Texnologik asbob-uskunalarni import qilishda imtiyozlar berishning yangi mexanizmi joriy etiladi

Iqtisodiyot 11:39 / 07.12.2020 3763

O‘zbekistonda o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan chetdan olib kiriladigan texnologik asbob-uskunalarga bojxona boji va QQS bo‘yicha imtiyozlar berish mexanizmi joriy etiladi. Bu haqda Norma xabar berdi.
 
O‘zbekistonda o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan chetdan olib kiriladigan texnologik asbob-uskunalar quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:

bojxona bojini to‘lashdan. Shuningdek imtiyoz butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, agar ularni yetkazib berish kontrakti shartlarida ularni yetkazib berish nazarda tutilgan bo‘lsa tatbiq etiladi. Olib kirilgan texnologik asbob-uskunalar olib kirilgan paytdan e'tiboran 3 yil mobaynida eksportga realizatsiya qilingan yoki tekin berilgan taqdirda, mazkur imtiyozning amal qilishi bojxona bojlarini to‘lash majburiyatlari tiklangan holda bekor qilinadi;

qo‘shilgan qiymat solig‘idan.    
 
Ushbu imtiyozlar tegishli ro‘yxatga kiritilgan asbob-uskunalarga nisbatan qo‘llaniladi. Buni inobatga olgan holda, hukumat tomonidan amaldagi ro‘yxatni qayta ko‘rib chiqish va 2021 yil 1 yanvarga qadar yangidan shakllantirilgan ro‘yxatni tasdiqlash uchun kiritish vazifasi topshirildi. Bunda:

2017-2019 yillarda import qilingan texnologik asbob-uskunalarning nomenklaturasi va ularning o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilishi mavjudligini o‘rganish natijalari asosida yangi ro‘yxat shakllantiriladi;

yangilangan ro‘yxatda asbob-uskunalarning 10ta raqamdan iborat TIF TN kodi va asosiy parametrlari ko‘rsatiladi (hozirda ayrim pozitsiyalar bo‘yicha 4, 6 va 9ta raqamli kodlar ko‘rsatilgan);
 
Bundan tashqari, ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi belgilandi. U quyidagilardan iborat:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi o‘xshash texnologik asbob-uskunaning ishlab chiqarilishi respublikada mavjudligi/mavjud emasligi to‘g‘risidagi xulosa berish maqsadida ariza beruvchining murojaatiga asosan ekspertiza o‘tkazadi. Ekspertiza bir oy muddatda bepul o‘tkaziladi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi markazning o‘tkazilgan ekspertiza yakunlari bo‘yicha va zarurat bo‘lganda, biroq har chorakda kamida bir marta umumlashtirilgan ma'lumotlarni Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, DBQ, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, SSP va «O‘zstandart» agentligiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi. Ular tomonidan ma'lumotlarni ko‘rib chiqish muddati 10 kalendar kundan oshib ketmasligi lozim;

kelishish natijalari bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar tegishli qaror loyihasi sifatida rasmiylashtiriladi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
 
Endi imtiyozlar yangi texnologik asbob-uskunalarga qo‘llaniladi hamda bitta kontraktga muvofiq mazkur texnologik asbob-uskunalar bilan birga ularning ajralmas qismi sifatida yetkazib berilgan butlovchi va ehtiyot qismlarga tatbiq qilinadi. Bunda:

a) texnologik asbob-uskuna deganda tovarlar, ishlar, xizmatlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonida bevosita foydalaniladigan mashinalar, apparatlar, qurilmalar, mexanizmlar tushuniladi;

b) «erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimida bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida ishlab chiqarilgan yili 3 yildan ko‘p bo‘lmagan texnologik uskuna yangi hisoblanadi;

v) bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida ishlab chiqarilgan yilini tasdiqlash uchun quyidagi hujjatlardan biri taqdim etiladi:

ishlab chiqarilgan yilini tasdiqlovchi ishlab chiqaruvchi zavodning texnik pasporti;

ishlab chiqaruvchining asbob-uskunalar u tomonidan ishlab chiqarilganligi, jumladan ishlab chiqarilgan yili to‘g‘risidagi tegishli ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan boshqa hujjati.
 
Hujjat 28.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: