Bojxona plombalari «elektronlashadi»

Jamiyat 20:25 / 06.01.2021 1569

«Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona hududi bo‘ylab bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlar va transport vositalariga bojxona identifikatsiyalashining asosiy usuli - plombalar va muhrlar bosish qo‘llanadi.

Bojxona sohasiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari keng miqyosda joriy etilishi, xususan, «raqamli bojxona» tamoyili tatbiq etilayotgani tovar va transport vositalarini plombalashning an'anaviy usullarini ham yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Shu maqsadda sohaga yana bir innovatsion yangilik – elektron plombalarni qo‘llash amaliyoti kirib kelmoqda.

Bu nima degani? Sodda qilib aytganda, endilikda O‘zbekiston Respublikasining bojxona hududida harakatlanayotgan tovar va transport vositalarining sifatli bojxona nazoratini ta'minlash maqsadida elektron plombalar orqali ularning harakatlanishini bevosita kuzatish mumkin bo‘ladi.

Aytaylik, hozirga qadar ham ayrim hollarda «A» chegara-bojxona postidan kirib kelib, «B» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yetib borishi belgilangan yuk avtotransport vositasining haydovchisi yo‘l davomida qat'iy belgilangan yo‘nalishni o‘zgartirish, turli usullar bilan bojxona nazorati ostidagi yuklarni tushirib qoldirish va o‘rniga boshqa yuklarni yuklash kabi qonunbuzarlik holatlarini sodir etishga urinishi uchrab turadi.

Elektron plombalarning qo‘llanishi esa tovarlarning O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy ravishda kirib kelishining oldini olish va transport vositalarining to‘g‘ri harakatlanishini kuzatish imkonini beradi.

Ayni masala davlat rahbarining 2020 yil 5 iyundagi «Bojxona ma'muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-6005-son farmonida alohida nazarda tutilgan.

Farmon bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, elektron plombalar orqali O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga tovarlarning noqonuniy kirishining oldini olish hamda harakatlanayotgan tovar va transport vositalarining sifatli bojxona nazoratini ta'minlash bo‘yicha choralarni o‘z vaqtida ko‘rish imkonini beruvchi tovar va transport vositalarini kuzatish tizimi test rejimida joriy etiladi.

Mazkur Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida yaqinda Davlat bojxona qo‘mitasi mazkur tizimni joriy etish yuzasidan tanlov e'lon qildi», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: