2021 yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni ikki barobar ko‘p bo‘ladi. Buning uchun budjetdan 4,5 trln so‘m ajratiladi

Iqtisodiyot 15:41 / 18.12.2020 5993

Moliya vaziri Timur Ishmetov Senatning o‘ninchi yalpi majlisida davlatning birinchi darajali budjet xarajatlari haqida ma'lumot berdi. Ma'lum qilinishicha, «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunda bunday xarajatlarga 80 trln so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratiladi.

«Birinchi darajali budjet xarajatlari (ish haqi, stipendiya, nafaqa va pensiya) kelgusi yilda 82,7 trln so‘mni yoki jami xarajatlarning 50 foizini tashkil qiladi. Pensiya to‘lovlari esa 36,5 trln so‘mni tashkil etadi va uni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun jamg‘arma daromadlarining yetmagan qismi uchun davlat budjetidan 14,7 trln so‘m transfer ajratiladi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va hukumati qarorlarida tasdiqlangan davlat dasturlari hamda iqtisodiyotning ayrim sohalarini rivojlantirish uchun 40 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi budjetining jami xarajatlari qonun loyihasining 5-ilovasidagi 56ta birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, ya'ni vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlanmoqda.

Bu yildan boshlab ilk bor parlament nazoratini kuchaytirish, mablag‘lar ishlatish samaradorligini oshirish maqsadida nafaqat vazirliklar kesimida, balki davlat dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lar alohida qilib ko‘rsatilmoqda.

Misol uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligining joriy xarajatlari qatorida 23ta davlat dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lar alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Uchinchidan, aholini ijtimoiy himoya qilish ko‘zda tutilgan 10,8 trln so‘m yoki 2020 yil uchun tasdiqlangan parametrlarga nisbatan 1,5 baravar ko‘p. 2019 yilga nisbatan 2,2 baravar ko‘p mablag‘lar ajratish rejalashtirilgan.

Xususan, bolali va kam ta'minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga joriy yil boshida 600 ming oilaga to‘langan bo‘lsa, 2021 yilda 1 mln 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqa to‘lovlarini to‘lash orqali kelgusi yilda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 2 barobar oshiriladi. Buning uchun davlat budjetidan 4,5 trln so‘m mablag‘lar ajratiladi», deya Moliya vaziri so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Ko‘proq yangiliklar: