Qoidabuzarlikni xabar qilgan “terpila”mi? Bu borada yana bir fikr bildirildi

Jamiyat 19:35 / 09.01.2021 89830

Yo‘l harakati qoidalari buzilish holatlarini rasm yoki videoga olgan holda mas'ul idoralarga ma'lum qilish qanchalik to‘g‘ri? Bu masala ijtimoiy tarmoqlarda juda keng, qizg‘inlik va keskin fikrlar bildirilgan holda muhokama qilinayotgan muammolardan biridir. Bu muhokamalarga ayrim ahli ilmlar ham o‘z munosabatlarini bildirayotgani mavzuning naqadar jiddiy ekanligini anglatadi.

Azon.uz sayti asoschisi Mubashshir Ahmad yo‘l harakati qoidalari buzilishini rasm yoki video ko‘rinishida xabar qilish borasida o‘z qarashlarini bildirdi. Quyida uning bayonoti bilan tanishishingiz mumkin.

«Shar'iy siyosat - shariatda dalili yo‘q masalalarni hokim tomonidan jamiyatga manfaatni jalb qilish va zararni daf etishni o‘ylab joriy qilgan farmon yo hukmidir va unga rioya qilish vojib sanaladi.

Masalan, svetofor qoidalari, o‘q chiziqni bosmaslik va tezlikni oshirmaslik inson hayoti yo sog‘ligini saqlab qolish uchun joriy qilingan. Binobarin bu ishlar jamiyatga foyda keltiradi yo zararni daf qiladi.

Garchi bu qoidalar yangi paydo bo‘lgani uchun Qur'on va Sunnatda sarih va ravshan dalilga ega bo‘lmasa-da, ammo bu ikki manbadan olingan qoidalar ichida "manfaatni jalb qilish yoki zararni daf etish" ham mavjud bo‘lgani sababli, bu qoidalarga rioya qilish vojib bo‘ladi.

Endi ana shu qoidalarni buzganlarni mas'ul jihatlarga yetkazish mavzusiga kelsak, qadimda islom diyorida muhtasiblik va ihtisob ishlari joriy qilingan.

Muhtasibning vazifasi jumladan joriy hukm va qoidalar xalq tomonidan qanday bajarilayotganini nazorat qilishni va huquqi berilgan bo‘lsa hatto jazolashni o‘z ichiga olgan.

Binobarin hozirgi holatimizda yo‘l harakati qoidalariga rioya etmayotganlarni suratga olib, tegishli jihatlarga yuborayotgan kishilarni ana shu muhtasiblarga o‘xshatsak bo‘ladi.

Chunki ular itoat etilishi kerak bo‘lgan qoidabuzarliklar haqida xabar berishmoqda. Buni qonun chiqaruvchi jihat joriy qilgan va ularni bu ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Agar haqlari yo‘q va qonuniy bo‘lmagan ishlarni yetkazishsa, ya'ni shariatda buyurilmagan yoki hokim amr etmagan ishlarda ayg‘oqchilik qilishsa, u holda xoin deya atalishlari mumkin.

Mavzuni yaxshilab o‘rganmoqchi bo‘lganlar "Shar'iy siyosat" va "Hisba va muhtasiblik" mavzulariga murojaat qilsinlar», - deyiladi bayonotda.

Kun.uz muxbiri aholi va haydovchilar orasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan savolga javob olish maqsadida Mubashshir Ahmad bilan telefon orqali bog‘landi.

Mubashshir Ahmad

Yo‘l harakati qoidabuzarligini mas'ul idoralarga rasm yoki video ko‘rinishida xabar qilib, unga solinadigan jarimaning bir qismini olish orqali bu ishni tirikchilik manbai qilib olish mumkinmi? Shu ish joizmi?

Mubashshir Ahmadning ma'lum qilishicha, bugungi kunda Islom mamlakatlarida yo‘l qoidabuzarligini tasvirga olib mas'ul idoraga yuborganlarni qandaydir ko‘rinishda rag‘batlantirish amaliyoti bo‘lmagani bois, ularda aynan bu masala bo‘yicha aniq fatvo yo‘q.

«Ammo, ilgarigi davrlarda Hisba va muhtasiblik kabi masalalar hal qilingan bo‘lgan, ushbu ishlar bilan shug‘ullanuvchilar davlat tomonidan belgilangan maoshni olishgan.

Qiyos usuli bilan yondashilsa, bugungi kundagi keng muhokama qilinayotgan ishni muhtasiblikka o‘xshatsa bo‘ladi, nazarimda. Albatta, bu hozircha bilganlarim, bu mavzuni endi o‘rganishni boshladim va sahifamda o‘z xulosamni qoldirdim.

Biz kimgadir yoqmayapti, odamlar yomon ko‘ryapti, deya yozmasligimiz yoki bor narsani ma'lum qilmasligimiz noto‘g‘ri. Tarixda shunday kasb bo‘lgan, ular o‘sha vaqtdagi shariat qonunlariga rioya qilinishini kuzatib yurishgan, zid holatlarni ma'lum qilishgan va buning evaziga maosh ham olishgan», - dedi Mubashshir Ahmad.

Uning aytishicha, bu narsani tirikchilik manbai qilib olish qanchalik to‘g‘ri, degan savolga aniq bir javobni hozircha topmagan, mabodo manbalarda bu holatga aniq misol bo‘lmagan taqdirda, «Shar'iy siyosat» va «Hisba va muhtasiblik» mavzularini chuqur o‘rganib, Qiyos usuli orqali hal qilsa bo‘ladi.

Mubashshir Ahmad, shuningdek, bu mavzuning kishilar orasida bunchalik norozilik uyg‘otayotganiga doir fikrlarini ham bildirdi.

«Nazarimda, jarimalarning fuqarolar daromadlariga nomutanosib bo‘lgani keskin qarashlarga sabab bo‘lmoqda. Agar jarimalar adolatli bo‘lsa, ko‘pchilik yo‘llardagi qoidabuzarliklar barham topishi uchun ham bu ishni yoqlagan bo‘lardi», - dedi Mubashshir Ahmad.

Ko‘proq yangiliklar: