«Bu bizning Tramp». Qirg‘iziston Sadir Japarovni sayladi va unga keng vakolatlar berdi

Jahon 23:04 / 12.01.2021 74141

Yakshanba kuni qirg‘izistonlik saylovchilar referendumda boshqaruvning prezidentlik shakli uchun ham ovoz berishdi - bu variantni saylovda qatnashganlarning 81 foizi qo‘llab-quvvatlashgan.

Namoyishlar vaqtida o‘z tarafdorlari tomonidan koloniyadan ozod qilingan Japarov (u davlat mulozimini garovga olish ishi bo‘yicha ishda ayblanib 11,5 yilga qamalgan) kutilmaganda avvaliga namoyishlar yetakchisiga aylandi, keyin bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.

Tahlilchilar u saylovlarda g‘alaba qozonishiga shubha qilishmayotgandi, so‘rovnomalar Japarov yaqqol favorit ekanini ko‘rsatgan, uning yaqin tarafdorlari amaldagi hukumatda muhim lavozimlarni egallashgandi.

Vashingtondagi milliy mudofaa universiteti tahlilchisi, professor Erika Maratning fikricha, 10 yanvar kungi saylovlarni legitim deb atash qiyin, bundan tashqari, saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan beri atigi ikki oy o‘tgan.

«Bu muddatidan oldingi saylovlar bo‘lgani va saylovlarning tayinlanishi protsessual jihatdan Konstitutsiya yoki qonunlarga to‘g‘ri kelmasligini hisobga olsak, buni shunchaki Japarov va uning tarafdorlari tomonidan uning prezidentligini qonuniylashtirishga bo‘lgan urinishning davomi deyish mumkin», deb hisoblaydi u.

Japarov - qirg‘izlarning Trampimi?
Japarovning mashhurlashishi va birdaniga hokimiyat tepasiga kelishi (u qamoqdan chiqishidan besh kun o‘tib bosh vazir kursisini egalladi) ko‘pchilik uchun syurpriz bo‘ldi, ammo uning jamoasidagilar uchun emas.

Tarafdorlari Japarovni ko‘p adolatsizliklarni boshdan kechirgan siyosatchi sifatida gavdalantirishdi. Qamoqda o‘tgan uch yil mobaynida Japarov chindan ham jiddiy sinovlarga duch keldi: avvaliga uni muvaffaqiyatsiz chiqqan suiqasddan keyin qonga belangan holda topishdi, keyin u qamoqdaligida otasi, onasi va o‘g‘li vafot etdi.

Bundan tashqari, tarafdorlari u mamlakatdagi yirik «Qumtor» oltin konini milliylashtirish talabini qo‘ygani uchun siyosiy ta'qibga uchraganini ta'kidlashadi. Qamoqxonadan yo‘llagan videomurojaatlarida u keskin mavzularda gapirar va amaldagi hukumatni ochiqchasiga tanqid qilardi. Natijada, uning hukumat tomonidan ezilgan jafokash qiyofasi yanada mustahkamlandi.

Japarovning tarafdorlari uni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan mitingda / AFP

«Birin-ketin xatolarga yo‘l qo‘ygan prezident va hukumat bilan taqqoslanganda qamoq kamerasi uning uchun o‘ziga xos kapsula vazifasini o‘tadi va bu vaziyatda u yutuqli pozitsiyada edi», deya qayd etadi siyosiy sharhlovchi Azim Azimov.

U ham boshqa ekspertlar kabi, Japarovning muvaffaqiyati fenomenini faqat Qirg‘iziston uchun xos bo‘lgan holat emas, balki hokimiyat institutlaridan hafsalasi pir bo‘lgan saylovchilar tomonidan kutilmagan tanlov amalga oshirilayotgan, butun dunyoda kuzatilayotgan trend deb hisoblaydi.

«Kimlardir hokimiyatning barcha institutlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi deb taxmin qiladi, prezident bo‘lish esa qiyin bo‘lmay qoldi. Buni istalgan odam qilishi mumkin, masalan, komik yoki tok-shou boshlovchisi yoki mahbus. Asosiysi, yaxshi yigit bo‘lsin», - deya izohlaydi Azimov.

Ilg‘or doiralarda Japarovni AQShning lavozimdan ketayotgan prezidenti Donald Tramp bilan taqqoslashmoqda, ayniqsa o‘tgan haftada uning tarafdorlari Kapitoliyni qamal qilishidan keyin. Professor Erika Marat ham bu hodisalar o‘rtasidagi o‘xshashliklarni keltirgan.

«Bir necha kun muqaddam AQShda Kapitoliyni qo‘lga olishga urinish sodir bo‘ldi, buni populistlar va avtokratlar aholining qashshoq va kam ta'lim ko‘rgan qatlamiga mansub bo‘lgan tarafdorlarini manipulyatsiya qilish orqali har qanday yo‘l bilan hokimiyatni saqlab qolishga urinishining yaqqol misoli sifatida ko‘rish mumkin. AQShda ular hibsga olinishi va qonun bo‘yicha jazolanishi, Qirg‘izistonda esa butunlay boshqa ssenariy kechgani esa butunlay boshqa ish», deydi ekspert.

