Rossiya Farg‘ona viloyatidan quruq meva importiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi

Iqtisodiyot 15:15 / 31.12.2020 10041

Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati («Rosselxoznadzor») 2021 yilning 1 yanvaridan O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan quruq mevalarni olib kirishga ruxsat berdi. O‘zdavkarantin saytida xabar qilinishicha, quritilgan mevalarni yetkazib berish fitosanitariya sertifikatlaridagi «qo‘shimcha deklaratsiya» qismida hamda mahsulot yorlig‘ida majburiy ravishda ishlab chiqaruvchining nomi va uning manzilini ko‘rsatish orqali amalga oshiriladi. Farg‘ona viloyatidan keltirilgan quritilgan mevalarning har bir partiyasiga dastlabki elektron bildirishnoma va mahsulotlarning fitosanitar xavfsizligini tasdiqlovchi laboratoriya sinovlari bayonnomalari ilova qilinadi.

«O‘zdavkarantin» hamda «Rosselxoznadzor» xizmatlari o‘rtasida olib borilgan muzokaralarning navbatdagi natijalariga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab Rossiya Federatsiyasiga Farg‘ona viloyatidan quritilgan mahsulotlar eksportiga ruxsat berildi. Mazkur kelishuvga qadar O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi markaziy apparati, o‘simliklar karantini ilmiy markazi hamda markaziy karantin laboratoriyasidan iborat ishchi guruh viloyatdagi fitosanitar holatni chuqur o‘rganib, taqiqqa sabab bo‘lgan kapr qo‘ng‘izi bilan bog‘liq tahlillarni olib borgan edi. 

Tadbirkorlar uchun mazkur yangilik barobarida, endi Rossiya Federatsiyasiga quritilgan mahsulotlarning eksport jarayonida qo‘shimcha talab kiritildi. Unga muvofiq, fitosanitariya sertifikatlarida majburiy ravishda «qo‘shimcha deklaratsiya» ustuni bo‘lib, unda mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonaning nomi va manzili, shuningdek, mahsulot markirovkasi ham ko‘rsatiladi.

Shu bilan birga, respublikaning Farg‘ona viloyatidan eksport qilinuvchi quritilgan meva mahsulotlarining har bir partiyasi uchun dastlabki elektron xabarnoma hamda mahsulotning fitosanitar xavfsizligini tasdiqlovchi laboratoriya tekshiruv xulosalari ilova qilinadi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha federal xizmati 7 dekabr kuni quritilgan o‘rik partiyasida xavfli zararkunanda — kapr qo‘ng‘izi aniqlangani sababli O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan barcha o‘simlik mahsulotlarini olib kirishga taqiq qo‘ygandi.

29 dekabr kuni «Rosselxoznadzor» Qashqadaryo va Navoiydagi korxonalarga pomidor eksport qilish huquqini tiklagani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: