Isimayotgan va yorishmayotgan uylar: Farg‘onadagi muammolar ijtimoiy tarmoqlarda

Jamiyat 01:33 / 08.01.2021 16087

Mutasaddilar bilan bog‘lana olmayotgan fuqarolar o‘z dardlarini ijtimoiy tarmoqlarda yozib qoldirmoqda.

Kun.uz'ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri gaz va svet mavzusida Facebook'ning farg‘onalik foydalanuvchilari yozgan va ko‘p muhokama qilingan postlarni to‘pladi.

Qo‘qonlik Malika A'zamjonova o‘zining shaxsiy sahifasida shunday yozadi:

«Uyimiz salkam muzxona. Puf desak og‘zimizdan tutun chiqyapti. Yaxshi ham farzandlarim katta bo‘lib qolishgani, bo‘lmasa bag‘rimda, tanam issig‘ida katta qilarmidim? Ochig‘i, uy sovuq, ishxona sovuq. Tashqarini-ku, aytmay qo‘ya qolay. Hozirgi quriladigan ko‘p qavatli uylarga ham pechka yoqish uchun mo‘ljallab, mo‘ri joyi tashlab ketishsa bo‘lar ekan...»

Toshkent shahridan Farg‘onaga mehmonga kelgan, asli farg‘onalik shifokor Muazzam Ibrohimova gaz va svet idoralariga bog‘lanib bo‘lmasligiga to‘xtalgan:

«Ishonmasangiz, HETKning Farg‘ona viloyat bo‘limi saytida yozilgan telefonga qo‘ng‘iroq qiling. Avval chaqiradi, keyin «ojidaniye», keyin shart uzib qo‘yishadi, yana chaqiradi, yana kutasiz, yana uzib qo‘yishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa «liniya nosozligi uchun bu telefon bilan bog‘lanib bo‘lmaydi», degan javobni olasiz.

Rasmiy saytdan rahbariyatning telefon raqamlarini topishga urinib ko‘rdim. Qayda! Uchta mas'ul rahbarning qayerda tug‘ilib, qaysi maktab, institutni tugatgani, qayerda ishlab, kecha, bugun nima karomat ko‘rsatganigacha bor. Biroq, birortasining ish yoki qo‘l telefoni qayd etilmagan...»

Uchko‘priklik Sharifa Madrahimova oila a'zolari bilan vazirning uyiga ko‘chib borishini istehzo qildi:

«Kim edi elektr bilan gazning kattasi? Manzilini beringlar! To‘g‘risi, jondan o‘tdi hammasi. Na gaz bor, na elektr. O‘sha ikkala vazirning birorta uyida bolalarim, ota-onam, yaqinlarim, qishloqdoshlarim bilan qishni o‘tkazib kelardim».

Kun.uz saytining murojaatlar bo‘limiga ham ko‘tarilgan mavzu doirasida har kuni fuqarolardan ko‘plab shikoyatlar kelib tushadi. Bildirilgan arzlarning deyarli barchasi elektr energiyasi, tabiiy gaz yetishmasligi bo‘yicha.

Farg‘ona tumani, Ilg‘or mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Mukammal Qosimovaning bizga yuborgan ushbu murojaati e'tiborimizni tortdi: 

«To‘g‘risi, atrofimdagi voqealardan bo‘g‘ilib sizlarga yozyapman. Nega bizda hammasi oxirida yo muammo bo‘y ko‘rsatganda qilinadi? Qishda gaz quvurlari, elektr liniyalari tuzatilishi kerak bo‘lib qoladi. Yozda esa suv quvurlari. Nahotki shu narsalarni oldindan qilishning, mavsumga tayyorlanishning iloji yo‘q? Rahbarlar ham shu odamlarning ichidan chiqmaganmi?

Oqibat shu bo‘lyaptiki, xohlagan motor qo‘yib olyapti, boshqasi yana boshqa yo‘lini topyapti. Chunki odamlar gaz-svetdan muammo bo‘lsa, hech bir tashkilot yordam bermasligini tushunib qoldi.

Men Farg‘ona tumani Ilg‘or mahallasida yashayman. Bu yerda 1621 ta xonadonda 6500 dan ortiq aholi yashaydi. Mana bir oydirki, gaz past. Kunduzi o‘chadi, kechki oltilarda yonadi. Qishning sovuq kunlarida bu qanday hayot endi? Odamlar pechka yoqib uyini isityapti, tushunyapsizmi, ko‘p qavatli uyda. Namunaviy uyda. Namunaviy uy-joylar gaz-elektr bobida ham namuna bo‘lyapti».

Murojaatlar ko‘p. Odamlarda esa faqat bir istak – shu yil ham qishni oilam bilan eson-omon o‘tkazib olaylik-da, degan o‘y.

Fayzullo Sultonov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: