Xitoy qurilmasi 44 yil ichida birinchi marta Oydan tuproq namunasi olib keladi  

Jahon 09:00 / 24.11.2020 4376

Xitoyning “Chanchjen-5” raketasi “Chan'e-5” zondini orbitaga chiqardi. Zond Xitoy kosmonavtikasi tarixida birinchi marta Yerga Oy tuprog‘i namunasini yetkazadi

Raketa Xaynan orolidagi “Venchan” kosmodromidan Toshkent vaqti bilan 24 noyabr soat 1.30da uchirildi. Stansiya missiya doirasida Oyning yorug‘ tomoni g‘arbiy qismida joylashgan Bo‘ronlar okeanida qo‘nib, 2 kg.ga yaqin tuproq namunasi olib, Yerga qaytishi kerak. Missiya 23 kun davom etadi.     

Zondni Oyga 29 noyabrda qo‘ndirish rejalashtirilgan. Agar missiya muvaffaqiyatli amalga oshsa, Xitoy Oy sirtidan geologik namunalarni Yerga yetkazgan 44 yil ichidagi birinchi, Rossiya hamda AQShdan keyin buni amalga oshira olgan tarixdagi uchinchi davlat bo‘ladi. Sobiq ittifoqning “Luna” missiyasi doirasida 1970-1976 yillar davomida Yerga 326 gramm, AQShning “Apollon” missiyasi doirasida esa 391 gramm Oy tuprog‘i yetkazilgan.

Xitoy qurilmasi Oyda qachon vulqon faolligi to‘xtagani va magnit maydoni yo‘qolgani haqidagi savolga javob berishda yordam berishi kutilmoqda.

8,2 tonnalik zond 4 ta moduldan iborat bo‘lib, ular Oyga qo‘nish, Oy sirtida ikki metrgacha chuqurlik burg‘ilab, undan tuproq olish, olingan tuproq bilan Oy sirtidan ko‘tarilish va orbital modulga tutashish uchun mo‘ljallangan. So‘ngra orbital modul Oydan olingan namuna bilan Yerga qaytadi. Uni 15-16 dekabrda Xitoy shimolida qo‘ndirish rejalashtirilgan.   

Hozirda Xitoy o‘z milliy koinot dasturini faol rivojlantirmoqda. Xitoy oxirgi 2 yil davomida fazoviy parvozlar soni bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. Jumladan, mamlakat 2030 yilgacha Oyga fazogirlarni jo‘natishni hamda keyinchalik unda o‘z bazasini qurishni rejalashtirmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: