Senator Tolibjon Madumarov - hokimlarni saylash va mahalliy deputatlarga maosh tayinlash haqida

O‘zbekiston 13:45 / 02.01.2021 23906

Kun.uz muxbiri mahalliy deputatlar faoliyatiga doir ayrim savollarga javob olish maqsadida Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlarining faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov bilan suhbatlashdi.

— Hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi sifatidagi maqomi bekor qilinib, hokimiyatning ikki bo‘g‘ini bir-biridan ajratiladimi?

— Bu masala muammo bo‘lib turibdi. Prezidentning parlamentga qo‘yayotgan talabi – biz baribir mahalliy kengashni ijro hokimiyatidan ajratamiz. Buning uchun bizga qo‘yilayotgan talab – bugun mahalliy kengashda ishlayotgan deputat talabga javob beroladigan darajaga yetishi kerak.

Bu borada ilk qadamlardan biri sifatida mahalliy kengashlarda kotibiyatlar tuzildi.

— Mahalliy deputatlar faoliyatini kuchaytirish uchun ularga maosh to‘lash, ularni professional faoliyat yuritadigan tizimga o‘tkazish kerak emasmikin?

— Hozirda mahalliy kengashlar jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. Endigina birinchi qadamni bosdik, 2018 yil shaxsan prezidentimizning tashabbuslari bilan Toshkent shahrida doimiy asosda ishlaydigan kengash kotibiyatini ochgan edik. Bu tizim qo‘l kelganidan keyin boshqa viloyatlardagi kengashlarda ham tashkil qiladigan bo‘ldik.

Endi, tumandagi 30ta deputatni birdaniga shtatli qilish masalasi ham bor. Butun respublika bo‘yicha mahalliy deputatlar soni 6570 nafar. 6570 nafar deputat bu – katta kuch. Ularni doimiy ishga o‘tkazgandan keyin ularga faqat oylik emas, ish sharoitlari ham yaratib berish kerak.

Gapning ochig‘i, 1991 yildan beri mahalliy deputatlardan jamoatchilik asosida foydalanib, ularga topshiriqlar berib kelindi.

— Hokimlarning xalq tomonidan saylanishi masalasi. Davlat rahbari: «Bir kunmas bir kun, hududdagi xalqning o‘zi hokimni saylaydi», deya ta'kidladi. Bu borada aniq rejalar bormi?

— Bugungi kunda oldimizda turgan birinchi qadamlardan biri aynan shu. Mahalliy kengash mahalliy ijro hokimiyatidan ajratilgach, qanday odam hokim bo‘ladi, degan savol yuzaga keladi.

Biz, parlamentning yuqori va quyi palatalari birgalikda, bu ikki bo‘g‘inni ajratish va mahalliy kengash raisini tayinlash masalalarini «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunga kiritish ustida Adliya vazirligi bilan birga ish olib boryapmiz.

Hokimni xalq saylashi bo‘yicha ham xorij tajribasini o‘rganmoqdamiz. Chunki xalqni boqadigan ham, himoya qiladigan ham, hududni rivojlantiradigan ham – hokim.

Suhbat davomida senator «snos»lar bo‘yicha savollarga ham javob berdi. To‘liq suhbatni Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling.

Abbos Salaydinov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov

Ko‘proq yangiliklar: