Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi yillik hisobda 16,3 foizni tashkil etdi - MB

Iqtisodiyot 15:18 / 10.12.2020 4027

Qayd etilishicha, yoz mavsumida narxlar o‘sishining sezilarli sekinlashishidan so‘ng sentyabr oyi oxiridan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining ma'lum darajada tezlashishi kuzatildi. Bunda asosan meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy o‘zgarishi hamda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taklifidagi uzilishlar va sust raqobat sharoitlari ushbu tovarlar narxi o‘sishiga olib keldi.

Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi yillik hisobda 16,3 foizni tashkil etdi. Bunda 2019 yil noyabr oyiga nisbatan go‘sht mahsulotlari 17,7 foizga, meva va sabzavotlar 18,5 foizga, non mahsulotlari 16 foizga qimmatlashdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlarining o‘sish sur'atlari esa umumiy inflatsiyadan sezilarli darajada past bo‘lib, mos ravishda 8,3 foiz va 6,5 foizni tashkil etdi. Natijada yillik bazaviy inflatsiya darajasi sekinlashishda davom etib, 11,5 foizgacha pasaydi.

«Joriy yilning noyabr oyida aholining inflyatsion kutilmalari biroz pasaygan bo‘lsa, tadbirkorlik sub'yektlarining kutilmalari aksincha ortdi. Tadbirkorlikning bir qator sohalarida inflyatsion kutilmalarning o‘sishi qish mavsumida an'anaviy energiya resurslari (tabiiy gaz, elektr energiyasi) ta'minotidagi uzilishlar bois ishlab chiqarish xarajatlarning oshishi va taklif hajmi pasayishining kutilayotganligi bilan izohlanadi», - deyiladi MB xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: