Tabiiy gaz eksport qilinmasligi budjetga tushum 1 trillion so‘mga kamayishiga olib keladi - Ishmetov

Iqtisodiyot 12:49 / 18.12.2020 9796

Moliya vaziri Timur Ishmetov 2021 yilda Davlat budjeti daromadlari prognozlari bajarilishida hamda xarajatlar ijrosidagi mavjud risklar haqida gapirdi.

«2021 yilda Davlat budjeti daromadlari prognozlari bajarilishida hamda xarajatlar ijrosida quyidagi risklar mavjud.

Yalpi ichki mahsulot o‘sish sur'atining 1 foiz bandga pasayishi budjet tushumlari 433 milliard so‘mga kamayishiga olib keladi. Asosiy eksport mahsulotlaridan biri hisoblangan tabiiy gaz (yiliga 10 milliard kub metr) eksport qilinmasa – budjetga tushum 1 trillion so‘mga kamayadi, oltinning 1 unsiyasi narxi 100 AQSh dollariga kamayishi (dividendsiz) esa budjetga tushumni 1,8 trillion so‘mga pasaytiradi.

Davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarda tashqi qarz hisobidan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari samarali ishlatilmasligi kelgusida Davlat budjeti xarajatlari oshishiga olib kelishi mumkin.

2020 yilning 9 oyida tabiiy gaz ishlab chiqarish va iste'molchiga yetkazish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan Davlat budjetiga 7 trillion 570 milliard so‘m to‘langan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 trillion 321 milliard so‘mga yoki nominal 15 foizga kamaygan. Real miqdorda esa 27 foizga kamaygan (2019 yil 9 oy – 8 891 milliard so‘m)», dedi Timur Ishmetov Senat yalpi majlisida.

Ko‘proq yangiliklar: