Huawei uyg‘urlarni aniqlash tizimiga patent olgani ma'lum bo‘ldi

Fan-texnika 16:35 / 15.01.2021 26353

Tegishli fayl AQShning yetakchi tadqiqot kompaniyalari tomonidan qo‘lga kiritilgan va BBC News’ga taqdim qilingan. Ilgariroq Huawei uning texnologiyalaridan hech biri etnik guruhlarni aniqlash uchun mo‘ljallanmaganini aytgan edi. Endi esa, patentni ro‘yxatdan o‘tkazyapti.

Majburiy mehnat lagerlari

Kompaniyaga bu hujjat Xitoy milliy intellektual mulk ma'muriyatidan (CNIPA) xitoy tilidagi hujjatdagi uyg‘urlarga berilgan havolani o‘chirib tashlashni so‘rashi uchun kerak.

Uyg‘urlar – Xitoyning shimoli-sharqidagi Shinjon provinsiyasida istiqomat qiluvchi, asosan musulmonlardan iborat bo‘lgan millat hisoblanadi.

Xitoy hukumati uyg‘urlarga qarshi yuqori texnologik kuzatuvlar olib borish va ularni farzandlar ota-onalaridan ajratiladigan majburiy mehnat lagerlariga jo‘natishda ayblab kelinmoqda. Rasmiy Pekin esa lagerlar ko‘ngilli ta'lim va malaka oshirish uchun tashkil qilinganini aytib keladi.

«Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligining videokuzatuv tarmoqlariga qo‘ygan texnik talablaridan biri – millatni, xususan, uyg‘urlarni aniqlash hisoblanadi. Dunyoda odamlar millatiga qarab kuzatilishi va ta'qib qilinishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat, Xitoyda esa uyg‘urlarning dastagi yo‘qligi uchun ular ko‘p jabhalarda qattiq diskriminatsiyaga uchrayotgani javobsiz qolib ketyapti», deydi Human Righs Watch vakili Maya Vang.

Tana harakatlari

Huawei patentni aslida 2018 yilning iyulida Xitoy Fanlar akademiyasi bilan birgalikda qo‘lga kiritgandi. Unda ko‘chada rasmi yo videosi olingan piyodalarning turli jihatlarini o‘rganuvchi sun'iy intellektdan foydalanish yo‘llari ko‘rsatilgandi. Unda diqqat tananing turli holatlarini aniqlashga beriladi. Masalan, kimdir o‘tiribdimi yoki turibdimi – aniqlikda aytib bera oladi. Ammo hujjatda shaxslarga e'tibor qaratilishi mumkin bo‘lgan atiributlar qatoriga «irq» degan kategoriya ham qo‘shilgan.

Kompaniya matbuot kotibi esa bu hisobga olinmasligi kerakligini aytgan.

«Huawei diskriminatsiyaning har qanday turiga qarshi, shu jumladan, etnik diskriminatsiya xarakteridagi texnologiyaga ham. Shaxslarning irqini aniqlash hech qachon izlanish va taraqqiyot loyihasining bir qismi bo‘lmagan.

Bu hech qachon amalda qo‘llanmasligi kerak va biz buni bartaraf etish yo‘lida faol ishtirok etamiz. Biz mehr va birdamlik bilan ishlab chiqiladigan va tatbiq qilinadigan yangi va rivojlanishdan to‘xtamaydigan texnologiya ustida ishlashni davom ettiramiz», degan u.

Maxfiy hujjat

Patent IPVM videokuzatuv tadqiqot guruhi tomonidan oshkor etildi. U avvalroq Huawei veb-saytida «maxfiy» hujjat deb belgilanib, «Uyg‘urni aniqlash» tizimi ustida ishlanayotganiga ishora qilingandi. O‘shada Huawei sahifa haqiqiy emasligi, sinov rejimida ekanini aytib, odamlarni millatiga qarab ajratib beradigan tizimlarni sotishdan bosh tortgandi.

Chorshanba kuni Britaniya parlamentining Tashqi ishlar qo‘mitasi rahbari va Konservativ partiyaning Xitoyni tadqiqot qilish guruhi boshlig‘i Tom Tyugendat BBC News’ga quyidagilarni so‘zlab berdi.

«Uyg‘ur millatiga qarshi shafqatsiz tazyiqni qo‘llab-quvvatlayotgan texnologik gigant bizga oddiy iste'molchi sifatida ham, jamiyat sifatida ham ularning mahsulotini sotib olayotganda va ular bilan ish qilayotganda ehtiyot bo‘lishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda.

Qatag‘on qiluvchi hukumat uchun millat aniqlovchi texnologiya yaratish bizning standartlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatdir», degan u.

Yuzdan tanish dasturi

IPVM, shuningdek, Xitoyning sun'iy intellektni dasturlovchi kompaniyasi Sensetime va suratdan tanish bo‘yicha mutaxassis Megvii tomonidan uyg‘ur millatiga mansublarni aniqlash bo‘yicha patentlarni ham oshkor qilgan. Sensetime’ning 2019 yildagi fayllariga ko‘ra, yuzdan tanib olish dasturidan xavfsizlik uchun «o‘rta yoshdagi ko‘zoynak taqqan yoki soqol qo‘ygan uyg‘ur»ni yoxud niqob taqqan uyg‘urni qidirishda samarali foydalanish mumkinligi aytilgan.

Sensetime matbuot kotibi bu juda afsuslanarli ekanini aytgan.

«Biz javobgarligimizning ahamiyatini tushunamiz. Shuning uchun ham 2019 yilning o‘rtalarida sun'iy intellektni ishlab chiqishdagi o‘z axloq qoidalarimizni ishlab chiqishni boshladik. Patent esa, kodeks ishlab chiqishdan avvalroq olingan», deydi u.

Millatni tanib oluvchi dasturlar

Megvii’ning 2019 yil iyunda qo‘lga kiritgan patentida ma'lumotlar bazasida yuzlarni tanishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni qayta ishlash yo‘llari ko‘rsatilgan.

Unda millatga ko‘ra tasniflash mumkinligi aytilgan. Masalan, xan (xitoy millatiga mansublar), uyg‘ur, xan emas, uyg‘ur emas va noma'lum.

Kompaniya BBC News’ga bergan axborotida «Megvii 2019 yil olgan patentdagi so‘zlar tushunmovchilikka sabab bo‘lgan. Megvii irqiy yoki etnik kelib chiqish bo‘yicha aniqlovchi dasturlar yaratmagan va yaratmaydi ham yoki sotmaydi. Megvii o‘tmishda tijoriy rivojlanishni maqsad qilganini hamda marketing, savdo va operatsion materiallarni nazorat qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganini tan oladi. Biz vaziyatni to‘g‘rilash ustida ishlayapmiz», dedi u.

Qiyofadan tanib olish modeli

IPVM, shuningdek, Xitoyning ikki texnologik konglomertlaridan bo‘lgan Alibaba va Baidu kompaniyalarining ham rasmdan tanib olish bo‘yicha patentlarini oshkor qildi. Faqat unda uyg‘ur degan nom emas, odamlarni etnik kelib chiqishidan ajratib olish zikr qilingan.

Alibaba’ning bunga javobi quyidagicha bo‘lgan: «Irqiy yoki etnik diskriminatsiya yoki tasniflash bizning siyosatimiz va qadriyatlarimizga ziddir. Biz hech qachon bizning texnologiya alohida etnik guruhlarga qarshi qaratilishini maqsad qilmaganmiz».

Baidu’ning reaksiyasi esa quyidagicha: «Patentga hujjat topshirilayotganda undagi so‘zlar texnik tushuntirish bo‘ladi. Binobarin, bu vaziyatda qiyofadan tanib olish modelini tavsiflashdan ko‘ra ko‘proq ixtironing qanday amalga oshirilishini taqdim etadi. Texnologiyalarimizdan alohida etnik guruhlarni ta'qib qilish yo‘lida foydalanishlariga hozir ham, kelajakda ham yo‘l qo‘ymaymiz».

Human Righs Watch hamon xavotirda.

«Xitoy politsiyasiga videokuzatuv dasturlari va tizimlarini sotuvchi har qanday kompaniya, hukumatning talablariga javob berishi shart. Talablar orasida esa millat bo‘yicha tanib olish sharti ham bor. Bu kompaniyalar hukumatga kuzatuv moslamalari, dasturlari va tizimlarini sotish hamda ularga xizmat ko‘rsatishni zudlik bilan to‘xtatishlari to‘g‘ri ish bo‘lardi», dedi Maya Vang.

Ko‘proq yangiliklar: