Mahsulotlar tarkibidagi tuz, qand va yog‘ miqdori xavfsiz yoki zararli ekanini ko‘rsatuvchi belgilar bilan tamg‘alanadi 

O‘zbekiston 15:58 / 11.01.2021 1842

Oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi tuz, qand va yog‘ miqdori sog‘liq uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan tamg‘alanadi. Bu haqda aholining sog‘lom ovqatlanishi va jismoniy faolligini ta'minlash maqsadida qabul qilingan 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida aytib o‘tilgan.

Ushbu qaror asosida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish va har bir fuqaroda sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik madaniyati shakllantirib boriladi.

Qarorga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan tamg‘alash joriy qilinadi. Bu jarayon ikki bosqichda joriy etiladi. Birinchi bosqichda 2021 yil 1 iyuldan boshlab:

  • oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;
  • xavfsizlik belgisi bilan tamg‘alangan oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasi imtiyozli tariflar asosida tarqatiladi (joylashtiriladi);
  • ta'lim, sport va tibbiyot muassasalarida xavfsizlik belgisi bilan tamg‘alanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotishga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bunday mahsulotlarni realizatsiya qilish savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.

Ikkinchi bosqichda 2025 yil 1 yanvardan boshlab respublika hududida realizatsiya qilish uchun olib kiriladigan va mahalliy ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari ularning inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan majburiy tartibda tamg‘alanadi.

Bunda, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdorini hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlarining inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz yoki zararli ekanligini belgilash davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: