O‘zbekistonda yana 20 ming adadda Mushafi sharif sotuvga chiqarildi

Jamiyat 17:12 / 02.12.2020 9425

Bugun, 2 dekabr kuni «Hilol nashr» nashriyot-matbaasida chop etilgan Mushafi sharifning yangi 20 ming adaddagi nashri butun O‘zbekiston bo‘ylab sotuvga chiqarildi.

Nashriyot mas'ul xodimining ma'lum qilishicha, bugun sotuvga chiqarilganlarini ham qo‘shib hisoblaganda, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda chop etilgan mushaflar soni jami 155 mingtaga yetgan.

Ulardan 80 mingtasi Dorus Salom nusxasi, 55 mingtasi Dorul G‘avsoniy nusxasi va 20 mingtasi Salsabil nusxasida chop etilgan. Bugun sotuvga chiqarilgan 20 ming adaddagi mushaflar ham Dorus Salom nusxasi asosida chop etilgan.

«20 ming adadda Dorus Salom nusxasi asosidagi mushaflarni sotuvga chiqardik. Bu mushaflar chetki qismida har 5 pora uchun, shuning pastki qismida har pora uchun alohida qizil belgilar qo‘yilgan. Bundan tashqari, har sahifada suralar nomi ham yozib chiqilgan», – deydi «Hilol nashr» bosh musahhihi G‘iyosiddin Yusuf.

Nashriyot vakillarining aytishicha, pandemiya munosabati bilan bu safar kitoblarning sotuvga chiqarilishi haqida oldindan e'lon berilmagan. Chunki avvalgi safarlar kabi katta navbatlar va ovoragarchiliklar yuzaga kelishi mumkin edi, deydi nashriyot xodimi.

Mushafi sharifning narxi 35 ming so‘m bo‘lib, 2 dekabr kuni ko‘pchilik kitobxonlarning talab va istaklarini e'tiborga olgan holda nashriyotning barcha do‘konlari 20:00gacha ishlashi ma'lum qilindi.

Ma'lum bo‘lishicha, «Hilol nashr» nashriyoti endi har 3 oyda yangi mushaflar chop qilib, taqdim qilishni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: