Pisand qilinmayotgan deputatlik so‘rovlari: buning uchun kim javob beradi?

O‘zbekiston 17:04 / 22.12.2020 17612

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi devonining Kun.uz'ga bergan ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning 9 dekabriga qadar palata deputatlari tomonidan turli vazirlik va tashkilotlarga 285 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan.

«Aslida bu raqamlar ko‘proq bo‘lishi ham mumkin, chunki, hududlarda yurgan vaqtida ba'zi deputatlar so‘rovni ro‘yxatga olmasdan o‘zlari imzolab tegishliligi bo‘yicha berib yuborishadi. Natijada, deputatlik so‘rovi qaysidir mansabdorning ish stolida nazoratga olinmasdan ham qolib ketishi mumkin», – deyiladi ma'lumotda.

Deputat so‘rovini mensimaslik – qonunni mensimaslik bilan barobar

Avvalo ta'kidlash o‘rinliki, budjetdan maosh olib, qimmatbaho mashinalar va boshqa imtiyozlardan foydalanuvchi amaldorlar o‘z faoliyati borasida xalq vakillariga hisob berishga, so‘rovlariga javob yo‘llashga ham vijdon, ham qonun oldida majburdir.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunning 12-moddasiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputati davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga saylovchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtayi nazarini bayon etish talabi bilan so‘rov yuborishga haqli.

Qonunchilik palatasi deputati so‘roviga javob 10 kundan kechiktirmay yozma ravishda berilishi va u kimning nomiga yuborilgan bo‘lsa, o‘sha mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanishi shart.

Shu kabi normalar «Parlament nazorati to‘g‘risida» va «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi qonunlarda ham belgilab qo‘yilgan.

«Ko‘pchilik rahbarlar deputatlik so‘roviga beparvo»

«Bizga aholidan juda ko‘plab murojaatlar bo‘ladi, pandemiya davrida asosan telefon va telegram orqali murojaatlar bilan ishladik. Murojaat keldimi, endi biz ularni to‘plab, ijro hokimiyati vakillariga murojaat qilamiz», – deydi parlament a'zosi Navro‘z Rizayev.

«Vazirliklarga yuborayotgan deputatlik so‘rovlarimiz ichida ba'zilari amalga oshmoqda, lekin bu borada bizni mulohazaga chorlayotgan masalalar ham yo‘q emas. Masalan, ko‘pchilik rahbarlar deputatlik so‘roviga beparvo qaraydi.

Qonunchilikda so‘rov qaysi rahbar nomiga yuborilgan bo‘lsa, shu mansabdor tomonidan javob berilishi kerakligi qat'iy belgilab qo‘yilgan. Lekin ko‘pincha vazirlarga yuborgan so‘rovlarimizga vazir o‘rinbosarlari, hattoki bo‘lim boshliqlari imzo qo‘yib javob berib yuboradi.

Navro‘z Rizayev

Masalan, Sog‘liqni saqlash vaziriga bundan 2-3 oy avval 600 mingga yaqin aholi yashaydigan Samarqand viloyatining Urgut tumani tug‘ruq kompleksiga atigi 50 o‘rinli joy ajratilgani haqida so‘rov yuborganmiz. Yana ikkita hududdagi qishloq vrachlik punktlarini ta'mirlashga mablag‘ ajratishni so‘radik. Yana Jo‘robtepa degan hududimizda 80 ming kishiga xizmat qilgan katta kasalxona bo‘lgan va hokimiyat bu binoni zaxirasiga olib qo‘ygan. Biz ishchi guruh tuzaylik, bu masalani hal qilaylik deb ham murojaat qildik.

Lekin hech qaysi masalada Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amaliy harakat ko‘rmadik, yuborgan javoblari ham «shablon» javoblar: Masalani o‘rganib chiqdik, deyiladi; keyin vajlar keltiriladi va: «Biz sizni tuman hokimi yoki viloyat hokimiga murojaat qilishingiz lozim deb topdik, masalani ular hal qiladi».

Kechirasiz, siz nima qilib o‘tiribsiz, janob vazir? Agar bu muammo yechish imkoniyati hududiy rahbarlarda bo‘lganida biz vazirga murojaat qilib nima qilardik», – deydi deputat.

«Dasturga kiritamiz»

Navro‘z Rizayev elektr energiyasi va suv muammolari haqida ham to‘xtaldi.

«Elektr energiyasi sohasida ham shu ahvol. Urgut qishloqlaridagi simyog‘ochlarning ahvoli juda yomon. Shuni viloyat mas'ullari hech qachon borib ko‘rmagan. Hozirgi kunda bular ham almashdi, lekin haligacha bu masalada hech kim deputat so‘roviga javob bermadi.

Yoki eskirib ketgan transformatorlar va suv masalasi. Hech kim o‘rganib hal qilaylik, kelinglar, demaydi. Hammasi kelasi yildan dasturga kiritamiz, deydi. Nima uchun bugun qilmaymiz shuni, bolajonlarimiz maktablarda sovuqda o‘tiribdi, shifoxonalar sovuq. Yana 10-15 yil kutib yashash kerakmi?» – deydi Oliy Majlis deputati.

«Moliya vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi ko‘pincha javoblarni kechiktiradi yoki shablon javoblarni beradi»

Qonunchilik palatasining boshqa bir deputati G‘ayrat Abdiyev ham mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Vazirlik va hokimliklarning aksariyatida deputatlarning so‘roviga nisbatan munosabat ijobiy tarafga o‘zgardi, lekin shundaylari bor – haliyam bu masalada beparvo. Masalan, hududimda (Samarqand viloyati Urgut tumani) 3–4 yil avval ikkita sport binosi qurilishi boshlangan. Keyinchalik, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tugatilgach, moliyalashtirish to‘xtab qolgan. Davlat budjeti evaziga qurilishi boshlangan binolar shu holicha necha yildan beri yomg‘ir va qorlarda turibdi. Moliya vazirligi bu masalada qilgan murojaatimga javob bermadi.

G‘ayrat Abdiyev

Har kuni kamida 5-10 ta og‘zaki va yozma murojaatlar bo‘ladi. Elektr energiyasi, gaz va suyultirilgan gaz, yo‘llarning ahvoli masalalarida 10dan ortiq vazirliklarga deputatlik so‘rovlarini yubordik. Hammasida munosabat har xil, ijobiy natijalar ham bo‘ldi. Masalan ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov aqlli svetofor o‘rnatilishida amaliy yordam berib, shaxsan xatga javob berdi. Lekin Moliya vazirligi va Xalq ta'limi vazirligi ko‘pincha javoblarni kechiktiradi yoki shablon javoblarni beradi.

Suyultirilgan gaz vaqtida berilmasligi va yetishmasligi to‘g‘risida bizga Urgut tumanining qishloqlaridan tinimsiz ravishda murojaatlar bo‘ladi. So‘rov bergan kunimizda esa «Hududgazta'minot» korxonasi shu kuniyoq dalolatnoma tuzib, bizga hisobot qilib beryapti. Unda mahalla raisi va mas'ullar gaz tarqatilgani va bu yerda muammo bo‘lmaganini aytib imzo qo‘yyapti. Mahalla kim ko‘proq shikoyat qiladigan bo‘lsa yoki kimlardan ko‘proq qo‘rqishsa, o‘shalarga suyultirilgan gaz berib, «andishani oti qo‘rqoq» deb o‘tirgan qariyalar va nochorlarga deyarli suyultirilgan gaz yetib bormayapti», – deydi G‘ayrat Abdiyev.

«Bizdan yordam so‘ralgan holatlarning birortasida so‘rov javobsiz qolmagan» — hukumat vakili

Mavzu yuzasidan hukumatning parlamentdagi vakolatli vakili Ma'rufjon Tojiboyevning fikrlari bilan ham qiziqdik. Uning aytishicha, deputatlar va senatorlar so‘rovlari vakolatli vakil tomonidan muntazam umumlashtirilib boriladi.

«Umumlashtirish natijasiga ko‘ra, deputat so‘rovlaridan ayrimlariga belgilangan muddatdan bir necha kun kechikib, shuningdek, davlat idorasining birinchi mansabdor shaxsi imzolamasdan berilayotganlari mavjud. Mazkur kamchiliklar doimiy muhokama qilinishi bilan birga, mansabdor shaxslar rahbariyat tomonidan jiddiy ogohlantirilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan deputat so‘rovi bilan ishlash tartibi qayta takomillashtirilgan holda tasdiqlanib, barcha davlat idoralari va mahalliy hokimiyatlarga yuborilgan. Tartibga asosan, agar ayrim mansabdor shaxslar deputat so‘roviga javob yuborilayotgan sanada ish joyida bo‘lmasa (bemorligi, xizmat safarida), so‘rovning o‘zida mansabdor shaxsning ish joyida bo‘lmagani va uning o‘rniga o‘rinbosar imzolaganiga izoh berilishi amalga kiritilgan.

Shuningdek, har bir davlat idorasi va hokimlikda parlament bilan ishlash bo‘yicha mas'ullar belgilandi.

Deputat so‘rovi bo‘yicha joriy yilning 9 dekabr sanasidagi tahlillarga e'tibor beradigan bo‘lsak, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan davlat boshqaruv organlari va mahalliy ijro etuvchi organlarning mansabdor shaxslariga 254 ta deputat so‘rovi yuborilgan. Shundan 167 tasi vazirliklarga, 24 tasi davlat qo‘mitalariga, 38 tasi mahalliy hokimiyatlarga va 25 tasi boshqa tashkilotlarga yuborilgan.

Mazkur yuborilgan so‘rovlarning eng katta qismi Xalq ta'lim vazirligi tizimidagi mansabdor shaxslarga – 30 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi mansabdor shaxslarga – 22 ta, moliya vaziriga – 19 ta, Uy-joy vazirligi va Energetika vazirliklariga 18 tadan; mahalliy hokimliklardan esa Qashqadaryo viloyatiga – 12 ta va Toshkent viloyatiga 7 ta deputat so‘rovlari yuborilgan.

Mazkur so‘rovlarga turli muddatlarda, jumladan, Moliya va Energetika vazirliklari tomonidan so‘rovlarga 1 kundan 20 kungacha vaqtida javob berilmagan.

Biroq, shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, garchi bizning nazorat hujjatlarimizda ba'zi so‘rovlar muddati buzilib ijro etilgan deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, mazkur so‘rov aslida yuborilgan mansabdor shaxsga yetib bormagan, bu kabi holatlar ham uchrab turibdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi nazorat tahlil bo‘limi tomonidan yetkazib berilgan barcha deputat so‘rovlari qat'iy nazoratga olingan, biroq deputatlar tomonidan tegishli ravishda qaydlovdan o‘tkazmasdan yuborilgan so‘rovlarni nazoratga olish imkoni mavjud emas.

Agar deputat tomonidan so‘rovga javob olishda yordam berish so‘ralsa, shu kunning o‘zidayoq deputat yuborgan so‘rov kim tomonidan o‘rganilayotgani va qachon javob berilishi aniqlanadi. Bu haqda deputat xabardor qilinadi.

Amalda deputatlar tomonidan shunday murojaatlar bir necha marotaba bo‘lgan va qisqa muddatlarda javobi olingan. Ayrim holatlarda esa javob berilgan, lekin deputatga yetib bormagan holatlar ham bor.

Hozirda men tomonimdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi nazorat tahlil bo‘limi mas'ul xodimi bilan qat'iy tizim o‘rnatilgan bo‘lib, unga asosan har haftada deputat so‘rovlari va ularga berilgan javoblar bo‘yicha ma'lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Deputat yuborilgan so‘rovning nusxasi bo‘lim orqali menga yetkazib berilgan kunning o‘zidayoq Vakolatli vakil kotibiyatida ijrosi nazoratga olinadi.

Bizga nusxasi yuborilgan yoki deputat tomonidan javob berilishiga yordam berish so‘ralgan deputat so‘rovdan birortasi javobsiz qolmagan», – deydi Vazirlar Mahkamasi vakili.

«Deputatlik so‘rovlari va olingan javoblarni internetda e'lon qilib borish kerak»

Vaziyatga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Otabek Toshevdan ham izoh oldik.

«Deputat va senatorlar so‘rovi qonunchiligimizda parlament nazorati o‘rnatishning bir usuli sifatida mavjud. Ushbu tartib 8 ta norma bilan tartibga solinadi.

Deputat yoki senator so‘roviga belgilangan vaqtida javob bermaganlik uchun Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 193-moddasi bilan javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qat'i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan parlament so‘rovini, deputat, senator so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib noto‘g‘ri ma'lumotlarni qasddan taqdim etish – mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Otabek Toshev

Bizning institut tomonidan tahlil o‘tkazilganida deputat so‘rovlariga ijro hokimiyati va davlat boshqaruv organlari tomonidan yuzaki va vaqtida javob berilmaslik holatlari aniqlandi. Bu deputatlik so‘roviga e'tiborsizlik qilinayotganidan dalolatdir.

Bundan tashqari, viloyat, tuman va shahar kengashi deputatlari tomonidan yuborilgan so‘rovlar ko‘p bo‘lsa ham sifat jihatdan yaxshi tuzilmagan, ba'zilari qonunchilik talablariga ham to‘g‘ri kelmaydi. To‘g‘ri, bu yerda deputatlar yurist emas, ko‘pchiligi fermer, tadbirkor yoki boshqa soha vakili bo‘lishi mumkin. Lekin deputatlik so‘rovida uning predmeti, ko‘tarilayotgan masalaning aniq holati va u to‘g‘ri tashkilotga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.

Ba'zida murojaatlarga deputatlik so‘rovi sifatida qaralmoqda. Shuningdek, asosan hokimlar boshchilik qiladigan mahalliy kengash deputatlarining ko‘pchiligi ijro bo‘g‘inida ishlaydiganlar, korxona rahbarlari ham bo‘ladi. Bular ko‘pincha hokimlarga tobe hisoblanadi va bu ularning deputatlik so‘rovi samarador emasligiga olib keladi.

Bizningcha, deputatlik so‘rovi muhokamalarini qonunchilik palatasining rasmiy saytida e'lon qilib borish kerak. Kelgan javoblarning e'lon qilinishi shaffoflik va talabchanlikni oshiradi.

Deputatlik so‘roviga vaqtida javob berishni nazorat qilish deputatning o‘zida qoladi. Agar so‘rovga muddatida yoki asoslantirilgan holda javob berilmasa deputat tegishli tartibda prokuratura organlariga murojaat qiladi.

Bundan tashqari, deputatlar oqibatlar bilan emas, sabablar bilan ham kurashishi kerak. Ko‘tarilgan muammolarni umumiy jamlab qonunlar qabul qilishga tashabbus bilan chiqishlari lozim.

Institutimiz tomonidan tahlil qilganimizda, son jihatidan so‘rovlarni ko‘paytirish uchungina deputatlik so‘rovlarini yuborishayotganiga ham duch kelmoqdamiz. O‘rganganlarimiz ichida qisqa murojaatlarni ham deputatlik so‘rovi sifatida yuborayotganlarini ko‘rmoqdamiz», – dedi Otabek Toshev.

«Bosh prokurorga yuborgan so‘rovimizga javob berishlarini so‘rab oxiri yalindik...»

O‘tgan oyda parlamentning boshqa bir a'zosi Rasul Kusherbayev deputatlik so‘rovi javobsiz qolsa, mansabdorga jinoiy javobgarlik belgilash taklifini bildirgan edi.

«Qonun qabul qilganimiz bilan ko‘ryapmiz, bu narsalar amalda ishlamayapti-ku! Masalan, 5-6 nafar deputat bosh prokuror nomiga yuborgan so‘rovimizga 3 oydan keyin javob berildi. O‘zimiz yalindik oxiri chiqib: ey, javob beringlar iltimos, deb…

Mening taklifim, javobgarlik masalasini ham olib kirsak, kerak bo‘lsa, deputatlik so‘roviga javob bermagani uchun javobgarlikni Jinoyat kodeksiga kiritaylik. Jinoiy javobgarlik masalasini qo‘yaylik. Qolgan sohalarda bor-ku, murojaatlar tartibini buzadigan bo‘lsa, shunaqa choralar ko‘riladi. Buni ham kiritaylik», – degan edi Kusherbayev.

Mavzu dolzarbligi, aytilishi va hisobga olinishi kerak bo‘lgan jihatlar talayligidan, maqolamiz hajmi ham salmoqli bo‘ldi. Xulosani esa mushtariylarning o‘ziga havola etsak. Zero, maqsadimiz – muammo va uni hal etish zarurati borligi, shu bilan birga, uning ichida turli murakkabliklar va albatta, yechim ham yo‘q emasligini ko‘rsatish.

Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Doniyor Yaqubov.

Ko‘proq yangiliklar: