Bekobod tuman prokurori va tuman ma'muriy sudining adolatsiz va g‘ayriqonuniy qarorlari ortidan yosh tadbirkorning auksionda sotib olgan yer uchastkasi hokimlik zaxirasiga qaytarilgan edi.
Prokuror ma'muriy sudning mazkur qaroriga asoslanib, qurilmalarni tadbirkor hisobidan majburiy tartibda buzish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudiga ham ariza kiritgandi. Sud prokurorning bu da'vo arizasini ham qanoatlantirib, binoni majburiy buzish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi. Sud jarayonlari Oliy sudda hali ko‘rib chiqilmay turib, tadbirkor qariyb 200 million sarflab qurgan bino-inshoot ayovsiz buzib tashlandi.
Ma'muriy sudning yer uchastkasini hokimlik zaxirasiga qaytarish va auksion bayonnomasini haqiqiy emas deb topilishiga olib kelgan qarori joriy yil 3 sentyabr kuni Oliy sudda bekor bo‘ldi.
Shundan so‘ng, tadbirkor yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishni qayta ko‘rib chiqishni so‘rab, Bekobod tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritdi. Mazkur ariza shu sudning joriy yil 19 oktyabrdagi ajrimi bilan qanoatlantirilib, 2020 yil 17 martdagi (tadbirkor qurgan binoni majburiy buzish to‘g‘risida) hal qiluv qarori bekor qilinadi va ish umumiy asoslarda ko‘rilishi belgilanadi.
Joriy yilning 9 noyabr kuni ishni umumiy asoslar bo‘yicha ko‘rib chiqqan FIB Bekobod tumanlararo sudi sudyasi D.Ergashev prokurorning G‘.Xudoyberdiyevga nisbatan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmani buzdirish va yer maydonini davlat tasarrufiga qaytarish haqidagi da'vo arizasini qanoatlantirishdan rad qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi.
Shu yerda ertak nihoyasiga yetishi, tadbirkor qonuniy tarzda sotib olgan yer uchastkasiga egalik qilishi mumkin edi.
Ammo, Bekobod prokuraturasi bu «jang»ni mag‘lub holda yakunlagisi yo‘q. Prokuror hal qiluv qarori chiqqanidan bir hafta o‘tib uning ustidan FIB Toshkent viloyat sudiga apellyatsiya tartibida protest kiritdi.
E'tiborlisi, Bekobod tuman prokurori D.Abdurahmonov boshlab bergan bu «yurish»ni tuman prokurori vazifasini bajaruvchi F.Yu.Mirzayev davom ettirmoqda.
Hozircha bu vaziyatga nisbatan na viloyat prokuraturasi va na Bosh prokuratura munosabat bildirgani yo‘q.
Darvoqe, prokurorning o‘sha eski talab bilan, aniqrog‘i hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida qaytadan kiritgan arizasi ayni paytda tuman ma'muriy sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Kuzatishda davom etamiz.
Alisher Ro‘zioxunov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.
Keys yuzasidan voqealar rivoji bilan ushbu maqolalar orqali tanishing: