«O‘zbekiston prezidenti va Tashqi ishlar vazirligidan yordam so‘rayman, menga yordam beringlar. Hayotim xavf ostida», — deya boshlangan uning video murojaati.
Murodjonning aytishicha, ish beruvchi so‘nggi paytlarda o‘zini nomunosib tutib, mehnat shartnomasiga amal qilmay, ish haqini bermay qo‘ygan. Tegishli shaxsga oid hujjatlari olib qo‘yilgan Murodjon jismoniy xavf yetkazish bilan qo‘rqitilgan.
«2 yildan buyon qo‘lida ishlab turgan odamim oxirgi paytda o‘zini odamlarcha tutmayapti. Hayotimga tajovuz qilyapti. Har bir daqiqada o‘ldirishi mumkin. Yonida pistolet, pichoq yuradi. Shuning uchun, iltimos, yordam so‘rayman», — degan u.
«O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunning 4 moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi o‘z fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni O‘zbekiston Respublikasi hududida hamda uning hududidan tashqarida amalga oshiradi. Shu tufayli Murodjon qonuniy huquqlarini himoya qilinishi vajidan, hujjatlarini qaytarib olish uchun konsullik va tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasidan ko‘mak so‘rab, murojaat qilgan.
«Sankt-Peterburg shahridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga (vakolatxonasi – tahr.) murojaat qildim. Vaziyatimdan kelib chiqib, menga yordam berishdi. Barcha hujjatlarimni o‘z qo‘limga oldim», — deydi Murodjon keyinroq yo‘llagan video murojaatida.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining konsullik bo‘limlari ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilangan.
Tashqi ishlar vazirligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Murodjon ayni paytda xavfsiz boshpanaga ko‘chirilgan. Uning vatanga qaytarilishi masalasi tez orada ijobiy yechim topishi kutilmoqda.
Avvalroq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridan 7 nafar, Moskva shahridan 15 nafar qiyin ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini charter reys orqali vatanga olib kelingani haqida xabar berilgandi.
24 noyabr kuni agentlik rasmiy manbalarida ana shunday toifadagi fuqarolardan yana Yekaterinburgdan 1 nafari, Qozondan 2 nafari, Moskvadan 2 nafari, Boshqirdistondan 5 nafari, Sankt-Peterburgdan 7 nafari charter reys orqali O‘zbekistonga olib kelingani xabar berildi.
Ta'kidlash joiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Xalqaro migratsiya tashkiloti va mamlakatimizning Moskva shahridagi elchixonasi ko‘magida olib kelinayotgan yurtdoshlarimiz asosan, kasalmand, homilador va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar toifasiga kiradi.