Aksariyat holatlarda viloyatda yashovchi aholi poytaxtda istiqomat qiluvchilarga havas ko‘zi bilan qarashadi. Gaz, svet kabi muammolarning yo‘qligi, keng va ravon yo‘llar ularning havasini keltiradi.
Ammo Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan «Oltin vodiy» mahallasidagi ahvolni ko‘rganlar bu yerda yashovchilarga rahmi kelishi aniq.
Kun.uz tahririyatiga murojaat qilganlarning aytishicha, shu hududda olib borilayotgan ko‘prik qurilishi sabab tinimsiz qatnayotgan yuk mashinalari mahalladagi 2019 yilda asfalt qilingan ko‘chani yaroqsiz holga keltirib qo‘ymoqda.
«Ko‘prik tushayotganidan xursandmiz, bunga qarshiligimiz yo‘q. Lekin odamlar qatnaydigan yo‘l bunday yaroqsiz holatga keltirib qo‘yilishi yaxshi emas deb o‘ylaymiz. Bu yo‘ldan har kuni keksalarimiz masjidga, bolalarimiz maktabga boradi, poliklinikaga qatnaymiz.
Bu yo‘lning ahvolini ko‘rgan odam yig‘lab yuboradigan holatga keltirib qo‘yishdi. Qurilish mutasaddilari bilan gaplashishga harakat qildik. Gaplashishimiz qiyin bo‘ldi. Oxiri majbur bo‘ldik yo‘lni yopishga», deydi mahalla faoli Islom ota Parpiyev.
Ma'lum bo‘lishicha, o‘shanda qurilishdan chiqayotgan mashinalarni o‘tkazmaslik uchun ko‘chaning o‘rtasiga mashinalar qo‘yilib, yo‘l yopib qo‘yilgan. Tirbandlik hosil bo‘lgach, qurilishdan Rahimjon ismli yigit kelib ular bilan gaplashgan. Shundan so‘ng yo‘lni tozalashga, qurilishdan chiqayotgan mashinalarning ballonlarini yuvib chiqarishga va'da berishgan, ammo bu ish bir marta amalga oshirilgan, xolos.
Shu ko‘chada yashovchi Rahim ota Olimjonov yuk mashinalari qatnovidan uyining devorlari yorilib ketganini aytdi.
«Kimga shikoyat qilishni bilmayman. Yo‘lni tozalaymiz deyishadi, natijasi yo‘q – quruq gap hammasi. Har kuni tongda masjidga borayotib tepalikda yiqilaman. Chunki loyda sirg‘anchiq bo‘lib qolgan», deydi u.
To‘planganlar 2020 yilning noyabr oyidan beri shu ahvolda yashayotganliklari, ko‘cha botqoqqa aylanishidan tortib o‘tayotgan og‘ir yuk mashinalarining bosimidan ichimlik suvi quvurlari yorilib ketgani va bir necha kunlab suvsiz qolishganini ham ta'kidlashdi.
«Farzandlarimiz borligi, mahallaning ichidagi ko‘cha bo‘lgani sabab yo‘lga ogohlantiruvchi belgi qo‘yganmiz. Lekin shunga qaramay shunchalik tez o‘tishadiki, xuddi yer qimirlaganday bo‘ladi. Yaqinda yer qimirlabdi. Biz sezmadik, katta mashina o‘tyapti deb o‘rganib qolganmiz. Bolalarimiz juda qiynalishyapti, maktabga borguncha orqalarigacha loy bo‘lib ketadi», deydi Madina O‘rozova.
Sergeli tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Otamirza Rustamov bu murojaat mazmuni bilan tanishligi, bu ko‘chadagi loy markaziy ko‘chalarga ham chiqayotganini ta'kidlab, mas'ul shaxslar bilan bog‘lanishini ma'lum qildi. Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ham bu yerdan chiqayotgan mayda tosh va loyni bir kunda uch martalab supurishayotgan ekan.
Darhaqiqat, mahallaga yondosh hududda Toshkent kichik halqa yo‘li va Qipchoq ko‘chasini bog‘lovchi ko‘prik qurilishi boshlab yuborilgan. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 iyundagi 313-sonli qarori asosida qurilayotgan mazkur qurilish obekti «GRAND ROAD TASHKENT» MChJ tomonidan olib borilmoqda. Poytaxt ko‘chalarida tirbandlikni kamaytirish, aholining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida qilinayotgan bunyodkorlik ishlari tahsinga sazovor. Ammo bu aholi tinchini buzish, zarar yetkazish evaziga bo‘lmasligi kerak.
Internetdagi ochiq ma'lumotlarga ko‘ra ko‘prik qurilishini o‘z zimmasiga olgan «GRAND ROAD TASHKENT» mas'uliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi ulushining 37,30 foizi Toshkent shahar hokimligiga, qolgan 62,70 foiz ulush esa GRANDWAY IN kompaniyasiga tegishli. Firmaning ustav fondi miqdori 172 mlrd 783 mln so‘mdan oshiq, amalga oshiradigan faoliyat turi – muhandislik inshootlarini qurish hisoblanadi.
Biz ushbu qurilish tashkiloti mas'ullari bilan ham bog‘lanishga harakat qildik. Ammo ulardan intervyu olishning imkoni bo‘lmadi. Maqolani yozib tugatish arafasida ushbu tashkilot huquqshunosi Mashrabjon Yusupov tahririyat bilan telefon orqali bog‘lanib, mahalla ahli bilan gaplashishlarini va ularni norozi qilmasliklarini, ko‘chani tozalash ishlari muntazam yo‘lga qo‘yilishini aytdi. Bundan tashqari, agar mahalla ahli rasmiy ravishda murojaat qilishsa, asfalt va suv quvurlari masalasida yetkazilgan moddiy zararni ham to‘lashlari mumkinligini bildirib o‘tdi.
Aytilgan gaplar amalda bajarilishiga umid bildiramiz.