Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «Sibur Xolding» OAJ, «Gazpromneft» OAJ va «O‘zbekneftgaz» AJ o‘rtasida MTT texnologiyasi bo‘yicha gaz-kimyo kompleksini yaratish va Sho‘rtan GKK ishlab chiqarish quvvatini kengaytirishga oid loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim imzolandi. Mazkur bitimlarning imzolanishi Rossiya yetakchi kompaniyalarini jalb qilish imkoniyati, shuningdek ularning uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish borasidagi tajribasini o‘rganish imkonini beradi.
«IKS Xolding» kompaniyasi va O‘zbekiston Energetika vazirligi o‘rtasida energetika tarmog‘ini raqamlashtirish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Mazkur shartnoma doirasidagi ishlarni amalga oshirish, shuningdek barcha tegishli kompaniyalar uchun yagona vektor bo‘yicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishni tartibga solinishiga olib keladi, bu AKT loyihalarini amalga oshirish qiymati va samaradorligini sezilarli ravishda qisqartirish imkonini beradi.
«VEB.RF», «Gazprombank» AJ va «O‘zbekneftgaz» AJ o‘rtasida qiymati 100 mln. dollar bo‘lgan 2017-2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha dasturning II bosqichini moliyalashtirish bo‘yicha bitim imzolandi. Mazkur bitim imzolanishi natijasida uglevodorod xomashyosi qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha dasturning II bosqichini jadal moliyalashtirish tashkil etiladi, bu O‘zbekiston ehtiyojlari uchun uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirishni ta'minlash imkonini beradi.
Shuningdek, «VEB.RF» va «Jizzakh Petroleum» QK o‘rtasida qiymati 100 mln. dollar bo‘lgan 2020-2030 yillarda neft hajmini oshirish dasturini amalga oshirish uchun Rossiya asbob-uskunalari va xizmatlarini eksport qilishni moliyalashtirish bo‘yicha bitim imzolandi.
«VEB.RF» davlat rivojlanish korporatsiyasi va «O‘ztransgaz» AJ o‘rtasida gaztransport tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish, shuningdek «O‘ztransgaz» AJ bo‘linmalari uchun avariya va maxsus texnikalarni yangilash va butlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Mazkur loyihalarning imtiyozli shartlarda moliyalashtirish asosida amalga oshirilishi gaztransport infratuzilmasidan foydalanishda xavfsizlik sharoitlarini yaxshilash, aholini tabiiy gaz bilan ta'minlash ishonchliligini oshirish, shuningdek avariyalarni bartaraf etishda tabiiy gaz bilan bog‘liq yo‘qotishlar hajmini qisqartirish imkonini beradi.
«EKSAR», «Eriell» va ChTPZ guruhlari o‘rtasida qiymati 75 mln. dollargacha bo‘lgan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar uchun quvurlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Shuningdek, «O‘ztransgaz» tomonidan «Rossiyskiy eksportnyy sentr» AJ bilan O‘zbekiston gaztransport tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun imtiyozli moliya manbalarini jalb qilish maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.