Shu bilan birga, Marat bunday siyosatchilarning hokimiyatga kelishida birdaniga kechagi dushman tarafiga o‘tgan holda lavozimini saqlab qolib, korrupsion yo‘llar bilan boyishda davom etuvchi nopok amaldorlarning qo‘li bo‘lishini qayd etgan.

«Qirg‘izistonda Jeenbekovning ko‘plab tarafdorlari bir necha kun ichida Japarov tomoniga o‘tib ketishdi va u bosh vazir bo‘lishi uchun ovoz berishdi», deydi Erika Marat.

Japarovning islohotlariga qarshi namoyishlarda asosan yoshlar ishtirok etmoqda / AFP

Albatta, Japarov siyosatda yangi nom emas. U faoliyatini 2005 yilda boshlagan, o‘shanda «Lola inqilobi»dan keyin o‘tkazilgan parlament saylovlarida mamlakat shimolidagi Tup tumanidan deputatlikka saylangan, keyin tezda sobiq prezident Kurmanbek Bakiyevga maslahatchi bo‘lgan va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha komissar lavozimini olgan.

2010 yildagi ommaviy namoyishlar va uning ortidan mamlakat janubida ro‘y bergan, 2 mingdan ortiq kishi o‘limiga sabab bo‘lgan etnik nizo vaqtida Japarov, o‘zining aytishi bo‘yicha, tinchlikparvar missiyalarda ishtirok etgan.

Panjara ortida o‘tirganida u ko‘p bora «Qirg‘izistondagi milliy ozchilik - bu faqat kvartirantlar» ekanini aytgan. Shu tufayli o‘zi shimollik bo‘lsa ham Japarov mamlakat janubida ham mashhurlikka erishdi.

Qirg‘izistonda hokimiyat qanday almashgan

Namoyishchilar Lola inqilobi vaqtida Askar Akayevning portretini toptashmoqda, 2005 yil / AFP

2005 yilda -  Lola inqilobi. Parlament saylovlarining rasmiy natijalaridan norozilik sifatida boshlangan namoyishlar mamlakatni 15 yilga yaqin vaqt davomida boshqarib kelgan prezident Askar Akayev lavozimdan chetlatilishi bilan yakunlanadi. Qirg‘izistonni Kurmanbek Bakiyev boshqara boshlaydi.

2010 yil - prezident Bakiyevga qarshi inqilob. Bishkek va mamlakatning boshqa shaharlaridagi ommaviy namoyishlar ishtirokchilari prezidentni avtoritarizmda ayblaydilar va mamlakatda og‘ir iqtisodiy vaziyat yuzaga kelganidan noroziliklarini bildiradilar. Hokimiyatga vaqtincha hukumat kelganidan keyin referendum o‘tkazilib, unda yangi konstitutsiya tasdiqlanadi: Qirg‘iziston qisman parlament respublikasiga aylanadi, prezident vakolati muddati 6 yil etib belgilanadi, bir kishi bir muddatdan ortiq prezidentlik qilishi taqiqlanadi. O‘tish davri prezidenti Roza Otunbayeva bo‘ladi.

2011 yil - Almazbek Atamboyev prezident bo‘ladi. Shu vaqtgacha bosh vazir bo‘lgan Atamboyev prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqadi. Atamboyevni siyosiy raqiblarini qatag‘on qilish va 2017 yilgi saylovlarda administrativ resurslardan foydalanishda ayblashadi.

2017 yil - prezidentlikka So‘ronboy Jeenbekov saylanadi. U hokimiyatga kelganidan ikki yil vaqt o‘tib Atamboyev daxlsizlik huquqidan mahrum qilinadi va korrupsiyada ayblanadi. 2020 yil yozida sobiq prezident 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Japarovning tarafdorlari va muxoliflari
Japarov o‘zining saylovoldi kampaniyasi vaqtida tez-tez milliy qadriyatlarga murojaat qildi, xususan konstitutsiyani qaytadan yozishni, yangi hokimiyat organi - prezident va parlamentni nazorat qiladigan xalq qurultoyi (an'anaviy parlament) tuzishni, shuningdek, asosiy qomusga xalq qadriyatlari to‘g‘risidagi bo‘lim kiritishni taklif etdi.

U yetakchisi bo‘lgan «Mekenchil» («Vatanparvar») partiyasi Qirg‘izistonning poytaxtdan boshqa hududlarida ko‘plab tarafdorlarini orttirgan, partiya vakillarini «haqiqiy vatanparvarlar» deb atashadi va ular uchrashuvlarga milliy liboslarda borishadi.

«U ishonish mumkin bo‘lgan yagona siyosatchi. Qolganlar faqat o‘z cho‘ntagini o‘ylaydi. U allaqachon o‘z yaqinlarini yo‘qotgan, unga boylik orttirish kerakmas. U odamlarga xizmat qilishga tayyor. Migrantlarga g‘amxo‘r, men o‘zim Rossiyada qurilishda ishlayman, qiynalaman. Buning barchasi mamlakatni talagan no‘noq prezidentlarimiz va deputatlarimiz tufayli. Japarov - unaqa emas», deydi 34 yoshli Mirbek.

Japarovning tarafdorlari orasida Rossiya va boshqa xorij mamlakatlarida ishlovchi mehnat muhojirlari ham talaygina. Turli baholarga ko‘ra, Rossiyaning o‘zida millionga yaqin qirg‘izistonlik ishlaydi. Qirg‘iz migrantlari Turkiya, Qozog‘iston, Koreya, AQSh va dunyoning boshqa mamlakatlarida ham uchraydi. Ularning ko‘pchiligi vatanida yaxshi ish topa olmagani uchun chetga ketishga majbur bo‘lgan.

Bishkekdagi namoyishlar vaqtida Japarov tarafdorlari «Oxirigacha!» shiori bilan harakatlanishdi. Hukumat uyi atrofidagi namoyishlar qariyb bir hafta davom etdi, «Japarov xon bo‘lmaguncha» kurashishni davom ettirishni va'da qilgan namoyishchilar u avvaliga parlamentariylar tomonidan bosh vazirlikka saylanishiga, keyin prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchiga aylanishiga erishishdi.

Japarovning muxoliflari esa uni «xonlik» ambitsiyalarida ayblashadi. Ular asosan Bishkekda yashovchi ilg‘or fikrli yoshlar bo‘lib, ular avval korrupsiyaga qarshi namoyishlar o‘tkazishgan, keyin 5 oktyabr kungi parlament saylovlari natijalariga qarshi chiqishgan. Ular demokratik mamlakatda yashashni istashlarini aytishadi, korrupsiyaga va atrof-muhit muhofazasi uchun kurashadilar. So‘nggi 10 hafta mobaynida ular konstitutsion islohotlarga qarshi aksiyalar o‘tkazishdi.

Ammo Japarovning konstitutsion islohotlarini yoqlovchilarning ham o‘z argumentlari bor. Ular parlamentarizm va partiya ro‘yxatlari o‘n yil mobaynida ishonchni oqlamagani, o‘zini obro‘sizlantirgani, hech kim hech narsa uchun javob bermaganini aytishadi. Huquq faoli Eldor Shabdanovning aytishicha, prezidentlik boshqaruvi shaklida javobgarlik bir kishida bo‘lishini aytib o‘tgan.

«Kelinglar eslaymiz, so‘nggi 10 yil mobaynida go‘yoki parlamentar respublikada yashaganimizda bizda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Partiyalar fraksiyalar yetakchilari uchun biznesga aylandi, partiyalar ro‘yxati yuqorisida bo‘lish uchun yuz minglab dollarlar talab etilardi, lavozimlar fraksiyalar tomonidan bo‘lib olindi, natijada nafaqat o‘z boshliqlariga, balki fraksiyalar yetakchilariga ham bo‘ysunadigan amaldorlarga ega bo‘ldik», deydi u.

2013 yil. Japarov Qamchibek Tashiyev (Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining hozirgi boshlig‘i, chapda) va Talant Mamitov (2020 yil oktyabridan vaqtincha prezident) bilan birga sudda

Ijtimoiy tarmoqlarda Japarovning tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasida keskin kurashlar kechdi, izoh yozuvchilar bir-birlarini haqoratlashdan tiyilishmadi.

Tahlilchilarning fikricha, Japarovning tarafdorlari ijtimoiy tarmoqda axborot xuruji olib borish uchun maxsus odamlarni yollashgan. Xususan, Japarovni qo‘llab-quvvatlash uchun feysbukda ochilgan guruhlardan birida 166 ming kishi bor (qirg‘iz segmentidagi eng yirik siyosiy sahifa), uning prezidentligiga va referendumga qarshi guruh esa atigi 11 ming kishidan iborat.

Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi, politolog Aleksandra Filatovaning fikricha, Japarovning tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasidagi farqlarga qaramay, ikki toifada ham bir umumiy maqsad bor.

«Qonunga tayanayotganlar ham, qadriyatlarga rioya etishga chaqirayotganlar ham bir narsani - adolatni istaydi. Bugungi mavjud tizim esa buni ta'minlay olmaydi. Keyingi prezident qishloq hududlarda ham, shaharlarda ham taqchil bo‘lib qolgan adolatni ta'minlay oladimi? Bu eng muhim masala va hokimiyatda qolishning kafolati bo‘ladi», deb hisoblaydi u.

Ko‘proq yangiliklar: