Moliya vazirligi 2020 yilning III choragida O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e'lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy institutlaridan jalb qilgan tashqi qarz portfeli hajmi 8,9 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, mazkur kreditlar uzoq muddat (30 yilgacha) hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan.
Xususan, davlat tashqi qarzining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (4,5 mlrd. dollar), Jahon banki (3,1 mlrd. dollar) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd. dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi. Qayd qilish kerakki, davlat tashqi qarzining manbalari diversifikatsiyasi ta'minlangan bo‘lib, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga davlat tashqi qarzining 46,3 foizi to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonning asosiy kreditorlari Xitoy Eksim banki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va tashkiloti va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, asosan turli investitsion dasturlarni hukumat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag‘lari jalb etilgan.
Kreditorlar oldidagi qarzdorlik bo‘yicha xarajatlar davlat korxonalari tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish natijasida tushgan mablag‘lar hisobidan so‘ndiriladi.