O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida iqtisodiy islohotlar, xususan aholini kambag‘allikdan chiqarish masalasiga alohida urg‘u berildi.
«So‘nggi to‘rt yilda iqtisodiyotimizning barcha jabhalariga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida jiddiy qadamlar tashlandi.
Endigi vazifa – chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror o‘sishning poydevorini yaratishdan iborat. Shularni inobatga olib, keyingi yilda quyidagi yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlarni amalga oshiramiz.
Birinchidan, kambag‘allikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etamiz.
Bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz kerak – kambag‘allik masalasi kredit, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi.
Buning uchun ta'lim, sog‘liqni saqlash, kasb-hunarga o‘qitish, ichimlik suv, energiya va yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq kompleks muammolarni hal etib borish kerak.
Nima uchun biz «temir daftar»ni joriy etdik? Bundan maqsad – ehtiyojmand aholini to‘g‘ri aniqlash va shu asosda ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish.
Kelgusi yildan to‘liq ishga tushadigan «Ijtimoiy reyestr»da «temir daftar»dagi barcha ma'lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatiladi.
Birinchi navbatda, kambag‘al aholining asosiy ehtiyojlarini kafolatli ta'minlashimiz lozim. Bu masalada xalqaro ekspertlar bilan chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar yakuniga yetkazilmoqda.
Kelgusi yil 1 martdan boshlab, aholining minimal iste'mol xarajatlari e'lon qilinadi.
Hukumat ikki oy muddatda ijtimoiy kafolatlarni bir tizimga keltirib, ularni minimal me'yorlar darajasida bosqichma-bosqich ta'minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqsin.
«Temir daftar»ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha «motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak» tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etiladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.