Davlat bog‘chalariga navbatga qo‘yishda imtiyoz beriladigan bolalar toifalari qisqartirilishi mumkin

Jamiyat 21:51 / 25.11.2020 4860

O‘zbekistonda davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga navbatda turishda imtiyoz beriladigan bolalar toifasi qisqarishi mumkin. Bu haqda adliya vaziri Ruslan Davletov Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Xalq bilan muloqot» guruhida bo‘lib o‘tgan onlayn muloqotda ma'lum qildi.

Adliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilishdagi imtiyozlar asossiz ravishda ko‘p hamda bunga chek qo‘yish maqsadida hukumatga tegishli qaror loyihasi kiritilgan. Ushbu loyihada imtiyoz faqat nogiron bo‘lgan shaxslarning bolalariga va yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarga berilishi nazarda tutilgan.

Ma'lumot uchun, amaldagi tartibga ko‘ra, davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga navbatga qo‘yilishda quyidagi toifadagi bolalar ustunlikka ega:

  • nogiron bo‘lgan shaxslarning bolalari;
  • uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning bolalari;
  • harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari;
  • talabalar va pedagoglarning bolalari;
  • yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
  • boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar;
  • akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar.
Ko‘proq yangiliklar: