Qirg‘iziston hukumati qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilgan. Bu haqida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2020 yil 23 noyabr kuni Markaziy bankka yuborgan xatida ma'lum qilingan.
«Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublikasi hukumatining 2020 yil 19 noyabrdagi «Qirg‘iziston Respublikasidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga (eksportga) vaqtinchalik taqiq joriy etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.
Qarorga muvofiq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ayrim turlarini, shu jumladan, tirik qoramollar, qo‘y va echkilarni 6 oy muddat davomida eksport qilishga vaqtinchalik taqiq joriy qilingan», deyiladi qo‘mita xatida.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mazkur xatda xorijiy hamkorlarga to‘lovni amalga oshirmaslik haqida tijorat banklarini ogohlantirgan.
«Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda iqtisodiy muammolar va kutilmagan zararlarning oldini olishda ko‘maklashish maqsadida Qirg‘iziston Respublikasidan qaror ilovasida keltirilgan chorvachilik tovarlarini, shu jumladan, qoramol, qo‘y va echkilarni olib kelish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari tomonidan imzolangan import shartnomalarga muvofiq xorijiy hamkorlarga to‘lovlarni amalga oshirmaslik bo‘yicha respublikada faoliyat yuritayotgan tijorat banklariga tegishli ko‘rsatmalar berilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz», deya tijorat banklarini ogohlantirgan qo‘mita.
Bundan avvalroq, Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati 26 noyabr kunidan boshlab Rossiya Federatsiyasiga O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati hududidan pomidor va qalampir olib kirishni taqiqlayotgani xabar qilingandi.