«Bitta kompyuter o‘yini orqali o‘zbek paxtasi yoki UzAuto topadigan daromaddan ko‘pini topsa bo‘ladi» - 3D dizayner bilan suhbat

Business class 16:04 / 30.11.2020 136395

“Osmondagi bolalar” loyihasining ilk mehmoni Abdusattor Abdurahimov IT-tadbirkorlik ortidan O‘zbekistonda turib dollarda oylik olmoqda.

Abdusattor Abdurahimov 1994 yil 5 oktyabr kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2009 yil Bo‘stonliq tumanidagi 12-maktabni tamomlagan. 2012 yil Chirchiq shahar Tibbiyot kollejini tamomlagan. 

Hozirda jahon miqyosida 3D modeling bo‘yicha frilanser va IT tadbirkor. Faktorial IT MChJ rahbari.

Xo‘sh, uning muvaffaqiyat sirlari nimada? O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish imkoniyati bormi?

- Abdusattor Abdurahimov o‘zi kim?

- 26 yoshman. Ma'lumotim o‘rta: tibbiyot kollejini tamomlaganman. U yerni tugatgach, 1 yil davomida ish topolmay yurganman. So‘ng “Maksam-Chirchiq” zavodiga marketing bo‘yicha ishga kirganman. 1 yildan keyin menga Ma'sum Murodov tomonidan 3D Max (uch o‘lchamli modellash: animatsiya va kompyuter o‘yinlarini yaratish tahr.) o‘rganish taklifi tushgan. O‘sha kuni ishdan bo‘shash uchun ariza yozganman. So‘ng dadamga ishdan bo‘shaganimni aytmasdan yangi sohani o‘rganmoqchi ekanligimni aytganman. Dadam rozi bo‘lgan.

Bu qarorni birdan qabul qilishimga 3D Max’ga nisbatan kuchli mehrim sabab bo‘lgan. Kimdir menga bu sohani o‘rganishimga yordam berishi juda katta narsa edi. O‘rganish jarayonida juda qiynalganman, lekin hozir mehnatlarim o‘z natijasini bergan. 3D Max dasturlashni bir yil davomida o‘rganganman.

O‘zingiz yasagan 3D modellarni maxsus saytlar orqali sotish mumkinligini bilganman. Bitta model sizga yillar davomida daromad olib kelishi mumkin. Shundan keyin sohaning modellash yo‘nalishini tanlaganman va hozirgacha ishlab kelyapman.

- Modellashtirish nima?

- Modellashtirishning 2 xili bor. Birinchisi ishlab chiqaruvchilar uchun   ijod qilgan holda modellashtirish. Ular sizning modelingizga qarab ishlab chiqaradi. Yoki tayyor bo‘lgan mahsulot modelini yasab, uni inter'yer dizaynerlarga sotasiz. Masalan, inter'yer dizayneriga uy, ofis uchun jihozlar kerak. Biz unga shu jihozlarni yasab, internet platformaga joylaymiz. Ular bizdan buni 3-4 dollarga sotib olishadi.

 Interer dizaynerlik bilan modellashtirishning farqi shundaki, ular bizdan tayyor modellarni sotib olishadi va uy, ofisga o‘ziga xos dizayn tayyorlab beradi.

- 3D modellashtirish orqali “Malibu” avtomobilini olganingiz rostmi?

- Ha. Bir yil shu sohada ishlab sotib olganman. O‘sha paytlari endi ish boshlagan paytlarim bor edi. Hozir esa bundan ham ko‘proq daromad topsa bo‘ladi. Yuqorida aytganimdek, platformaga qo‘ygan modelim bir necha yillar davomida menga foyda olib kelishi mumkin. Men uxlagan vaqtimda Amerikada kunduzi bo‘ladi. Qaysidir mijoz mening mahsulotimni sotib olayotgan bo‘ladi. Shu sababli uxlagan vaqtimda ham daromad kelib turadi.

- Nima uchun O‘zbekistonda internet dizaynerlik yoki 3D modellashtirish rivojlanmayapti? Yoki rivojlanayotgan bo‘lsa, biz bilmayapmizmi?

- Rivojlanyapti. Hozir kim uy qurmoqchi bo‘lsa, uning inter'yer dizaynini qilishi kerak bo‘lmoqda. Biz, o‘zbeklar, uyning potolok qismini chiroyli qilishni yoqtiramiz. Usta biz xohlagandek chiqarib bermasa, uni buzib tashlolmaymiz. Shu sababli uy ichki ko‘rinishi qanday bo‘lishini oldindan ko‘rish uchun 3D modellashdan foydalanish juda zarur. Hozirda ko‘p qavatli uylar qurilishi avj olib ketgan. Uy egalari inter'yer dizayniga muhtoj, deb o‘ylayman. Chunki bu ortiqcha xarajatlardan saqlab qolgan bo‘ladi. Uyni oldindan ko‘rinishini uy egasi ko‘rmasa, usta u xohlagandek ko‘rinishni qilib bermasa, yana qaytadan qilishiga to‘g‘ri keladi va bu yana qo‘shimcha xarajatni talab etadi.

Abdusattor Abdurahimov

- Telegram orqali ham daromad topasiz. Bu haqida ham aytib aytsangiz.

- “Telegram”da IT-tadbirkorlikka oid bitta kanal ochdim. Ushbu kanaldan maqsad odamlarni internet orqali pul topishga o‘rgatishdir. Unga barcha soha, jumladan, dasturchi, fotograf, rassom, grafik dizayner, inter'yer dizayner, musiqachi va boshqalarga internet orqali daromad topish mumkinligini ochiqladim. Oyiga 180 ming dollar topadigan dizaynerlar bor. Ular Adobe Illustrator dasturida logotip yasab sotishadi. Shu kabi daromad topgan insonlar haqida ma'lumotlar berdik. Shundan keyin odamlar axborot texnologiyalari sohasiga qiziqa boshlashdi.

Shundan keyin reklama kela boshladi. Reklama olmadim, narxini qimmatroq qildim, lekin odamlar baribir ola boshlashdi. 1- 1,5 million so‘mdan reklamalar sotdik.

- Sizning ajoyib qobiliyatingiz bor: reklama qilasiz, lekin uning reklama ekanini hech kim bilmaydi.

- Bir kunda ketma-ket 6 ta reklama qo‘yganmiz. Har birining narxi 600 ming so‘mdan baholanadi.

- “Telegram”da kanal qilish bekorchilik emasmi?

- Yo‘q. O‘zim oldin shunaqa deb o‘ylardim. Bir yigit 50 mingta obunachisi borligini, shu “Telegram” kanaldan 300 dollar topishini aytdi. Shundan keyin “Telegram” kanal ochishga qiziqishim oshib ketdi. Kanallarim sonini ko‘paytirdim. Hozir bitta kanalimda 50 ming, boshqasida 230 mingta obunachilarim bor.

Ko‘pchilik so‘rashi mumkin: nima uchun 3D modellashtirishdan “Telegram” kanal biznesini yurityapman? Sababi o‘zim yaratgan modellarni reklama qilish uchun menga virtual maydoncha kerak edi. Hozir umumiy hisobda kanal va botlarimni hisoblaganda, 1 millionga yaqin obunachim bor. Bot va kanallarning hammasi ta'lim, ilmga mo‘ljallangan.

- Nima uchun aynan IT sohasini targ‘ib qilasiz?

- Bu soha orqali o‘zimning barcha moliyaviy muammolarimni yecha olganman. Bu soha hech qachon o‘lmaydi. Kelajakda ham eng talabgir kasblardan biri bo‘ladi. Eng muhimi, oylikka qarab qolmaysiz. Masalan, Google kompaniyasini “sindirib” bo‘lmaydi. Google Play dasturiga raqobatdosh bo‘lish uchun qaytadan telefon dasturlarini ishlab chiqish kerak. Umuman boshqacha yangi tizimni yaratish kerak.

- Bu yo‘lda qanday xatolarga yo‘l qo‘ydingiz?

- Ishga olgan xodimlarimga ishni taqsimlab berishda xatoga yo‘l qo‘yganman. Telegram kanalimga tekshirmasdan reklama berganman. Odamlar aldab ketgan. O‘rtada ancha pul yo‘qotganman. Hozir hammasining o‘rnini to‘ldirganman. Xatolarim menga keyingi ishlarimda muhim tajriba bo‘lib xizmat qilgan.

- Nima uchun siz ishlayotgan sohada o‘zbek yoshlari salmog‘i juda kam?

- Eng katta muammo ular o‘zlariga pul tikishdan qizg‘anishadi. 1.5 millionga inter'yer dizaynni o‘rgatadigan darslik tayyorlab, uni diskka yozib sotdik. Uni o‘zimiz 6 oy davomida tayyorladik. Keyin reklamasini berdik. Odamlar qimmat, deb nolishdi. Axir bu bilim orqali bitta zakaz olsangiz, kamida 200 dollar daromad olish mumkin-ku. Vaholanki, hozir o‘sha diskni sotib olganlar 3000-4000 dollar daromad topishyapti.  

- Hayotda diplomning o‘rni qanday? Oliy ta'lim kerakmi? 

- Aslida, kerak. Lekin bizning sharoitda O‘zbekistonda 4 yil umrni oliygohda o‘tkazishga qarshiman. 4 yilda 4 ta zamonaviy kasb: dasturlash, 3D modellashtirish, SMM, grafik dizayn. Menga diplom umuman kerak bo‘lmagan. Oliy ta'lim kerak, lekin diplom emas. Oliygoh inson 4 yil umrini o‘tkazishga arzigulik bo‘lishi kerak. Arxitektura yoki dasturlashda o‘qigan inson 3D Max’ni bilmasa, u qanday kadr bo‘lishi mumkin? Har bir inson o‘zi o‘qigan sohasida ishlab keta olishi o‘ziga bog‘liq. Agar u o‘z kasbidan daromad qilolmay boshqa yo‘ldan ketgan bo‘lsa, demak, bu uning aybi.

- O‘zbekistonda IT sohasida qanday muammolar bor?

- Davlat IT sohasini rivojlantiramiz deyapti, lekin aslida unday emas. Loyihalarga grant ajratilishi kerak. Multiplikatsiya sohasini rivojlantirish uchun alohida bitta katta markaz tashkil qilish, unga ancha mablag‘ ajratilishi, yosh dasturchilarni jalb etish haqida o‘ylash yo‘q. Yaxshi kadrlar ham deyarli yo‘q. Borlari O‘zbekistonni tark etgan. Davlat malakali kadrlarni ushlab qolish uchun grant ajratishi kerak. IT’ga qiziqadigan yoshlarni turli yo‘nalishlarda o‘qitib bitta katta jamoa shakllantirib, ularga barcha sharoit yaratilsa, juda katta daromadli loyihalarni amalga oshirsa bo‘ladi. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga ham qancha daromad olib keladi bu.

Bizda multiplikatsiyani rivojlantirishga mablag‘ sarflanadi. Aslida, soha rivojiga emas, kadrlarga pul tikish kerak. Ular shakllanishiga grant ajratilsa, keyin o‘zlari davlatga pul olib kelishadi.

Kadrlarga e'tibor va erkinlik berilsa, ularning amalga oshiradigan loyihalari orqali O‘zbekistonga qanchadan-qancha valuta kirib keladi. Bitta kompyuter o‘yini orqali o‘zbek paxtasi yoki UzAvto topadigan daromaddan ancha ko‘pini topsa bo‘ladi. Bizdagi 3D modellashtirish mutaxassislari xorijdagi multfilmlar animatsiyasini qila olishadi. Bunga kuchli jamoani shakllantirish kerak. Bundan avval ularni o‘qitish kerak. O‘qitish uchun pul kerak. Biz o‘zimiz o‘qitmoqchimiz. Lekin bunda joy muammosi bor. Yana qanchadan qancha muammolar bizni kutib turibdi. Eng katta muammolarimizdan biri internet masalasi. Hukumat buni hal qilishga bemalol qurbi yetadi. Bunga xohish bo‘lishi kerak.

Rossiyadan 5000 dollarga 3D printer sotib oldim. Uni O‘zbekistonga olib kirish uchun 1200 dollar bojxona to‘lovini to‘ladim. Rosa alam qildi. Men uni olib kirib birdaniga daromad qilmayman-ku. Uning funksiyasini o‘rganishim kerak. Bu birmuncha vaqtni talab etadi. O‘quvchilarimga o‘rgatmoqchi bo‘lib olib keldim. Jahlim chiqdi bundan. Hech bo‘lmasa hukumat shu joyda qo‘llab-quvvatlashini istardim.

- Ishsiz yoshlar ish topolmayotganiga sabab nima, deb o‘ylaysiz?

- Ota-ona aybi tufayli. Farzandiga o‘zi istagan sohani tanlashiga imkon berishmaydi. Dasturchilikka qiziqadigan bolaning ota-onasi uni Sharqshunoslik institutiga kirishini xohlaydi. U o‘sha joyga o‘qishga kiradi, lekin qiziqib o‘qimaydi. Keyin u yerni bitirib, ish topolmay qiynaladi.

Ko‘proq yangiliklar: