Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 31ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi

Jamiyat 21:00 / 13.01.2021 2024

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 2021 yilning o‘zida jami 327,6 mln dollar investitsiyani o‘zlashtirish rejalashtirilgan, shundan 215,0 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlardir. Yirik loyihalar, asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Farg‘ona, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlari hamda  Toshkent shahrida amalga oshiriladi.

Jumladan, eng yirik loyihalardan biri "Qizilqumsement" AJda amalga oshiriladi. Korxonada klinker ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 126 mln dollar bo‘lgan 4-liniya ishga tushiriladi. Natijada korxona yillik sement ishlab chiqarish quvvati 2,2 mln tonnaga ortib, jami 5.5 mln tonnaga yetkaziladi.

Navoiy viloyatida, shuningdek, "PETRAWOOL" MChJ tomonidan bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish (umumiy qiymati 18,2 mln dollar), Tomdi tumanida "Mega kvars" MChJda kvars qumini qazib olish va qayta ishlash (umumiy qiymati 3,9 mln  dollar) kabi loyihalar ishga tushadi.

 Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha yiliga 1 mln tonna sement ishlab chiqarish bo‘yicha "Qoraqalpoqsement" MChJ QKda qiymati 50 mln AQSh dollari bo‘lgan yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi, ya'ni korxonaning 3-bosqichi foydalanishga topshiriladi. Natijada sement  ishlab chiqarish quvvatlari 1,4 mln tonnaga yetadi va 100 dan ortiq yangi ish o‘rni barpo qilinadi.

Farg‘ona viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 5 loyihaga 50 mln dollar investitsiya jalb qilinishi kutilmoqda. Natijada, "Knauf Gips Farg‘ona" xorijiy korxonasida gipsokarton listlari, "Azamat savdo Ziyo" va "Ulugbek export trade" jamiyatida mix va burama mixlar, "Flat Tile" jamiyatida keramogranit va metallogranit, "Agro Impex Valley" jamiyatida metall konstruksiyalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent viloyatida ham ko‘plab investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti. Xususan, hududda joriy yilda quvvati 30 ming tonna bo‘lgan kvars qumidan mineral plitalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yangi korxona ishga tushiriladi. Shuningdek, linoleum, avtoklav gazobeton bloklari, olovbardosh g‘ishtlar, burama mixlar, asfalt va temir-beton buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar foydalanishga topshiriladi.

“Oriyent keramiks” jamiyati  tomonidan Toshkent shahrining Sergeli tumanida yiliga 9,0 mln kv.m. keramik plitalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yangi korxona barpo etilmoqda. Shuningdek, poytaxtdagi "ALMUS" jamiyatida ham 6,0 mln dollar investitsiya hisobiga yog‘och qirindi plitalarni laminatsiya qilish, "GRAND ROAD TASHKENT" jamiyati tomonidan tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlash orqali yiliga 80 ming kv.m. plital ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilyapti.

Albatta, ushbu investitsiya loyihalarini foydalanishga topshirish orqali sifatli, jahon standartlariga mos qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, qolaversa, qurilish materiallariga bo‘lgan ichki talab qoplanadi.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: