Fotogalereya: Sinovlar, 2020 yil va O‘zbekiston

O‘zbekiston 19:02 / 31.12.2020 102198

Sinovlar bilan, koronavirus bilan, ofatlar bilan, kurashlar, shodlik va g‘amlar bilan o‘tgan 2020 yil ham oxirladi.

Faol jamoatchilikning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga befarq emasligi bilan, xolis va ezgu tashabbuslari bilan Yangi, Orzudagi O‘zbekiston uchun intilishi 2020 yilda ham davom etdi. Ayni paytda esa kelgusi yillar uchun tilagimiz shuki, goh g‘alaba, goh yutqiziqlar bilan borayotgan bu kurashlar izsiz ketmaydi, oxir-oqibatda yangi darajadagi evrilishlarga zamin bo‘la oladi.

Kun.uz ushbu tarixiy jarayonlarni 2020 yilning so‘nggi soatlarida suratlar vositasida yana bir bor esga oladi.

Parlament saylovidan so‘ng shakllantirilgan O‘zbekiston hukumati Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
2020 yil 22 yanvar. Toshkent / Foto: Kun.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriqdagi Oliy Majlisga murojaat yo‘llamoqda.
2020 yil 24 yanvar. Toshkent / Foto: Kun.uz
Dubayda o‘tgan Butunjahon ayollar forumi. Saida Mirziyoyeva Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Tereza Mey, AQSh prezidentining katta maslahatchisi Ivanka Tramp va AQSh Davlat depertamentining Butunjahon ayollar masalalari bo‘yicha bo‘limi rahbari Kelli Karri bilan.
2020 yil 17 fevral / Foto: Mass-media fondi
O‘zbekiston koronavirus tarqala boshlagan Uhan shahridan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilish bo‘yicha birinchi reysni yakunlamoqda.
2020 yil 4 fevral. Toshkent / Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Oltinsoyda mahalliy fuqarolar va ichki ishlar organlari o‘rtasida janjal yuz berdi. Aholining noqonuniy qurilmalarni buzishga qarshiligi mojaroga aylanib ketdi. Rezonansli voqea ortidan noqonuniy qurilgan uy-joylar masalasi kun tartibiga chiqdi.
2020 yil 14 fevral. Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani Xalqobod mahallasi / Foto: videodan kadr​​​
O‘nga yaqin XBAlar firibgarlikka qo‘l urgach, qonunchilikka o‘zgartish kiritildi. Suratda – bosh vazir Abdulla Aripov «Human» xususiy bandlik agentligidan aldangan fuqarolar bilan uchrashuvda.
2020 yil 17 fevral. Toshkent / Foto: Kun.uz
Dilfuza Uralova Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hokimi sifatida tanishtirilmoqda. Ayollarni hokim lavozimiga tayinlash kampaniyasi doirasida undan keyin Bo‘ston, Olot, Qarshi, To‘raqo‘rg‘on tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahriga ayol hokimlar tayinlandi.
2020 yil 18 fevral. Sirdaryo viloyati Boyovut tumani / Foto: Sirdaryo viloyat hokimligi axborot xizmati
Sobiq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov davlat televideniyesi efirida O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilganini e'lon qilmoqda.
2020 yil 15 mart. Toshkent / ​​​​​​Foto: "O‘zbekiston 24" efiridan kadr​
25 martdan boshlab O‘zbekistonda jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlandi.
2020 yil mart. Farg‘ona vodiysi / Foto: Kun.uz
Post-patrul xizmati xodimi uyda qolishga chaqiriq chellenji uchun suratga tushmoqda.
2020 yil mart / Foto: Toshkent shahar IIBB
Radiatsion, kimyoviy va biologik muhofaza qo‘shinlari Toshkentni dezinfeksiya qilmoqda.
2020 yil mart / Foto: Mudofaa vazirligi
Bemorlar soni orta boshlagach, koronavirusga shubha qilinganlar uy sharoitida karantinga olina boshlandi.
Foto: Kun.uz
Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti jamoasi koronavirusga qarshi kurashning dastlabki davrida sog‘aygan bemorlarni kuzatib qo‘ymoqda.
2020 yil mart / Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Bahorgi qat'iy karantin vaqtida butun mamlakat bo‘ylab blokpostlar o‘rnatildi.
Foto: Kun.uz
Uzbekistan Airways karantin sharoitida yo‘lovchi tashish to‘xtab qolgach, Boeing-767 samolyotlaridan bir nechtasini yuk tashishga moslashtirdi.
2020 yil aprel / Foto: Uzbekistan Airways
Toshkentdagi xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi
2020 yil aprel / Foto: Kun.uz
Bosh davlat sanitariya inspektori, professor Nurmat Otabekov karantin davrida aholi savollariga javob beruvchi asosiy shaxs sifatida namoyon bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vaziri va uning o‘rinbosarlari yil davomida atigi bir necha marta matbuot anjumanlarida qatnashdi.
AOKAdagi shtab / Foto: Kun.uz
Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi xodimi Fotima Husanova karantinga yopilgan shifoxonadagi bir oylik faoliyatidan so‘ng.
2020 yil may / Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
40 metr/sekundgacha tezlikda esgan shamol Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga yopirildi. Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlari eng ko‘p talafot ko‘rdi.
2020 yil 28 aprel. Buxoro viloyati Olot tumani / Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Buxoroda bo‘rondan zarar ko‘rgan hududlarni ko‘zdan kechirmoqda.
2020 yil 28 aprel / Foto: Prezident matbuot xizmati
1 may kuni O‘zbekiston tarixidagi eng yirik texnogen ofat Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida ro‘y berdi. Qurib bitkazilganiga endi 3 yil bo‘lgan suv ombori dambasining 6-piket devori o‘pirildi. Ayni paytda 17 kishi ustidan sud jarayonlari yopiq tarzda o‘tkazilmoqda.
Foto: Kun.uz

Foto: Kun.uz
Jizzax viloyatiga evakuatsiya qilingan sirdaryolik oila
Foto: Jizzax viloyati IIB axborot xizmati
O‘zbekiston xalqi toshqinda qolgan Sirdaryo ahliga yordamga oshiqdi, barcha hududlardan yuzlab yuk mashinalarida ko‘mak karvonlari yo‘lga chiqdi. Karantin davri va ko‘p o‘tmay ro‘y bergan texnogen ofatda o‘zbeklar haqiqiy birdamlik namunasini ko‘rsatdi.
2020 yil 2 may. Toshkent / Foto: Kun.uz
Foto: Jizzax viloyati IIB axborot xizmati
Foto: Toshkent viloyati hokimligi
O‘zbekiston harbiy-havo kuchlarining ko‘p maqsadli H125M Fennec yengil vertolyoti Sardoba suv ombori yaqinida aholini qutqarmoqda.
2020 yil 1 may. / Foto: @Tashkent_SkyNews
Foto: Mudofaa vazirligi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev va «O‘zgidroenergo» AJ raisi Abdug‘ani Sanginov «Sardoba» suv omborida.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Qashqadaryodagi ilg‘or klasterlardan biri – «Sultonteks» shov-shuvli ravishda tugatildi. Korxona bosh vazir o‘rinbosari va vazir ustidan kiritgan shikoyatni sud rad etdi. Klaster kreditlarini yopish uchun texnikalarini sotuvga qo‘yishga majbur bo‘ldi.
2020 yil may. Qarshi / Foto: Kun.uz
Farg‘ona tumanidagi «Toshqo‘rg‘onaziz» mahallasida ichimlik va oqin suvi – muammo. Vaqti-vaqti bilan kichik bosimda suv keladigan birgina «vodoprovod» oldida navbat uzun.
2020 yil, may. Farg‘ona tumani / Foto: Kun.uz
O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida, So‘x tumanidagi Chashma bulog‘i bo‘yidagi ommaviy tartibsizlik. So‘xliklardan kamida 187 kishi jarohatlandi. O‘zbekiston tomondan 22 kishi sudga tortilgan.
2020 yil 31 may. Farg‘ona viloyati So‘x tumani / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Bosh vazir Abdulla Aripov So‘x tumanidagi mojarodan keyin aholi bilan muloqot qilmoqda.
2020 yil 1 iyun / Foto: So‘x tumani hokimligi
O‘zbekiston harbiylari fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab Moskvada o‘tkazilgan tadbirda.
2020 yil 24 iyun / Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston 10 iyuldan ikkinchi marta qat'iy karantin rejimiga kirdi. Kuchaytirilgan cheklovlar 35 kun amalda bo‘ldi.
2020 yil 19 iyul. Toshkent / Foto: Kun.uz
Karantin tufayli to‘ylarda qatnashuvchilar soni 30 kishigacha cheklandi. / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga a'zoligi bo‘yicha O‘zbekiston va JST rasmiylari ishchi guruhining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu ishchi guruhning 3-yig‘ilishi 2005 yilda o‘tkazilgandi.
2020 yil 7 iyul. Toshkent / Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi
Yoz o‘rtalarida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashdi, tibbiyot tizimiga yuklama keskin ortib ketdi. Hatto prezident Shavkat Mirziyoyev ilk marta tibbiy niqobda ko‘rinish berdi.
2020 yil 27 iyul. Toshkent / Foto: Prezident matbuot xizmati
Asakadagi sement zavodi. Havoni ifloslantirayotgan bu inshoot 2021 yil boshida Xo‘jaobod tumaniga ko‘chirilishi kutilmoqda.
2020 yil iyul. Andijon viloyati Asaka tumani / Foto: Kun.uz
«Dorilar bo‘yicha muammo yo‘q». Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov uch oylik zaxira omborining kalitini ko‘rsatdi.
2020 yil, iyul. Andijon shahri / Foto: videodan kadr
Farg‘ona viloyati hokimi (hozirda bosh vazir o‘rinbosari) Shuhrat G‘aniyev takroriy ekin maydonida mehnat qilayotgan yoshlardan xabar olib, o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U o‘z tomorqasidan yiliga qamida 4 marta hosil olishini aytdi.
2020 yil, iyul. Farg‘ona tumanidagi Yambaroq qishlog‘i / Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi
Xorazm viloyati yo‘llarida
2020 yil iyul / Foto: Kun.uz
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Pomuq qishlog‘i
Foto: Kun.uz
Ichan-qal'ada to‘y
2020 yil iyul / Foto: Kun.uz
Karantin davrida bir martalik yordam pullari tarqatildi.
2020 yil avgust. Surxondaryo viloyati Denov tumani / Foto: Denov tumani hokimligi
Iyul oyi o‘rtalaridan boshlab barcha hududlardagi katta sig‘imli binolarda COVID-19'ga gumon qilingan bemorlarni taqsimlash markazlari tashkil etildi.
2020 yil avgust. Andijon olimpiya zaxiralari maktab-internati / Foto: Kun.uz
Namangan va Mingbuloq tumanlarini Sirdaryo ustidan bog‘lovchi parom yengil va yuk mashinalarini qirg‘oqning narigi chetiga olib o‘tmoqda. Parom 50 yildan beri xizmat qiladi.
2020 yil avgust. Namangan tumani / Foto: Kun.uz
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonni 18 yildan buyon boshqarib kelgan, koronavirus asoratlaridan vafot etgan Musa Yerniyazovning ta'ziya marosimida nutq so‘zlamoqda.
2020 yil 2 avgust. Nukus / Foto: Prezident matbuot xizmati
Karantin tufayli bir necha oylik tanaffusdan qayta ochilgan masjidlarda namozxonlar ijtimoiy masofa saqlamoqda.
2020 yil avgust. Toshkent / Foto: Kun.uz
Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaning internet orqali murojaat bilan chiqishi ortidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
2020 yil avgust. Chirchiq / Foto: Kun.uz
Butun respublikada karantin yumshatilgan bo‘lsa-da, Farg‘ona rasmiylari bir necha hafta Andijon bilan chegaralarni ochmadi.
2020 yil avgust. Andijon viloyati / Foto: Kun.uz
Farg‘ona viloyatining Quva tumanida ayol tugunini boshida tutib ketmoqda.
2020 yil avgust / Foto: Kun.uz
Rossiya va Belarus harbiylari Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun Farg‘onaga keldi.
2020 yil avgust / Foto: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi
Avgust oyining uchinchi yakshanbasi – O‘zbekistonda Havo floti kuni nishonlanmoqda.
2020 yil 16 avgust / Foto: Mudofaa vazirligi
2020 yilda Toshkent metropoliteni uchta yo‘nalishda kengaydi. Sergeli va Qo‘yliqqa yer usti metrosi bordi, Yunusobod liniyasiga ikkita yangi bekat qo‘shildi.
«Qo‘yliq»–«Do‘stlik 2» yo‘nalishida harakatlanayotgan metro poyezdi. 2020 yil 30 avgust / Foto: Kun.uz
«Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda», – dedi prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning 29 yilligiga bag‘ishlangan nutqida.
2020 yil 31 avgust. Toshkent / Foto: Kun.uz
«Avtomobilsiz kun» aksiyasi doirasida, Qashqadaryo viloyatidagi hokimlar velosipedda poyga uyushtirdi. Manzilga viloyat hokimi Zoir Mirzayev (suratda o‘rtada) va Kitob tumani hokimi Alisher Zokirov (o‘ngda) birinchi bo‘lib yetib keldi.
2020 yil avgust / Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi
Karantin rejimi tufayli OTMlarga kirish imtihonlari ilk marta ochiq osmon ostida o‘tkazildi.
2020 yil sentyabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
6 oylik tanaffusdan so‘ng maktablar ochildi.
2020 yil sentyabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
Qumqo‘rg‘onda 6,5 mlrd so‘mga qurilgan ko‘prik foydalanishga topshirilganidan bir yarim yil o‘tib qulab tushdi. Ko‘prik 9,6 milliard so‘mga ta'mirlanishi aytildi.
2020 yil sentyabr. Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani / Foto: Daryo
Past Darg‘omda «1000 ta jo‘ja spektakli» qo‘yildi. O‘z oilasini «temir daftar»ga kiritilgan oila sifatida ko‘rsatgan mahalla raisi ishdan olindi, ko‘zbo‘yamachilikka guvoh prokurorga hayfsan berildi.
2020 yil, sentyabr. Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani
Bosh vazir Abdulla Aripov (minbarda) unga o‘rinbosar lavozimiga o‘tayotgan Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘aniyevni ta'riflamoqda. Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov (tibbiy niqobda) Farg‘ona viloyati rahbarligiga o‘tkazildi. Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ham qatnashmoqda (chapda).
2020 yil 25 sentyabr / Foto: O‘zA
Majburiy ijro byurosi xodimlari uyidan majburan chiqarmoqchi bo‘lgan ayol noroziligini ifodalash uchun o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘ldi.
2020 yil 1 oktyabr. Namangan shahri / Foto: videodan kadr
Toshkent shahri va hududlarda go‘sht narxi cheklandi. Lahm go‘sht sotuviga bir necha kun norasmiy taqiq qo‘yildi.
2020 yil oktyabr / Foto: Gazeta.uz
Angren ko‘mir koni ishchisi. Ijtimoiy tarmoqlarda sifatsiz ko‘mir mavzusi ko‘tarilgach, bir nechta matbuot anjumanlari va press-turlar tashkil etildi.
2020 yil 9 oktyabr. Angren shahri / Foto: Kun.uz
Toshkent jamoat transportida qo‘lqopdan foydalanish majburiy etib belgilangan birinchi kun
2020 yil 19 oktyabr. Toshkent / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Zangiotada ASKUE tizimiga o‘tilishi asnosida elektrdan uzilib qolgan fuqarolar elektr korxonasi oldida to‘plangan.
2020 yil 19 oktyabr. Toshkent viloyati Zangiota tumani / Foto: Kun.uz
Qashqadaryodagi GTL zavodida ishchilar ommaviy tartibsizlik keltirib chiqardi.
2020 yil 21 oktyabr. Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani / Foto: videodan kadr
Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi rahbarlari tayinlovdan keyingi ilk prezident selektorida topshiriqlarni yozib olmoqda. Vazir o‘zgargach, 7ta hududda boshqarma boshliqlari almashdi.
2020 yil 6 noyabr. Toshkent / Foto: Prezident matbuot xizmati
Qarshi shahridagi obodonlashtirish xizmati xodimi prezident tashrifi arafasida sovuqda sarg‘ayib qolgan chimlarni yashil rangga bo‘yab chiqmoqda.
2020 yil noyabr / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Elektr energiyasi yo‘qligi bois tadbirkorning tovuqlari nobud bo‘ldi.
2020 yil noyabr. Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Havo sovuqligiga qaramay, Andijondagi 43-maktab o‘quvchilari targ‘ibot tadbiri doirasida yupun kiyimlarda bayroq ko‘tarishga chiqarildi. Rasm internetda tarqalgach, maktab direktori va o‘rinbosari ishdan olindi.
2020 yil 19 noyabr. Andijon shahri / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi axborot-kutubxona markazi ochilishida qizchalar sovuq kunda atlas ko‘ylak kiyib, marosimga kelganlarni kutib olishga chiqarildi.
2020 yil 20 noyabr / Foto: Baxmal tuman hokimligi
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi maktab filiali. Filial 40 kunda qayta ta'mirdan chiqarildi. Maktablar filiallarining katta qismi tugatilmoqda.
2020 yil oktyabr / Foto: Dehqonobod tuman hokimligi
O‘zbekiston davlat bayrog‘i kuni arafasida Toshkentda yarimmarafon o‘tkazildi.
2020 yil 15 noyabr, Toshkent / Foto: Kun.uz
20 noyabr – Jahon bolalar kuni munosabati bilan O‘zbekiston shaharlari ilk marta bolalar huquqlarini himoyalash bo‘yicha butunjahon aksiyasiga qo‘shildi. Zamonaviy va tarixiy binolar ko‘k tusga kirdi.
2020 yil 19 noyabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
«Paxtakor» – O‘zbekiston chempioni. Jaloliddin Masharipov mamlakatda yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
2020 yil 29 noyabr. Toshkent / Foto: Tribuna.uz
Superligaga chiqish uchun o‘tkazilgan «Neftchi» – «Turon» o‘yini tartibsizlik bilan tugadi.
2020 yil 1 dekabr. Farg‘ona / Foto: O‘zA
Aksilmonopoliya qo‘mitasi UzAuto Motors avtomobillar narxini asossiz oshirganini bildirib, kompaniyadan narxni tushirishni va asossiz olingan pullarni mijozlarga qaytarishni talab qildi. Kompaniya buni rad etdi va sudda yutib chiqdi. Suratda – ishni apellyatsiyada ko‘rgan Toshkent shahar ma'muriy sudi sudlov hay'ati. Sudning tasdiqlashicha, UzAuto Motors narx siyosati maxfiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
2020 yil 11 dekabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
Ichan-qal'adagi Tosh hovli saroyi devorining bir qismi Madaniy meros departamentidan ruxsat olinmay, ta'mirlash uchun buzildi.
2020 yil dekabr. Xiva / Foto: Kun.uz​​​​
Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov internetda murojaatlar bilan chiqishlar qildi.
2020 yil dekabr / Foto: videodan kadr
«Toshkent-4» terminali qurilishi tufayli Sergeli tumanidagi Qo‘shqo‘rg‘on ko‘chasi xaroba holiga kelgan. Buzish ishlari chala tashlab ketilgan.
2020 yil dekabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
Mamlakat bo‘ylab «Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam» aksiyalari bo‘lib o‘tdi. Davlat sog‘lom turmush tarzini faol ravishda targ‘ib qila boshladi.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Aholi vakillari Andijon va Qo‘qon shaharlari, Buxoro va Qorako‘l tumanlarida gaz yo‘qligidan, Nukus shahrida ish haqi vaqtida berilmaganidan norozilik bildirib yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.
2020 yil dekabr. Andijon shahri / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
«Mehr-3» operatsiyasi. Suriyadan 98 nafar o‘zbekistonlik ayollar va bolalar vatanga qaytarildi.
2020 yil 8 dekabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
O‘zbekiston kuzatuvchi-davlat maqomida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirdi. Hukumat kiritgan taklif bo‘yicha ovoz berishda qatnashgan 132 deputatdan 86 nafari taklifni qo‘llab-quvvatladi, 32 deputat qarshi ovoz berdi, 14 nafari betaraf qoldi. Senatorlardan 71 nafari YeOII kuzatuvchisi bo‘lishni ma'qulladi, 16 nafari qarshi chiqdi, yuqori palataning 4 a'zosi betaraf qoldi.
2020 yil 11 dekabr. YeOII onlayn sammiti / Foto: Prezident matbuot xizmati
Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yoshlar bilan fleshmobda raqsga tushdi. Ortiqxo‘jayev TikTok yulduzlarini qo‘llab-quvvatlashini e'lon qildi.
2020 yil 18 dekabr. Toshkent / Foto: Toshkent yoshlar forumi
Namangan viloyatining yangi hokimi Shavkat Abdurazzoqov uloqda qatnashmoqda.
2020 yil 27 dekabr. Namangan shahri Davlatobod tumani / Foto: Kun.uz
Huquq-tartibot organlari rahbarlari Ko‘ksaroyda. Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va DXX raisi Abdusalom Azizov.
2020 yil 28 dekabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov Sergeli yer usti metrosi ochilishida.
2020 yil 26 dekabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov bilan Sergeli metrosi ochilishida.
2020 yil 26 dekabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
2021 yildan boshlab chekka hududlar aholisi uchun «Aqlvoy» mobil bog‘chalari faoliyat boshlaydi.
2020 yil 30 dekabr. Toshkent / Foto: Kun.uz
Ko‘proq yangiliklar: