Shu va boshqa savollarga javob olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Anvar Jabborovni suhbatga tortdik.

Ekologik to‘lovni yig‘ish zarurati nimada?

Anvar Jabborovning ta'kidlashicha, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar chiqindilarni hosil qiluvchilar tomonidan qoplanishini ko‘zda tutuvchi, tegishli huquqiy va iqtisodiy asoslarni yaratish zaruratini belgilovchi “ifloslantiruvchi to‘laydi” prinsipini joriy etish prezident qarori bilan tasdiqlangan Strategiyaning asosiy prinsiplaridan biri hisoblanadi.

“Qattiq maishiy chiqindilarga oid ishlar bo‘yicha amaldagi tizimni o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi kunda ushbu sohani tartibga solishda bir qator kamchilik va muammolar yuzaga kelgan. Xususan, maishiy chiqindilarni dastlabki saralash (alohida saralab yig‘ish), ularni utilizatsiya qilish, qayta ishlash, zararsizlantirish va takror foydalanish, shuningdek, ularni moliyalashtirish kabi masalalar.

Bugungi kunda amaldagi tariflar faqatgina qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish uchun xizmatlar ko‘rsatishga hisoblab chiqilgan bo‘lib, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish bo‘yicha xarajatlarni qoplamaydi. Natijada, sanitariya jihatidan tozalash tashkilotlarida maishiy chiqindilarni saralash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash sohalarini rivojlantirish uchun aylanma mablag‘lar shakllanmay qolmoqda.

Shundan kelib chiqib, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini moliyalashtirishni tartibga soluvchi iqtisodiy mexanizmlarni takomillashtirishga zarurat paydo bo‘lmoqda”, — dedi Ekologiya qo‘mitasi mas'uli.

Ekologik yig‘imni kimlar to‘laydi?

Bizning bu haqdagi savolimizga Anvar Jabborov Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida belgilangan tovarlarni import qiluvchi va ishlab chiqaruvchilar ekologik to‘lovni to‘lovchilar bo‘lishini aytdi.

Ekologik yig‘imni to‘lovchilar maxsus belgilangan tovarlar ishlab chiqaruvchilar (1-jadval) va upakovkada import qiluvchilar (2-jadval) hisoblanadi.

Ekologik to‘lov qay tartibda undiriladi? Deylik, import qilib olib keladigan tadbirkor va mahalliy ishlab chiqaruvchi yoki xaridor zimmasiga tushadimi?

— Ekologik yig‘imni to‘lovchilar o‘zi hisoblab chiqarib (realizatsiya qilingan mahsulot yoki foydalanilgan upakovka hajmidan kelib chiqib) har chorakda to‘lab boradi va hisobot berib turadi.

Ekologik yig‘imni ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi to‘laydi va bu mahsulot tannarxiga kiradi. Bunda ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi o‘z xarajatlarini optimallashtirsa, yakuniy iste'molchiga ta'sir qilmasligi ham mumkin. Belgilanayotgan summa uncha katta hisoblanmaydi. Misol uchun, 1 ta ichimlik suvining plastik idishi (baklashka) uchun 18 so‘m.

— Ushbu qattiq maishiy chiqindilar nimasi bilan xavfli?

— Bugungi kunda respublikamizda ushbu turdagi xavfli maishiy chiqindilarni yig‘ish va maxsus qayta ishlashning markazlashgan tizimi mavjud emas.

Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning mavjud statistik tizimi o‘ziga xos xavfli maishiy chiqindilar, ya'ni ishlatib bo‘lingan moylar, eskirgan shinalar, muddatini o‘tagan akkumulyatorlar va batareykalar hamda simobli lampalar, shuningdek, qadoqlash vositalari oqimi bo‘yicha ma'lumotlarni aks ettirmaydi.

Ularga nisbatan ekologik yig‘imning joriy etilishi asosan xavfli, resurs qiymatiga ega ekani, utilizatsiya qilinishi lozimligi; yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va zararsizlantirish uchun alohida infratuzilma talab qilinishi, ko‘mib yuborish mumkin emasligi kabi omillar bilan izohlanadi.

U, shuningdek, ushbu turkumga kiruvchi tovarlar va ularning zararli ta'sirlari, oqibatlari haqida ma'lumot berdi.

— Masalan, ishlatib bo‘lingan (muddatini o‘tagan) batareyka va akkumulyatorlarni olaylik.

Ishlatib bo‘lingan batareyka chiqindilari asosan qattiq maishiy chiqindilarning umumiy oqimida yig‘ilib, chiqindi to‘plash joylariga yoki poligonlarga kelib tushmoqda.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, tashlab yuborilgan bir dona o‘rtacha soat batareykasi 20 m2 yerni og‘ir metallar bilan ifloslantirishi mumkin.

Batareykalar tarkibida ko‘p turdagi – simob, nikel, kadmiy, qo‘rg‘oshin, litiy, marganets va rux kabi tirik organizmlar, shu jumladan, inson organizmida to‘planish xususiyatiga ega bo‘lgan va jiddiy zarar yetkazadigan metallar mavjud.

Chiqindi qutilariga (konteynerlarga) beixtiyor tashlangan batareykalar qattiq maishiy chiqindilar bilan birga chiqindixona va poligonlarga olib ketiladi va u yerda yemirilish natijasida batareykalardan og‘ir metallar ajralib chiqib, yer osti suvlariga kirib boradi yoki yonish jarayonida ham faol tarzda, nafaqat tutun orqali, balki yomg‘ir suvlari orqali ham inson organizmiga kirib boruvchi dioksinlar deb ataluvchi toksik moddalar ajratib chiqaradi. Keyinchalik zanjir tarzida tuproq, suv va o‘simliklarga o‘tib boradi.

Shuningdek, ishlatib bo‘lingan avtomobil akkumulyatorlarini (qo‘rg‘oshinli) yig‘ishning nazoratga olinmagan (tartibga solinmagan) bozori mavjud. Bunda yig‘ib olingan akkumulyatorlar aksariyat holatlarda tabiatni, mehnatni va sog‘liqni muhofaza qilish qoidalari talablarini buzgan holda, qo‘lbola usullarda utilizatsiya qilinadi.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, batareyka va ularning birlamchi qismlarini import qilish yiliga o‘rtacha 65 mln donani (144 tn) tashkil etadi. Ularning foydalanish muddati qisqaligi inobatga olinsa (1 oydan 2 yilgacha), hosil bo‘ladigan chiqindilarning prognozi yiliga 70 tonna atrofida deb hisoblash mumkin.

Tarkibida simob bo‘lgan (lyuminessent) lampalardan ko‘p miqdorda foydalanilishi sababli, ular inson salomatligi va atrof-muhitga o‘ta xavfli hisoblanadi va shu bois ishlatib bo‘lingan, tarkibida simob bo‘lgan chiqindilar demerkurizatsiya qilishga ixtisoslashgan obektlarda zararsizlantirilishi lozim.

Hozirgi kunda respublikada 2 800dan ortiq chiqindi to‘plash shoxobchalari mavjud bo‘lib, ularning aksariyati ushbu turdagi chiqindilarni yig‘ish va vaqtinchalik saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus konteynerlar bilan jihozlanmagan.

Aholi tarkibida simob bo‘lgan chiqindilarning o‘z sog‘lig‘i va atrof-muhitga bo‘lgan yashirin xavfi to‘g‘risida yetarli tasavvurga ega emas (ko‘pincha odamlar ularni maishiy chiqindi konteynerlariga tashlab yuboradilar). Shunday qilib ushbu chiqindilar aholidan qattiq maishiy chiqindilarning umumiy oqimiga kelib tushadi.

Tarkibida 80 mg metall mavjud bo‘lgan simobli lampa sinishi oqibatida, diametri 0,01 sm bo‘lgan 11 mingdan ortiq, umumiy yuzasi 3,53 sm2 bo‘lgan simob sharchalari hosil bo‘ladi. Bunday miqdordagi simob to‘liq bug‘langanida 300 000 m3 hajmli binoning yo‘l qo‘yiladigan konsentratsiyasi darajasiga qadar ifloslantirish uchun yetarli hisoblanadi.

Tabiiyki, simobli lampalardan foydalanish jarayonida bug‘simon simobning bir qismi (ko‘p qismi) lampaning shishasi va lyuminoforiga singib ketadi, shunga qaramasdan, uning sezilarli qismi havoga tarqaladi.

Kombinatsiyalangan materialli qadoqlash idish (Tetra Pak) chiqindilari

Qattiq maishiy chiqindilardagi Tetra Pak bu – ikkilamchi xomashyoning muammoli turi bo‘lib, qayta ishlash sohasidagi eng qiyin va nomaqbul xomashyolardan biri hisoblanadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, kombinatsiyalangan materialli qadoqlash idish (Tetra Pak) chiqindilarining respublikada hosil bo‘lishining yillik miqdori taxminan 7 ming tonnani tashkil etadi.

Kombinatsiyalangan materialli qadoqlash idishlar (Tetra Pak) bir marta foydalaniladigan mahsulot hisoblanadi va bu turdagi qadoqlash mahsulotlari O‘zbekistonda deyarli qayta ishlanmaydi. Bundan tashqari, uning biologik parchalanishi 400-500 yilni tashkil etib, ushbu turdagi makulatura xomashyosini qayta ishlash muammosi dolzarb hisoblanadi.

Birinchi – texnik sabab. Shisha va PETF-idishlarni yuvish Tetra Pak paketlarini yuvishga nisbatan ancha oson. Bu esa Tetra Pak qadoqlash idishlarida turli qirra va burchaklar ko‘pligi bilan izohlanib, yuvish jarayonini, hattoki ichidagi suyuqlikni to‘kishni ham qiyinlashtiradi. Mahsulotning qadoqlash idishidagi suyuq qoldiqlari ayniy (chiriy) boshlaydi va yoqimsiz hid chiqarib, qog‘oz xomashyosi va boshqalarga chirituvchi mikroflorani tarqatadi.

Ikkinchi – texnologik sabab. Tetra Pak – ikkilamchi xomashyoning ko‘p kompozitli turi hisoblanib, uni namlash yo‘li bilan qayta ishlash usuli uchun ko‘p resurs talab etiladi (elektr energiyasi, suv va h.k.).

Uchinchi – Tetra Pak'ga talab bo‘lmaganligi sababli u resurs qiymatiga ega bo‘lmagan bir vaqtda, bunday chiqindilarni katta hajmda yig‘ib olish qiyin hisoblanadi.

— Bu kabi masalalarda xorij tajribasi bilan tanishmisiz?

— Yevropa Ittifoqi (YeI)ning “Chiqindilar to‘g‘risida” hamda “Qadoqlash

va qadoqlash chiqindilari to‘g‘risida”gi direktivalariga muvofiq YeIda mahsulotlarni yig‘ish, qayta ishlash va yakuniy utilizatsiya qilish majburiyatlarini mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchiga yuklovchi ishlab chiqaruvchining kengaytirilgan javobgarligi tamoyili joriy etilgan va shu yo‘sinda ishlab chiqaruvchi atrof-muhit uchun bezarar qadoqlash turlaridan foydalanishi rag‘batlantiriladi.

Ushbu tizimning tatbiq etilishi tajribasini Yevropa Ittifoqining ko‘pgina mamlakatlarida, shu jumladan, MDHning Rossiya, Belarus va Qozog‘iston kabi davlatlari misolida kuzatish mumkin.

Bunda tovar ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar ayrim tovarlar va qadoqlash idishlari o‘z foydalanish xususiyatini yo‘qotganidan so‘ng hosil bo‘ladigan chiqindilarini utilizatsiya qilishi va (yoki) qayta ishlanishini ta'minlashlari shart.

Buning uchun ishlab chiqaruvchilar yoki import qiluvchilar ushbu jarayonlarni tashkil etishni o‘z kuchlari bilan amalga oshirishlari yoki ushbu majburiyatlarni ixtisoslashtirilgan boshqa notijorat tashkilotlarga shartnoma asosida (to‘lov evaziga) topshirishi yoki ekologik yig‘im to‘lash orqali amalga oshirishlari lozim.

Belarus Respublikasining 2007 yil 20 iyulda qabul qilingan “Chiqindilarni boshqarish to‘g‘risida” 271-Z-sonli Qonuni bilan ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga mahsulotlarining iste'mol xususiyatlari yo‘qolganidan keyin hosil bo‘ladigan chiqindilari uchun ma'muriy, iqtisodiy va axborot javobgarligi belgilab qo‘yilgan.

Bunda, ishlab chiqaruvchining javobgarligi qaytarilgan mahsulotlar va ishlatib bo‘linganidan keyin hosil bo‘ladigan chiqindilarni qabul qilish, shuningdek, kelgusida ushbu chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.

Deyarli barcha Yevropa mamlakatlarida ishlatilgan qadoqlash mahsulotlarini yig‘ish, saralash, utilizatsiya qilishni moliyalashtirish notijorat tashkilotlar tomonidan sanoat ishlab chiqaruvchilari va qadoqlash mahsulotlari iste'molchilari, mahalliy hokimiyat va chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilishga ixtisoslashgan tashkilotlar bilan tegishli bitim tuzilgan holda amalga oshiriladi.

Germaniyada “Dual tizimi” deb ataluvchi tizim mavjud bo‘lib, uning mohiyati o‘zining qadoqlash mahsulotlarini majburiy qabul qilish va utilizatsiya qilish zaruratidan xalos etuvchi «Der Grune Punkt» (Yashil nuqta) savdo belgisidan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyani tadbirkorlarga sotishdan iboratdir.

Lisenziyani sotib olgan tashkilotlar o‘z mahsulotlarining qadoqlash idishlarini “Yashil nuqta” maxsus belgisi bilan markirovka qiladilar. Bunda qadoqlash mahsulotida bunday belgini ko‘rgan iste'molchilar ushbu idish yoki qadoqlash mahsuloti ishlatib bo‘linganidan so‘ng, albatta, utilizatsiya qilinishiga va bunda atrof-muhitga yetkaziladigan zarar minimal darajada bo‘lishiga ishonch hosil qiladilar.

Lisenziyaning narxi qadoqlash mahsuloti chiqindilarining materiali, turi va vazni hisobga olingan holda qayta ishlash xarajatlariga mos keladi

va korxonalarni qadoqlash va qadoqlash mahsulotlaridan foydalanish hajmini kamaytirgan holda utilizatsiya qilinishi oson bo‘lgan qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarishga undaydi.

Xulosa

Albatta, bu ishlarning amalga oshishi, avvalo, chiqindilar hosil bo‘lishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi va (yoki) ko‘milishining hajmi bo‘yicha aniq ma'lumotlarni shakllantirishga yordam beradi.

Qolaversa, bu chiqindixona va poligonlarga joylashtiriladigan chiqindilar miqdorining qisqarishiga hamda poligonlarning foydalanish muddatini uzaytirishga olib keladi.

Shuningdek, respublikada ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilishni ta'minlash, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning insonlar sog‘ligiga zararli ta'siri oldini olishga yordam beradi.

Yigitali Mahmudov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: