Erdo‘g‘an Telegram’da kanal yurita boshladi

Jahon 09:08 / 13.01.2021 4905

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Telegram messenjerida o‘z kanalini ochdi. Erdo‘g‘anning kanali Telegram ma'muriyati tomonidan verifikatsiyadan o‘tib, rasmiy ekani tasdiqlandi hamda ilk 3,5 soat ichida 50 mingdan ko‘proq obunachi to‘pladi.

“Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Telegram’da! Bizning Telegram’dagi kanalimizga obuna bo‘lganingiz uchun rahmat. Yana bir platforma BIP’da ham kanalimiz ochildi”, deb yozgan Erdo‘g‘an o‘z kanalida.

Turkiya yetakchisi messenjerdagi ilk xabariga o‘z suratini ilova qilgan. Unda old fondagi mushuk ortida turgan Erdo‘g‘an tasvirlangan.  

Turkiyada ko‘plab foydalanuvchilar oxirgi kunlarda WhatsApp messenjeridan foydalanishdan voz kechishmoqda. Bunga esa messenjer 4 yanvarda o‘z maxfiylik qoidalarini o‘zgartirgani sabab hisoblanadi. Endilikda yangi qoidalarga ko‘ra, barcha foydalanuvchilar haqidagi ma'lumotlar ularning nimani xush ko‘rishlari va odatlarini tahlil qilish uchun Facebook’ning reklama tizimiga beriladi.  

Jumladan, Erdo‘g‘an ma'muriyati ham 10 yanvarda shu sababga ko‘ra WhatsApp messenjeridan voz kecha boshlagan. 

Ta'kidlanishicha, shu sababga ko‘ra Turkiyada ko‘pchilik ommaviy ravishda Telegram va Turkiyaning yetakchi telekommunikatsiya kompaniyasi Turkcell’ning BIP messenjeridan foydalanishga o‘ta boshlagan. Jumladan, WhatsApp qoidalari yangilangandan keyin BIP 24 soat ichida 1 mlndan ko‘proq yangi foydalanuvchi jalb qila olgan. 

Bundan tashqari, turkiyaliklar WhatsApp’ning siyosatiga qarshi norozilik sifatida Twitter’da messenjerni o‘chirishga chaqiruvchi #DeletingWhatsApp (WhatsApp’ni o‘chiramiz) xeshtegini ishga tushirishgan.  

Avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov oxirgi 72 soat ichida messenjerga yana 25 million foydalanuvchi qo‘shilgani va uning faol foydalanuvchilari soni 500 milliondan oshganini ma'lum qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: