Intellektual mulk agentligi «Trimol» tovar belgisiga o‘xshash dori vositasini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarayotgan «Marrymed Pharm» MChJ masalasini o‘rganib chiqqan. Bunga Hindistonning «AJANTA PHARMA LIMITED» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi e'tirozi sabab bo‘lgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Agentlik murojaatga asosan holat bo‘yicha ishni o‘rganib, Ma'muriy sudga bayonnoma kiritdi. Natijada, «Marrymed Pharm» MChJga BHMning 3 baravari miqdorida, ya'ni 669 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.
«Aslida, qaroqchi tadbirkorlik faoliyatining oldini olish va bunga chek qo‘yish uchun BHM 3 baravari miqdorida jarima jazosi – yechim emas. Bu borada aholining huquqiy ongini oshirish hamda o‘zganing tovar belgisidan noqonuniy foydalangan tadbirkorlarga nisbatan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir», – deyiladi agentlik xabarida.
O‘tgan yili Intellektual mulk agentligining kuzatuvlari natijasida respublikadagi 616 ta dorixonada bozori chaqqon, aholiga yaxshi tanish bo‘lgan dori vositalarining nomlanishi va qadog‘i iste'molchilarni chalg‘itish darajasida juda o‘xshash bo‘lgan «Turmol», «Terlaflyu», «Mer teraflyus», «Kitonal gel», «Kitonal ampula», «Noshpen» hamda «Azimaks» kabi kontrafakt dorilar sotilayotgani aniqlangan.
Ma'lumot uchun, agentlik to‘g‘ridan to‘g‘ri tadbirkorlar faoliyatiga aralashib, kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarishiga taqiq qo‘ya olmaydi. Shu sababli fuqarolardan o‘z sog‘liklariga befarq bo‘lmaslikni, farmatsevtlar esa o‘z mahsulotlarining kontrafakt nusxasiga duch kelganda nohalol tadbirkorga nisbatan qonuniy chora ko‘rish kerakligi haqida Intellektual mulk agentligining (71) 232-50-54 ishonch telefonlari yoki telegramdagi @ima_monitoring_bot orqali murojaat qilishlari mumkin.