O‘zbekistonda hududlarning huquq ustuvorligi reytingi 7ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholanadi

O‘zbekiston 17:01 / 13.01.2021 1777

Hududlarning reytingi tegishli sohalar bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlarining statistikasi hamda respondent-aholi va respondent-ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra aniqlanadi. Hududlarning huquq ustuvorligi reytingi quyidagi 7ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholanadi:

  • qonun hujjatlariga rioya qilinishi;
  • fuqarolar huquq va erkinliklarining ta'minlanganligi;
  • odil sudlov va sud qarorlarining ijro etilishi;
  • huquq-tartibot o‘rnatilganligi va xavfsizlik ta'minlanganligi;
  • mahalliy ijro organlari faoliyatining samarali nazorat qilinishi;
  • korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi;
  • hokimiyat institutlarining shaffofligi.

Bu ko‘rsatkichlar “Huquq ustuvorligi” axborot tizimi orqali aniqlanadi. Ushbu tizimga Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi kabi 20 dan ortiq mas'ul tashkilotlar tomonidan har yili 1 fevralga qadar jami 111 ta mezon bo‘yicha statistik ma'lumotlar joylashtiriladi.

Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyevaning ma'lum qilishicha, har yili 1 martga qadar “Huquq ustuvorligi” axborot tizimi orqali 71 ta mezon bo‘yicha vazirlik tomonidan so‘rovlar o‘tkazilib, har bir mezon 100 balgacha bo‘lgan oraliqda baholanadi. Mazkur tartibda hududlarning huquq ustovorligi reytingi shakllantiriladi. Natijaning qanchalik ijobiy bo‘lishi mutasaddi tashkilotlar va hokimliklarning sa'y-harakati hamda qonunlarni hurmat qilishi va ularga rioya qilish darajasidan kelib chiqadi.

“So‘rovlar orqali olingan ma'lumotlar asosida har yili 1 mayga qadar Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi tuziladi hamda natijasi yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan har yili 15 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashiga axborotlar kiritiladi hamda ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilinadi.

Indeks bo‘yicha ma'lumotlar Oliy Majlis palatalari, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlarida muhokama qilinadi.

Sodda qilib aytganda qarorda belgilangan tartiblarning o‘rnatilishi bilan respublikadagi turli davlat organlari va tashkilotlarining ish faoliyatidagi nuqsonlar belgilangan mezonlar doirasida aniqlanadi. Ushbu kamchiliklarni aniqlashda xalqning o‘zi bevosita ishtirok etadi. Shu bilan birga aniqlangan kamchiliklarni hal qilish bo‘yicha zarur choralar belgilanadi”, deya Sevara O‘rinboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, Adliya vazirligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan birgalikda Hududlarning huquq ustuvorligi indeksidagi tegishli indikatorlarni tahlil qilib, ularning sabablarini o‘rganib boradi. Qarorda belgilangan tartib va tizimni ishlab chiqish, ishga tushurish,qo‘llab-quvvatlash hamda uning mavjud imkoniyatlarini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan alohida mablag‘ yo‘naltirilmagan. Bu xarajatlar 

Adliya vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armalari va xalqaro tashkilotlarning grant mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

“Har bir davlatdagi real muammolarni aniqlashda dunyodagi xalqaro indekslarning o‘rni salmoqli bo‘lib, ulardan biri – World Justice Project (WJP) tashkiloti tomonidan har yili e'lon qilib boriladigan Huquq ustuvorligi indeksi (Rule of law index) hisoblanadi. Mazkur indeks 2009 yildan boshlab World Justice Project tashkiloti tomonidan 8 ta indikator asosida 4 ta tamoyilga tayangan holda dunyo mamlakatlaridagi huquq ustuvorligini ta'minlanganlik darajasini aniqlash yuzasidan shakllantirilib kelinadi.

Davlatimiz ilk bor ushbu reytingga 2012 yilda kiritilgan bo‘lib, tashkilotning 2020 yildagi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi 128 ta davlat orasidan 92-o‘rinni egallagan. Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonning 8 ta indikatordan atigi 3 tasi, ya'ni hukumat ochiqligi, fundamental huquqlar hamda korrupsiyadan xolilik indikatorlari bo‘yicha ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan yaxshilangan. Aksincha, tartib va xavfsizlik indikatori bo‘yicha esa past ball berilgan.

Prezident qarori xalqaro indikatorlarda O‘zbekistonning ko‘rsatgichlarini yaxshilash, hududlarda huquq ustuvorligini ta'minlash va qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining ijrosini tashkil etish holatini o‘rganish, baholash va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqildi”, deydi Sevara O‘rinboyeva.

Ko‘proq yangiliklar: