Kun.uz muxbiri aniqlashicha, Vazirlar Mahkamasi ichki bozorga chakana narxi qat'iy belgilangan 2 ming tonna o‘simlik yog‘i, 5 ming tonna shakar va 5 ming tonna guruch yetkazib berish orqali ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqaror saqlanishini ta'minlashga erishmoqchi.
Joriy yil 17 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan maxsus yig‘ilish bayoniga ko‘ra, «Demesne Trade» MChJ o‘simlik yog‘i va shakar mahsulotlarini, «O‘zdonmahsulot» AJ esa guruch yetkazib beruvchi sifatida tasdiqlangan.
Hukumatning rejasi
Hukumatning maxsus yig‘ilishi bayonida «Demesne Trade» tomonidan yetkazib beriladigan o‘simlik yog‘ining 1 litri uchun 13 700 so‘m, 1 kilogramm shakar uchun 6 700 so‘m hamda «O‘zdonmahsulot»ning don korxonalaridan yetkazib beradigan 1 kilogramm guruch uchun 6,5 ming so‘mdan shartnomalar tuzilishi, ushbu oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilgan savdo tashkilotlari 1 litr o‘simlik yog‘ini 14 ming so‘mdan, 1 kilogramm shakarni 7 ming so‘mdan va 1 kilogramm guruchni 6 800 so‘mdan sotishi aytilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari ilovada ko‘rsatilgan mahsulotlarni shartnomalar asosida xarid qilish, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda aholiga madaniyatli savdoni tashkil etish maqsadida mahsulotlarni xarid qiluvchi yirik savdo tashkilotlari ro‘yxatini 3 kun ichida shakllantirishi va ushbu tashkilotlar «Demesne Trade» hamda «O‘zdonmahsulot» bilan bir hafta ichida shartnoma tuzishini ta'minlashi belgilangan.
Hukumat bayonida yirik savdo tashkilotlari sifatida Havas, Korzinka, Makro brendlari, supermarket, gipermarket va savdo markazlari qayd etilgan.
Ta'kidlanishicha, nazarda tutilgan mahsulotlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahriga (o‘simlik yog‘i — 600 tonna, shakar — 1200 tonna, guruch — 1200 tonna) yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, yetkazib berish hajmi bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (o‘simlik yog‘i — 150 tonna, shakar — 400 tonna, guruch — 500 tonna), Samarqand (o‘simlik yog‘i — 135 tonna, shakar — 380 tonna, guruch — 450 tonna) va Qashqadaryo (o‘simlik yog‘i — 135 tonna, shakar — 370 tonna, guruch — 450 tonna) viloyatlari joylashgan.
Bozor narxi qancha?
O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining 14-20 dekabr kunlari uchun taqdim etgan ma'lumotiga ko‘ra, shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6 ming 814 so‘mdan 6 ming 782 so‘mgacha bo‘lgan.
Kun.uz kuzatuviga binoan, shakarning chakana savdodagi 1 kilogramm narxi 6500-8500 so‘m atrofida bo‘lgan. O‘tgan hafta davomida o‘simlik yog‘ining 1 litri uchun 14 ming so‘mdan 18 ming so‘mgacha narx belgilangani ma'lum.
Hukumat nega qonun talablarini buzyapti?
Narxlarni davlat tomonidan tartibga solish, qat'iy belgilangan yoki cheklangan narxlarni o‘rnatish faqat hukumat qarori bilan tasdiqlangan ilovada keltirilgan tovarlar, tabiiy monopoliya sharoitlarida ishlab chiqariladigan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan amalga oshiriladi. Guruch, o‘simlik yog‘i va shakar esa bu ro‘yxatlarga kiritilmagan. Faqat prezident ro‘yxatdan tashqari bo‘lgan tovarlarga narxni belgilashi mumkin. Demak, Vazirlar Mahkamasida guruch, yog‘ va shakar narxlarini belgilashga vakolat yo‘q.
Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga asosan, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindir. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi. Hukumat mahalliy hokimliklarni savdo tashkilotlari orqali boshqa xo‘jalik yurituvchi mustaqil sub'yekt bilan shartnoma tuzishga majburlashi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunining 8-moddasiga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishi hamda o‘z faoliyati yo‘nalishlarini, tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilarni va o‘z tovarlarining (ishlarining, xizmatlarining) iste'molchilarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekani ko‘rsatilgan. Shunday ekan, bayonnomada qayd etilgan savdo tashkilotlari shartnoma orqali tovarlarni qat'iy belgilangan narxda sotib olib, uni iste'molchilarga qat'iy belgilangan narxlarda sotishga majbur emas.
Umumiy qilib aytganda, davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub'yektlarining amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
«Demesne Trade» MChJ kimga tegishli?
Hukumat 2017 yili qabul qilgan qarori bilan «Demesne Trade» kompaniyasining kartoshka importini boj to‘lovlardan ozod etgandi.
Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning ta'sischilari Rahimjon Muhammedov (ustav fonddagi ulushi 47,4 foiz), Xayrulla Ismatov (ustav fonddagi ulushi 45,9 foiz) va Qudrat G‘oziyev (ustav fonddagi ulushi 6,7 foiz) hisoblanadi. Ular orasidan Xayrulla Ismatov va Rahim Muhammedov O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlanishgan. Orden bilan taqdirlash to‘g‘risidagi prezident farmonida Rahim Muhammedov Yunusobod tumanidagi «Gold Step Invest» MChJ ta'sischisi sifatida ko‘rsatilgan.
Qurilish kompaniyasi hisoblangan «Gold Step Invest» Toshkent shahrida bir nechta obektlar qurilishida, xususan, «Shedevr» savdo majmuasini barpo etishda ishtirok etgan. Shuningdek, kompaniya Sardoba fojiasida jabrlanganlar uchun «Do‘stlik» mahallasida 37ta ko‘p qavatli uy qurilishida pudratchi bo‘lgan.
Riteyler nima deydi?
Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan uchta yirik riteyl kompaniyasi vakillari (Havas, Korzinka, Makro) mahsulot tannarxi va chakana sotuv uchun belgilangan narx o‘rtasida riteyl uchun «hech narsa qolmasligi»dan norozi.
Ulardan biri buni «elga kelgan to‘y» deb atab, hukumatdagi ayrimlar har zamonda shu yo‘l bilan daromadlarni yuqorida taqsimlashi va keyin quyiga past narx belgilab berishini ta'kidladi.
Alisher Ro‘zioxunov