Turkmanistonda qog‘ozni tejash uchun bosma nashrlar birlashtiriladi

Jahon 21:09 / 27.11.2020 2115

Turkmanistonda 2021 yildan ayrim gazeta va jurnallar birlashtirilib, raqamli shaklga o‘tkaziladi, ularning qog‘ozli shakliga esa faqat pensionerlar obuna bo‘lishadi. Bu qog‘oz va mablag‘ni tejash hamda bir xil ma'lumotni chop etadigan nashrlarni qisqartirish uchun amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda ORIENT agentligi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov hukumat yig‘ilishida ushbu taklifni ma'qulladi va ommaviy axborot vositalarining elektron shaklga o‘tkazilishini tezlashtirish topshirig‘ini berdi, deb yozadi “Neytralniy Turkmenistan” gazetasi.  

ORIENT agentligining yozishicha, “mamlakatda chop etilayotgan gazeta va jurnallarning asosiy qismi elektron shaklga ham egaligi sababli ularning qog‘ozli shakli va mazmunan o‘xshashligi masalasi yuzaga chiqdi”. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, internet va mobil ilovalarning rivojlanishi bois gazeta o‘qish odamni charchatadi, ularning sotuvi tushib ketmoqda, reklama beruvchilar ham bosma nashrlardan internetga o‘tib ketishmoqda.

Shuning uchun hukumat mavzu jihatidan o‘xshash gazetalarni birlashtirishga qaror qildi. Xususan, “Mugallymlar gazeti” va “Türkmen dili” gazetalari tahririyatlari birlashtiriladi. Shuningdek, “Watan” va “Galkynyş” gazetalari birlashishi natijasida 120 tonna, “Diýar” va “Vozrojdeniye” jurnallari birlashishi tufayli yana 3,7 tonna qog‘oz tejaladi.

Bunda tahririyatlar xodimlari ishdan bo‘shatilmaydi.

Qo‘shimcha qilinishicha, gazeta va jurnallarning narxlari oshiriladi. 2021 yildan boshlab pensionerlardan boshqa barcha ularning elektron shakliga obuna bo‘lishi mumkin.

Ashxobod pochta bo‘limlari xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil uchun gazeta va jurnallarga yarim yillik elektron obuna narxi 60 manat (17 dollarga yaqin)ni tashkil etadi. Bunda obuna ulgurji – Turkmanistonda nashr etiladigan barcha gazeta va jurnallarga rasmiylashtiriladi. Bu – 21 ta markaziy va hududiy gazeta hamda 8 ta jurnal.

Barcha nashrlar bilan smartfon yoki kompyuterga o‘rnatiladigan maxsus ilova orqali tanishish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: