Unutilgan manzillar: Madiyarovul qishlog‘ida bir kun

Jamiyat 20:16 / 06.01.2021 27185

«Madiyarovul» mahallasi Namangan shahridan 90 km uzoqlikda, cho‘l hududlariga tutashib ketgan yerda joylashgan. Jiydakapa ko‘chasi mahalla markazidan 5 km ichkarida joylashgan bo‘lib, biz uyiga tashrif buyurgan Qobiljon Noryigitov ham o‘sha ko‘chada istiqomat qiladi. Bu ovulda 22ta xonadon mavjud. Asosiy tirikchiligi chorvachilik va dehqonchilikdan iborat bo‘lgan ovulliklar hayoti bilan yaqindan tanishdik.

Qobiljon Noryigitovning asli kasbi duradgorlik. Issiq kunlarda uy-joy qurish bilan shug‘ullanadi. Qish faslida qurilish ishlari kamaygan paytda ishsiz bo‘ladi. Hozirda uy ishlari, o‘tin yorish, chorvaga qarash bilan shug‘ullanadi.

Suhbat davomida u yoshligida maktabga 5 km masofadan piyoda qatnagani, hozirda ham ovulda yashovchi bolalar maktabga piyoda borib kelishi haqida aytdi. Undan tashqari, qishloq vrachlik punktiga, do‘konga, qo‘yingki, ehtiyoj uchun kerak bo‘lgan ko‘plab ishlar aynan ovuldan 5 km masofa uzoqlikda amalga oshiriladi. Uning ustiga ovulga hech qanday yo‘lovchi taksi qatnamaydi.

Bundan tashqari, shu masofadan har hafta tuman markazida bo‘ladigan bozorga borib kelinadi.

Mahallaga avval ham umuman gaz kelmagan. Hozir ham, asosan, o‘tin bilan kun kechirishadi.

Qobiljon aka bilan ovul bilan tanishish maqsadida ko‘chaga chiqdik. Yo‘lda suv tashib ketayotgan bolakaylarga ko‘zimiz tushdi. Mahalla ahlining aytishicha, ovulda suv muammo. Bir dona yaxshi tozalanmagan quduqdan suv tashishadi. Ba'zida ariqqa suv kelib qolsa, o‘shandan ham iste'mol qilishadi. Bu yerda yashovchilar bir dona bo‘lsa ham suv krani chiqarib berilsa, xursand bo‘lishardi.

Ovulni aylanar ekanmiz, har bir xonadonda kamida bir dona yoki ikki-uchtadan it borligiga guvoh bo‘ldik. Ovuldagi eng oxirgi xonadon egasi Shukurullo Turg‘unpo‘latov esa qushlarga, parrandalarga qiziqadi.

«Katagimda dakan, yapon tovuq, amerika tovug‘i, xashaki turlari bor. It boqishimizdan maqsad: ovulimiz cho‘lga tutashgan. Kechasi tulki, chiyabo‘ri hatto ba'zida bo‘rilar ham hayvonlarimizga hujum qilishi mumkin. Shu sabab itlar bizning qo‘riqchilarimiz», deydi u.

Ovulga tutash qum barxanlarini tasvirga olar ekanmiz, shu atrofda qo‘y boqib yurgan cho‘ponga ko‘zimiz tushdi. Yaqin borib, uning suhbatini oldik. Cho‘pon uzoq yillardan buyon shu ovulda yashaydi.

«O‘zimizda yo‘q narsani sotib olamiz, kartoshka, piyoz, sabzi, pomidor o‘zimizdan chiqadi. Sut, qatiq, qaymoq ham o‘zimizda yetarli», deydi u.

Kech kirar ekan, mahalla ahlining chorvasi daladan qaytishni boshlaydi. Keng dalada boqilgan, qish kuni bo‘lsa ham yerda o‘sib turgan o‘tni yeb sut beradigan sigirning suti boshqacha bo‘ladi. Cigir sog‘ish jarayonida ishtirok etdik.

Bugun biz kommunikatsiya tarmoqlari umuman bo‘lmagan, ichimlik suvi, gaz, yo‘l va boshqa ko‘plab muammolari bilan yashab kelayotgan insonlar bilan tanishdik. Balki ular uzoq yillar shu sharoitda yashagani uchun shu holga ko‘nikishgandir, lekin bu ovul ahlining ham yaxshi yashashga, bolalari maktabga qiynalmay borishga, yo‘li ravon bo‘lishiga haqlidir. Ta'birimiz bo‘yicha unutilgan ovulga mutasaddi rahbarlarni ham taklif qilib qolamiz.

Tohirjon Tursunov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: