Farg‘ona shahrida 400 gektar maydonda turar joylar va savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari quriladi

Iqtisodiyot 09:27 / 06.12.2020 7097

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, ishtirokchilar dastlab shahar markazida bosh pudratchi tashkilot — «Qilich Bunyod» MChJ tomonidan Mustaqillik shaharchasida bunyod etilayotgan 16 qavatli turar joy binolarida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishishgan.

Viloyat qurilish boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Ikromovning ta'kidlashicha, shaharda ilk bor qurilayotgan 16 qavatli uy 160 xonadonning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi.

Farg‘onada endi 18 qavatdan 25 qavatgacha bo‘lgan uylar qurish ham rejalashtirilgan. Mustaqillik shaharchasida 16 qavatli turar joy binosidan jami 4ta quriladi. Qayd etilishicha, Farg‘ona shahri seysmik nuqtayi nazaridan faol hududda joylashgani uchun ushbu uylarning zilzilabardoshligiga alohida e'tibor qaratilyapti.

Yana 400 gektar joyda ko‘p qavatli uylar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari bunyod etiladi. Shahardagi 2 qavatli eski uylar o‘rnida yangi ko‘p qavatli uylar barpo etiladi. 2021 yilda 55ta ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirishga tayyorlanmoqda.

Jurnalistlar Turkiya texnologiyasi asosida quyma temirbeton va gazobetondan barpo etilayotgan 16 qavatli uyning kommunikatsiya tarmoqlari va sharoitlari bilan tanishdi.

Shuningdek, press-tur ishtirokchilari yaqin kunlarda ish boshlagan, xorijiy investitsiya ishtirokidagi «Hayat world medical» xususiy tibbiyot markazida ham bo‘lishdi.

O‘zbekiston – Koreya xalqaro universitetida esa ularga oliygoh va undagi yo‘nalishlar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi. Ikki davlatning o‘zaro hamkorlik aloqalari ta'lim yo‘nalishida ham muhim ahamiyat kasb etayotgani e'tirof etildi.

Aviasozlar ko‘chasida joylashgan «Fergana Global textile» qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Qo‘shma korxona rahbari Otabek Nishonovning ta'kidlashicha, korxona ishga tushgach, 1500 nafardan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Bugungi kunda korxona yiliga 14 ming tonnagacha kalava ip ishlab chiqarish imkoniga ega. Bu yerda bo‘yalgan ip va trikotaj matolar tayyorlanadi.

Tadbir yakunida Farg‘ona shahar hokimi hamda tegishli tashkilot vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Shahar hokimi Hamidjon Habibiddinov hududda olib borilayotgan ishlar, yangi loyihalar hamda kelgusidagi rejalar haqida ma'lumotlar berdi.

Matbuot anjumani davomida jurnalist va blogerlarning savollari hamda takliflari tinglandi.

Sarvar Ziyayev

Ko‘proq yangiliklar: