Qashqadaryoda uy-joy mulkdorlari shirkatlari tugatilyapti

O‘zbekiston 11:58 / 30.11.2020 14469

Qashqadaryo viloyatida uy-joy mulkdorlari shirkatlari tugatilmoqda. Bu haqda viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda yozilishicha, Qashqadaryoda jami 1903 ta ko‘p kvartirali uylar bo‘lib, ularga 161 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatadi. Shirkatlarga, umumiy joylar, mavjud kommunikatsiya tizimlari va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni yaxshi holatda saqlanishini nazorat qilish hamda ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish yuklatilganiga qaramasdan, ular o‘z vazifasini qoniqarli bajara olmagan. Oqibatda, viloyatdagi aksariyat ko‘p qavatli uylarni tom va yerto‘la qismi, kommunikatsiya tizimlari, bolalar maydonchalari hamda unga tutash hududlar og‘ir ahvolga tushib qolgan.

Bundan tashqari, shirkatlar ishonchni yo‘qotgani sababli aholi majburiy badallar va to‘lovlarni to‘lamay qo‘ygan. Shu tufayli aholining qarzdorligi 3,5 milliard so‘mdan oshib ketgan. Zarur mablag‘larning o‘z vaqtida yig‘ilmasligi shirkatlar tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifati yanada yomonlashishiga olib kelgan. Shirkatlar o‘z vazifasini to‘laqonli bajara olmagani uchun ko‘p qavatli uylarni ta'mirlash mahalliy budjet zimmasiga tushgan.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatidagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatishda, 2019 yil 7 noyabrda qabul qilingan «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonunida belgilangan tartibda aholi roziligi bilan Toshkent shahri Yunusobod tumanida joriy qilingan tajriba keng qo‘llaniladi. Birinchi navbatda, Qarshi shahridagi 694 ta ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatayotgan uy-joy mulkdorlari shirkatlari tugatilib, o‘rniga 10 ta boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etiladi. Bugungi kunda ushbu rejani amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborilgan. Ma'lum qilinishicha, ayni kunlarda hududlarda aholi bilan boshqaruv servis kompaniyalarini tashkil etish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: